Yurtimizda ushbu haqiqatni chuqur his etgan, tosh va bronzadan inson qiyofasini jonlantira olgan sanʼat ustalaridan biri — Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi akademigi, sanʼat arbobi, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi Ilhom Jabborovdir.

Toshkent, Samarqand va Shahrisabz shahar­laridagi Amir Temur, Fargʻonadagi Ahmad Fargʻoniy, Urganchdagi Jaloliddin Man­guberdi, Buxorodagi “Koʻhna va boqiy Buxo­ro” majmuasi, poytaxtimizdagi “Ezgulik” stelasi, “Mustaqillik” monumenti, Xotira maydonidagi “Motamsaro ona”, “Baxtiyor ona” hamda Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov haykallari aynan Ilhom Jabborov muallifligida yaratilgan monumental asar­lar sirasiga kiradi.

Mohir haykaltarosh Amir Temur, Jalo­liddin Manguberdi, Ahmad Fargʻoniy kabi buyuk shaxslarning siymosini nafaqat shun­chaki hukmdor yoki olim, balki millatni ez­gulikka, adolat va farovonlikka yetaklagan kuchli iroda egalari sifatida gavdalantira olgan. Birgina Amir Temur haykali qiyofa­sida iroda, salobat, kuch va qatʼiyat hamda insonparvarlik xislatlari namoyon boʻlgan­day taassurot uygʻotadi. Yurtimizda Ilhom Jabborov yasagan haykallarni koʻrgan, ammo muallif shaxsi, ijodi va boshqa asarlari haqida yetarli maʼlumotga ega boʻlmagan za­mondoshlarimiz ham topiladi. Shu bois, bu borada toʻliqroq maʼlumot berishga harakat qilamiz.

* * *

Ilhom Jabborov oʻz sohasida mahobat­li va dastgohli haykaltaroshlik maktabi­ni yaratgan, tarix sahifalarini muvozanat bilan bayon etgan usta haykaltaroshlardan. Otasi Jabbor ota va onasi Rizvon aya asli Namangan viloyati Chust tumanining Olmos qishlogʻida yashagan. Yillar oʻtib, taqdir taqozosi bilan oila Toshkent viloyatining Oʻrta Chirchiq tumaniga koʻchib kelgan.

Bu yil 80 yoshni qarshi olgan taniqli haykaltarosh 1945-yil 30-iyunda Oʻrta Chir­chiq tumanidagi Toʻqay qishlogʻida tugʻilgan. Qishlogʻidagi 8 yillik maktabni bitir­ganidan soʻng 1961-yilda poytaxtga kelib, Respublika rassomlik bilim yurtida tahsil oladi. Oʻqishni tamomlagach, yoʻllanma bilan Namangan teatriga ishga boradi. 1966-yilda bilimini yanada takomillashtirish maqsadi­da Toshkent teatr va rassomlik sanʼati ins­titutining haykaltaroshlik fakultetiga oʻqishga kiradi.

Ilhom Jabborov besh yil davomida ta­niqli haykaltarosh Anvar Ahmedov kabi ustozlardan saboq olib, bilimini mustah­kamlaydi. Institutdagi taʼlim uning ijod yoʻlida sanʼatning nazariy va amaliy to­monlarini oʻrganishda mustahkam poydevor vazifasini oʻtadi. U 1995-yilda oʻzi taʼlim olgan Respublika rassomlik bilim yurtida ish boshlaydi. 1997-yildan esa Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va di­zayn institutida haykaltaroshlik ustaxona­si rahbari hamda olim sifatida faoliyatini davom ettiradi.

1997-yilda Oʻzbekiston Badiiy akade­miyasi akademigi etib saylanishi Ilhom Jabborov shaxsining eʼtirofi boʻldi. U faoliyatini nafaqat shaxsiy ijodiy yoʻl, balki yurtimizning madaniy merosini av­loddan avlodga yetkazuvchi vazifa sifatida koʻra bildi va yillar davomida Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va di­zayn institutida yoshlarga ustozlik qilib keldi.

Haykaltaroshning erkin va barakali ijod qilishida, shubhasiz, umr yoʻldoshining ham hissasi katta. Taniqli haykaltaroshning rafiqasi Tatyana opa — teatrshunos. Ular 57 yildan buyon farzandlari va nevaralari davrasida bagʻributunlikda hayot kechirmoq­da. Qizlari Leyla va Nafisa ham tasviriy va amaliy sanʼatga bolaligidanoq mehr qoʻy­gan. Shu bois, ular ham otasi singari sanʼ­atning badiiy rangtasvir yoʻnalishida fao­liyat yuritmoqda. Bugun ular koʻplab xalqaro tanlovlarda muvaffaqiyatli ishtirok etib, gʻoliblikni qoʻlga kiritmoqda.

— Har bir millatning dunyodagi qiyofa­si, avvalo, uning madaniyati, sanʼati va maʼ­naviy mohiyatida namoyon boʻladi, — deydi Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi raisi, xalq rassomi Akmal Nuriddinov. — Ayniqsa, haykaltaroshlik millat xotirasini toshga, bronzaga muhrlash imkoniyati bilan boshqa sanʼat turlaridan keskin ajralib tura­di. Haykaltaroshlik inson vujudini tosh orqali shakllantirish sanʼatidir. Ilhom Jabborov oʻzbek realistik haykaltaroshli­gini yaratgan murabbiylar safida turadi. Bu maktabning asosiy qoidalaridan biri inson qiyofasi orqali millat qiyofasini ifoda qi­lishdan iborat.

Ilhom aka bir necha yirik va jamoatchi­likka moʻljallangan haykallarga mualliflik qilgan. U yasagan timsollar jamiyat, tarix, sanʼat va madaniyatimizga xizmat qiluvchi muhim manbadir. Uning tasviriy sanʼatdagi oʻrni haykaltaroshlikning zamonaviy bosqi­ chini belgilab bergan ijodkor sifatida be­nihoya muhim. Ustozning sanʼati xalq bilan soʻzlashadi, millatning oʻtmishi haqida hikoya qiladi va kelajakka ishonch uygʻotadi.

Shu maʼnoda, Ilhom Jabborov ijodi milliy madaniy xotirani tiklovchi, inson qiyofasida xalq ruhini gavdalantiruvchi, plastik obraz orqali maʼnaviy teranlikka boshlovchi yutuqlar majmuasidir. Yaratgan asarlari kelajak avlodning estetik va maʼ­naviy tafakkurini yuksaltirishga xizmat qiladi.

— Haykaltarosh qoʻliga tushgan toshni sayqallar ekan, unga shunchaki jonsiz bir jism deb qaramasligi kerak, — deydi Ilhom Jabborov. — Agar haykaltarosh toshni oʻz his-tuygʻulari va fikrlari bilan uygʻunlash­tirib, nafas oluvchi timsolga aylantira ol­masa, hech qachon inson yuragidan joy oluvchi yaxshi asar yaratolmaydi. Men deyarli 50 yil­dan ziyod vaqt mobaynida haykaltaroshlikni faqat tasvirlash emas, balki odamni, mil­latni, tarixni tushunish sanʼati sifatida koʻrib, ijod qilib keldim. Shuning uchun ham faoliyatim davomidagi barcha ishlarim izla­nish, mashaqqatli mehnat va uyqusiz tunlar hisobiga yaratilgan ijod mahsulidir.

1972-1973-yillarda ikki yillik harbiy xizmatni Rossiyaning qorli oʻrmonlarida oʻtaganman. Uyga qaytishdan oldinroq Tayga oʻrmonlaridagina oʻsadigan noyob daraxtning toʻnkasini uyga joʻnatib yuborgan edim. Yurtga qaytgach, oʻsha yogʻochga ishlov berib, ilk sanʼat asarimni yaratganman va buni ayolim Tatyanaga bagʻishlaganman. Ushbu asar keyingi ijodimga mustahkam poydevor boʻldi va aynan oʻsha ish uchun bronza medalga sazovor boʻldim.

Ijodimning yuksak choʻqqisi boʻlgan Amir Temur haykali tarixning shijoatli va ulugʻ­vor koʻrinishidir. Amir Temur haykalini  yaratish jarayonida ham koʻp muhokamalar boʻlgan. Oddiy qilichdan tortib, minib tur­gan otini yasashgacha boʻlgan jarayon haqida fikrlashganmiz. Natijada haykal yanada mu­kammal koʻrinishga kelgan. Haykalni tayyor­lashga kirishishdan avval Amir Temurning hayoti, xarakteri va faoliyatini ochib beruv­chi koʻplab kitoblarni mutolaa qildim, Ibn Arabshoh va boshqa tarixchi olimlarning manbalari bilan tanishib, oʻrganib chiqdim.

Shuning uchun ham sarkarda salobati hay­kalning har bir chizigʻi va muvozanatida aks etdi. Jiyanim, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsat­gan madaniyat xodimi Komil Jabborov bilan birga bir yarim oy qattiq ishlab, haykalni aytilgan muddatda, yaʼni Mustaqillik bay­ramigacha bitirib topshirdik. Bu paytda tunlari deyarli uxlamadik. Chunki vaqtimiz juda kam, ish esa ogʻir edi, hatto oyoqlarimiz shishib ketardi. Navbat bilan yarim soatdan uxlab, yana ishni davom ettirar edik. Zero, bildirilgan ishonchni oqlashimiz kerak edi. Dastlab gips variantini yasab, Amir Temur xiyobonida oʻrnatganmiz. Lekin uning kamchi­liklari koʻp edi va buni soha egasi sifatida faqat oʻzimiz bilardik.

Bu kamchiliklarni toʻgʻrilash uchun jiya­nim bilan yana ishga kirishib ketdik. Oʻtgan vaqt oraligʻida haykalga va tagidagi toshga qoʻshimcha ishlov berib, uni 2 metr baland­likka koʻtardik. Bir yil davomida tasavvu­rimdagi haqiqiy haykalni yaratdim. Shu sa­babli bronzadan quyilgan haykal bugungacha oʻz nomi bilan ataluvchi xiyobon oʻrtasida vi­qor bilan qad rostlab turibdi. Sohibqiron­ning yuqori koʻtarilgan oʻng qoʻlini hozirgi holatga keltirish qiyin kechgan. Qoʻlni unday qilsam ham, bunday qilsam ham hech oʻxshamas­di. Soʻngra shu koʻrinishni ishlaganmiz. As­lida, chap qoʻlida otning jilovini tortib, oʻng qoʻlini koʻkka koʻtarib turishida ham oʻziga xos maʼno bor. Shu tariqa 1993-yilda Amir Temur haykali bunyod boʻldi.

Ilhom Jabborov oʻz ijodi bilan inson qadri, oʻtmishi va milliy gʻururni yuqori ma­qomga koʻtara olgan salohiyatli ijodkor. Shu bois, har bir asari nafaqat badiiy mahorat ifodasi, balki xalq ruhiyatining tarjimo­ni hamdir. Garchi haykallar toshdan yasalgan boʻlsa-da, uni koʻrgan, tomosha qilgan odam borki, toshda tana ruhini his qilganday boʻ­ladi.

2016-yil 2-dekabrda Oʻzbekiston Respub­likasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov siymosi tasvirlangan haykalni yaratish boʻyicha eng yaxshi loyihalar xalqaro tanlovida ham Ilhom Jabborov gʻolib boʻl­di. Tanlovda Oʻzbekiston, Turkmaniston, Ukraina, Janubiy Koreya, Italiya, Germaniya va Avstraliyadan 58 haykaltarosh tomonidan taqdim etilgan 68 loyiha namoyish etildi.

Sanʼat, madaniyat, adabiyot va arxitektura sohasining yirik namoyandalaridan iborat 11 kishilik maxsus hayʼat aʼzolariga Ilhom Jabborov yaratgan loyiha maʼqul keldi va u tanlov gʻolibi deb eʼlon qilindi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ijod­korning mehnatlarini ulugʻlab, “Malibu” rusumli avtomashina bilan taqdirladi. 80 yoshni qarshi olgan haykaltarosh sovgʻa qilin­gan mashina haqida gʻururlanib, “Alloh umr bersa, bu mashinani hali koʻp yillar haydab, ijodiy ishlarimni kuchim va imkonim yet­gunicha davom ettiraman. Axir bu men uchun juda qadrli mashina, Prezidentimiz sovgʻa­si-da”, deydi.

— Bakalavriatda 4 yil, magistraturada 2 yil ustozning qoʻlida tahsil olganman. Shundan beri oʻtgan necha oʻn yillardan buyon u bilan hamkorlik qilib kelyapman, — dey­di Ilhom Jabborovning shogirdi Shohrux Oʻrozov. — Aytganlarini jon qulogʻim bi­lan tinglab, amalda qoʻllar ekanman, Yaratgan menga ham yuksak isteʼdod sohibining sof va nurli yoʻlini bersin, deya niyat qilaman. Hay­kaltarosh boʻlib shakllanishimda ustozning mehnati katta. “Yangi Oʻzbekiston” bogʻidagi koʻplab haykallarni garchi men yasagan boʻl­sam-da, Ilhom Jabborov yonimda turib, har bir detalga oʻz fikrini bildirib, maslahat berib turgan.

Ustozni faqat iqtidorli haykaltarosh deb emas, balki mehnatkash, qoʻli gul bogʻbon deb ham taʼriflash mumkin. Oʻrta Chirchiq­dagi dala hovlisini juda goʻzal boqqa ay­lantirgan. Koʻrsangiz, ketgingiz kelmaydi. Turfarang gullar, eng sara mevali daraxtlar orasida oʻzingizni ertaknamo chamanzorda yurgandek his qilasiz. Bu bogʻ biz — sho­girdlar uchun ham ijod maydoni, ham ilhom manbaidir. Berilgan yuksak unvonlar mashaq­qatli mehnatning samarasi, goʻzal eʼtirofi­dir. Bundan ham muhimi xalqning, hamkasb­larning va shogirdlarning ustoz ijodiga samimiy muhabbati va ehtiromidir. “Oʻzbe­kistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi” sifatida eʼtirof etilishi ijodkorning mehnati nechogʻliq qadrlanganini koʻrsatadi. Ustoz yasagan haykallar bugun koʻngil orom oladigan koʻrkam goʻshalarda qad rostlab tu­ribdi. Har bir yirik yodgorlik atrofida odamlar toʻplanadi, suratga tushadi, bolalar qiziqib savol beradi.

Ilhom Jabborov bilan suhbatlashar ekanmiz, isteʼdodli haykaltaroshni mil­latning tarixiy xotirasini shaklga keltir­gan, unga maʼno va jon berayotgan muhandis sifatida qayta kashf etdik. U shunchaki hay­kaltarosh emas, tarixni toshga oʻygan bunyod­kor, ona ruhini chiziqlarda jonlantirgan musavvir, milliy gʻururni obrazga aylan­tirgan mahoratli sanʼatkordir. Yaratgan asarlari yurtimizning badiiy qiyofasini boyitibgina qolmay, xalq armoni va or­zusining betakror talqini sifatida ham qadrlanadi. Shu jihatdan biz uni faqat haykaltarosh emas, tasviriy va amaliy sanʼatning maʼnaviy posboni, xalqimiz­ning madaniy xotirasini shaklga soluvchi meʼmor deya faxrlanamiz.

Gulichehra DURDIYEVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri