Tarixiy yodgorliklarga zarar yetkazganlar jazosini oladi

    Toshkent shahri Chilonzor tumanidagi Abdulqosim Eshon madrasasi ichki qismiga oʻzboshimchalik bilan hojatxona qurib olindi.

    Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

    “U.M.” jamoat fondi mansabdor shaxslari tomonidan Chilonzor tumanidagi XVI asrga oid Abdulqosim Eshon madrasasi arxitektura yodgorligi ichki qismiga oʻzboshimchalik bilan hojatxona qurib olingan. Prokuratura organlari tomonidan Madaniy meros agentligi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan nazorat tadbirlarida Fond hech qanday ruxsatsiz kommunikatsiya tarmoqlari oʻtkazilgani ham ayon boʻldi. Oqibatida yodgorlikka 65,6 mln soʻm zarar yetkazilgan.

    Bu kabi holat Namangan hamda Andijon viloyatlarida ham kuzatilgan. Xususan, Namangan shahridagi XIX asrga oid “Sirli masjid” arxitektura yodgorligining qadimiy ganchkor uslubdagi kirish darvozasi va minorasi MCHJ rahbari O.A. va boshqalar tomonidan toʻliq buzib tashlanib, tarixiy yodgorlikka 554,4 mln soʻm zarar yetkazilgan.

    Fuqaro M.K. tomonidan Andijon shahridagi XX asrga oid Yunusxoji masjidi arxitektura yodgorligining 113,7 m3 qismi buzib yuborilib, yodgorlikka 801,5 mln soʻmlik zarar yetkazilgani aniqlandi.

    Aniqlangan holat yuzasidan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.