O'rganishlar davomida oqova suvlarini chiqarishga mo'ljallangan ariqlar ta'mirtalab ahvolga kelib qolganligi sababli yomg'ir suvlari muzey hovlisida uzoq vaqt turib qolishi hamda muzey tarixiy binosida texnik o'zgarishlar hosil bo'lib, peshtoqi yorilgani aniqlangan.

Aniqlangan kamchiliklar tegishli soha mutaxassislari bilan birgalikda har tomonlama o'rganilib, oqova suv bilan bog'liq muammolarni bartaraf etish bo'yicha quyidagi ishlar amalga oshirildi:

– muzey hovlisida 210 m. oqova suv ariqlari tozalanib, shundan 60 m. qismi qayta ta'mirlandi;

– oqova suv ariqlariga o'lchami 150 sm. bo'lgan 15 m. yangi suv quvurlari va 45 m. suv lotoklari o'rnatilib, markaziy oqova suv tarmog'iga ulandi;

– ariqlarning yo'laklar bilan tutashgan joylari 10 m. beton plitalar bilan qoplandi.

Shuningdek, muzey binosi peshtoqining 4 m2. qismidagi yorilgan g'ishtlar orasi maxsus qorishma bilan to'ldirilib, binoning asl holatiga zarar yetkazmagan holda ta'mirlandi.

Tarixiy binoning asl holatini saqlash maqsadida peshtoqdagi ravoqning ko'chib tushgan qismi ganchkor ustalar tomonidan asl holatda tiklanib, restavratsiya qilindi.

Bundan tashqari, muzeyning hovlisi obodonlashtirilib, 76 tup daraxtlar oqlandi, qurigan shoxlari kesilib, shakl berildi hamda yordamchi binolar fasad qismi ta'mirlandi.

Ma'lumot uchun: muzey italiyalik arxitektor Ye.Nelli loyihasi asosida XX asr me'morchiligining eklektik uslubida 1902 - 1916 -yillar davomida savdogar Abraam Isakovich Kalontarovning shaxsiy mablag'lari hisobidan qurilgan.