Bu haqda “Toshkent-AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi axborot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, xodimlar tomonidan fuqarolarning qoʻl yuklari va bagajlari tekshirilganda, hech qanday ruxsatnomasiz jami 358 quti ichida 9 210 dona “KETO FORM SLIMMER COFFEE” nomli biofaol moddalarga oʻxshash kukunsimon mahsulot borligi aniqlandi.
Oʻzbekiston Respublikasi IIV ekspert-kriminalistika bosh markazi tomonidan sudga oid kimyoviy ekspertiza xulosalariga koʻra, mazkur mahsulotlar tarkibida “sibutramin” va “kofein” moddalari mavjud ekan.
Eslatib oʻtilishicha, “Sibutramin” moddasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 19-avgustdagi 399-sonli qarorining “Kuchli taʼsir qiluvchi moddalar” roʻyxatidagi №60 tartib raqamida koʻrsatib oʻtilgan respublika hududida muomalasi cheklangan kuchli taʼsir qiluvchi moddalar roʻyxatiga kiritilgan.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoiy ish qoʻzgʻatildi.