Yurtimizda ushbu haqiqatni chuqur his etgan, tosh va bronzadan inson qiyofasini jonlantira olgan sanʼat ustalaridan biri — Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi akademigi, sanʼat arbobi, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi Ilhom Jabborovdir.
Toshkent, Samarqand va Shahrisabz shaharlaridagi Amir Temur, Fargʻonadagi Ahmad Fargʻoniy, Urganchdagi Jaloliddin Manguberdi, Buxorodagi “Koʻhna va boqiy Buxoro” majmuasi, poytaxtimizdagi “Ezgulik” stelasi, “Mustaqillik” monumenti, Xotira maydonidagi “Motamsaro ona”, “Baxtiyor ona” hamda Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov haykallari aynan Ilhom Jabborov muallifligida yaratilgan monumental asarlar sirasiga kiradi.
Mohir haykaltarosh Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi, Ahmad Fargʻoniy kabi buyuk shaxslarning siymosini nafaqat shunchaki hukmdor yoki olim, balki millatni ezgulikka, adolat va farovonlikka yetaklagan kuchli iroda egalari sifatida gavdalantira olgan. Birgina Amir Temur haykali qiyofasida iroda, salobat, kuch va qatʼiyat hamda insonparvarlik xislatlari namoyon boʻlganday taassurot uygʻotadi. Yurtimizda Ilhom Jabborov yasagan haykallarni koʻrgan, ammo muallif shaxsi, ijodi va boshqa asarlari haqida yetarli maʼlumotga ega boʻlmagan zamondoshlarimiz ham topiladi. Shu bois, bu borada toʻliqroq maʼlumot berishga harakat qilamiz.
* * *
Ilhom Jabborov oʻz sohasida mahobatli va dastgohli haykaltaroshlik maktabini yaratgan, tarix sahifalarini muvozanat bilan bayon etgan usta haykaltaroshlardan. Otasi Jabbor ota va onasi Rizvon aya asli Namangan viloyati Chust tumanining Olmos qishlogʻida yashagan. Yillar oʻtib, taqdir taqozosi bilan oila Toshkent viloyatining Oʻrta Chirchiq tumaniga koʻchib kelgan.
Bu yil 80 yoshni qarshi olgan taniqli haykaltarosh 1945-yil 30-iyunda Oʻrta Chirchiq tumanidagi Toʻqay qishlogʻida tugʻilgan. Qishlogʻidagi 8 yillik maktabni bitirganidan soʻng 1961-yilda poytaxtga kelib, Respublika rassomlik bilim yurtida tahsil oladi. Oʻqishni tamomlagach, yoʻllanma bilan Namangan teatriga ishga boradi. 1966-yilda bilimini yanada takomillashtirish maqsadida Toshkent teatr va rassomlik sanʼati institutining haykaltaroshlik fakultetiga oʻqishga kiradi.
Ilhom Jabborov besh yil davomida taniqli haykaltarosh Anvar Ahmedov kabi ustozlardan saboq olib, bilimini mustahkamlaydi. Institutdagi taʼlim uning ijod yoʻlida sanʼatning nazariy va amaliy tomonlarini oʻrganishda mustahkam poydevor vazifasini oʻtadi. U 1995-yilda oʻzi taʼlim olgan Respublika rassomlik bilim yurtida ish boshlaydi. 1997-yildan esa Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida haykaltaroshlik ustaxonasi rahbari hamda olim sifatida faoliyatini davom ettiradi.
1997-yilda Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi akademigi etib saylanishi Ilhom Jabborov shaxsining eʼtirofi boʻldi. U faoliyatini nafaqat shaxsiy ijodiy yoʻl, balki yurtimizning madaniy merosini avloddan avlodga yetkazuvchi vazifa sifatida koʻra bildi va yillar davomida Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida yoshlarga ustozlik qilib keldi.
Haykaltaroshning erkin va barakali ijod qilishida, shubhasiz, umr yoʻldoshining ham hissasi katta. Taniqli haykaltaroshning rafiqasi Tatyana opa — teatrshunos. Ular 57 yildan buyon farzandlari va nevaralari davrasida bagʻributunlikda hayot kechirmoqda. Qizlari Leyla va Nafisa ham tasviriy va amaliy sanʼatga bolaligidanoq mehr qoʻygan. Shu bois, ular ham otasi singari sanʼatning badiiy rangtasvir yoʻnalishida faoliyat yuritmoqda. Bugun ular koʻplab xalqaro tanlovlarda muvaffaqiyatli ishtirok etib, gʻoliblikni qoʻlga kiritmoqda.
— Har bir millatning dunyodagi qiyofasi, avvalo, uning madaniyati, sanʼati va maʼnaviy mohiyatida namoyon boʻladi, — deydi Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi raisi, xalq rassomi Akmal Nuriddinov. — Ayniqsa, haykaltaroshlik millat xotirasini toshga, bronzaga muhrlash imkoniyati bilan boshqa sanʼat turlaridan keskin ajralib turadi. Haykaltaroshlik inson vujudini tosh orqali shakllantirish sanʼatidir. Ilhom Jabborov oʻzbek realistik haykaltaroshligini yaratgan murabbiylar safida turadi. Bu maktabning asosiy qoidalaridan biri inson qiyofasi orqali millat qiyofasini ifoda qilishdan iborat.
Ilhom aka bir necha yirik va jamoatchilikka moʻljallangan haykallarga mualliflik qilgan. U yasagan timsollar jamiyat, tarix, sanʼat va madaniyatimizga xizmat qiluvchi muhim manbadir. Uning tasviriy sanʼatdagi oʻrni haykaltaroshlikning zamonaviy bosqi chini belgilab bergan ijodkor sifatida benihoya muhim. Ustozning sanʼati xalq bilan soʻzlashadi, millatning oʻtmishi haqida hikoya qiladi va kelajakka ishonch uygʻotadi.
Shu maʼnoda, Ilhom Jabborov ijodi milliy madaniy xotirani tiklovchi, inson qiyofasida xalq ruhini gavdalantiruvchi, plastik obraz orqali maʼnaviy teranlikka boshlovchi yutuqlar majmuasidir. Yaratgan asarlari kelajak avlodning estetik va maʼnaviy tafakkurini yuksaltirishga xizmat qiladi.
— Haykaltarosh qoʻliga tushgan toshni sayqallar ekan, unga shunchaki jonsiz bir jism deb qaramasligi kerak, — deydi Ilhom Jabborov. — Agar haykaltarosh toshni oʻz his-tuygʻulari va fikrlari bilan uygʻunlashtirib, nafas oluvchi timsolga aylantira olmasa, hech qachon inson yuragidan joy oluvchi yaxshi asar yaratolmaydi. Men deyarli 50 yildan ziyod vaqt mobaynida haykaltaroshlikni faqat tasvirlash emas, balki odamni, millatni, tarixni tushunish sanʼati sifatida koʻrib, ijod qilib keldim. Shuning uchun ham faoliyatim davomidagi barcha ishlarim izlanish, mashaqqatli mehnat va uyqusiz tunlar hisobiga yaratilgan ijod mahsulidir.
1972-1973-yillarda ikki yillik harbiy xizmatni Rossiyaning qorli oʻrmonlarida oʻtaganman. Uyga qaytishdan oldinroq Tayga oʻrmonlaridagina oʻsadigan noyob daraxtning toʻnkasini uyga joʻnatib yuborgan edim. Yurtga qaytgach, oʻsha yogʻochga ishlov berib, ilk sanʼat asarimni yaratganman va buni ayolim Tatyanaga bagʻishlaganman. Ushbu asar keyingi ijodimga mustahkam poydevor boʻldi va aynan oʻsha ish uchun bronza medalga sazovor boʻldim.
Ijodimning yuksak choʻqqisi boʻlgan Amir Temur haykali tarixning shijoatli va ulugʻvor koʻrinishidir. Amir Temur haykalini yaratish jarayonida ham koʻp muhokamalar boʻlgan. Oddiy qilichdan tortib, minib turgan otini yasashgacha boʻlgan jarayon haqida fikrlashganmiz. Natijada haykal yanada mukammal koʻrinishga kelgan. Haykalni tayyorlashga kirishishdan avval Amir Temurning hayoti, xarakteri va faoliyatini ochib beruvchi koʻplab kitoblarni mutolaa qildim, Ibn Arabshoh va boshqa tarixchi olimlarning manbalari bilan tanishib, oʻrganib chiqdim.
Shuning uchun ham sarkarda salobati haykalning har bir chizigʻi va muvozanatida aks etdi. Jiyanim, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Komil Jabborov bilan birga bir yarim oy qattiq ishlab, haykalni aytilgan muddatda, yaʼni Mustaqillik bayramigacha bitirib topshirdik. Bu paytda tunlari deyarli uxlamadik. Chunki vaqtimiz juda kam, ish esa ogʻir edi, hatto oyoqlarimiz shishib ketardi. Navbat bilan yarim soatdan uxlab, yana ishni davom ettirar edik. Zero, bildirilgan ishonchni oqlashimiz kerak edi. Dastlab gips variantini yasab, Amir Temur xiyobonida oʻrnatganmiz. Lekin uning kamchiliklari koʻp edi va buni soha egasi sifatida faqat oʻzimiz bilardik.
Bu kamchiliklarni toʻgʻrilash uchun jiyanim bilan yana ishga kirishib ketdik. Oʻtgan vaqt oraligʻida haykalga va tagidagi toshga qoʻshimcha ishlov berib, uni 2 metr balandlikka koʻtardik. Bir yil davomida tasavvurimdagi haqiqiy haykalni yaratdim. Shu sababli bronzadan quyilgan haykal bugungacha oʻz nomi bilan ataluvchi xiyobon oʻrtasida viqor bilan qad rostlab turibdi. Sohibqironning yuqori koʻtarilgan oʻng qoʻlini hozirgi holatga keltirish qiyin kechgan. Qoʻlni unday qilsam ham, bunday qilsam ham hech oʻxshamasdi. Soʻngra shu koʻrinishni ishlaganmiz. Aslida, chap qoʻlida otning jilovini tortib, oʻng qoʻlini koʻkka koʻtarib turishida ham oʻziga xos maʼno bor. Shu tariqa 1993-yilda Amir Temur haykali bunyod boʻldi.
Ilhom Jabborov oʻz ijodi bilan inson qadri, oʻtmishi va milliy gʻururni yuqori maqomga koʻtara olgan salohiyatli ijodkor. Shu bois, har bir asari nafaqat badiiy mahorat ifodasi, balki xalq ruhiyatining tarjimoni hamdir. Garchi haykallar toshdan yasalgan boʻlsa-da, uni koʻrgan, tomosha qilgan odam borki, toshda tana ruhini his qilganday boʻladi.
2016-yil 2-dekabrda Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov siymosi tasvirlangan haykalni yaratish boʻyicha eng yaxshi loyihalar xalqaro tanlovida ham Ilhom Jabborov gʻolib boʻldi. Tanlovda Oʻzbekiston, Turkmaniston, Ukraina, Janubiy Koreya, Italiya, Germaniya va Avstraliyadan 58 haykaltarosh tomonidan taqdim etilgan 68 loyiha namoyish etildi.
Sanʼat, madaniyat, adabiyot va arxitektura sohasining yirik namoyandalaridan iborat 11 kishilik maxsus hayʼat aʼzolariga Ilhom Jabborov yaratgan loyiha maʼqul keldi va u tanlov gʻolibi deb eʼlon qilindi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ijodkorning mehnatlarini ulugʻlab, “Malibu” rusumli avtomashina bilan taqdirladi. 80 yoshni qarshi olgan haykaltarosh sovgʻa qilingan mashina haqida gʻururlanib, “Alloh umr bersa, bu mashinani hali koʻp yillar haydab, ijodiy ishlarimni kuchim va imkonim yetgunicha davom ettiraman. Axir bu men uchun juda qadrli mashina, Prezidentimiz sovgʻasi-da”, deydi.
— Bakalavriatda 4 yil, magistraturada 2 yil ustozning qoʻlida tahsil olganman. Shundan beri oʻtgan necha oʻn yillardan buyon u bilan hamkorlik qilib kelyapman, — deydi Ilhom Jabborovning shogirdi Shohrux Oʻrozov. — Aytganlarini jon qulogʻim bilan tinglab, amalda qoʻllar ekanman, Yaratgan menga ham yuksak isteʼdod sohibining sof va nurli yoʻlini bersin, deya niyat qilaman. Haykaltarosh boʻlib shakllanishimda ustozning mehnati katta. “Yangi Oʻzbekiston” bogʻidagi koʻplab haykallarni garchi men yasagan boʻlsam-da, Ilhom Jabborov yonimda turib, har bir detalga oʻz fikrini bildirib, maslahat berib turgan.
Ustozni faqat iqtidorli haykaltarosh deb emas, balki mehnatkash, qoʻli gul bogʻbon deb ham taʼriflash mumkin. Oʻrta Chirchiqdagi dala hovlisini juda goʻzal boqqa aylantirgan. Koʻrsangiz, ketgingiz kelmaydi. Turfarang gullar, eng sara mevali daraxtlar orasida oʻzingizni ertaknamo chamanzorda yurgandek his qilasiz. Bu bogʻ biz — shogirdlar uchun ham ijod maydoni, ham ilhom manbaidir. Berilgan yuksak unvonlar mashaqqatli mehnatning samarasi, goʻzal eʼtirofidir. Bundan ham muhimi xalqning, hamkasblarning va shogirdlarning ustoz ijodiga samimiy muhabbati va ehtiromidir. “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi” sifatida eʼtirof etilishi ijodkorning mehnati nechogʻliq qadrlanganini koʻrsatadi. Ustoz yasagan haykallar bugun koʻngil orom oladigan koʻrkam goʻshalarda qad rostlab turibdi. Har bir yirik yodgorlik atrofida odamlar toʻplanadi, suratga tushadi, bolalar qiziqib savol beradi.
Ilhom Jabborov bilan suhbatlashar ekanmiz, isteʼdodli haykaltaroshni millatning tarixiy xotirasini shaklga keltirgan, unga maʼno va jon berayotgan muhandis sifatida qayta kashf etdik. U shunchaki haykaltarosh emas, tarixni toshga oʻygan bunyodkor, ona ruhini chiziqlarda jonlantirgan musavvir, milliy gʻururni obrazga aylantirgan mahoratli sanʼatkordir. Yaratgan asarlari yurtimizning badiiy qiyofasini boyitibgina qolmay, xalq armoni va orzusining betakror talqini sifatida ham qadrlanadi. Shu jihatdan biz uni faqat haykaltarosh emas, tasviriy va amaliy sanʼatning maʼnaviy posboni, xalqimizning madaniy xotirasini shaklga soluvchi meʼmor deya faxrlanamiz.
Gulichehra DURDIYEVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri