O'zbekiston Superligasining 14-turidan o'rin olgan OKMK – “Metallurg” bahsida mezbonlar vakili Sardor Rahmonov, “So'g'diyona” – “Bunyodkor” bahsida mehmonlar o'yinchisi Davron Ergashev, “Qo'qon-1912” va “Neftchi” uchrashuvida farg'onalik futbolchi Abbosjon G'ulomov, shuningdek, qoldirilgan 11-turi doirasidagi “So'g'diyona” – “Paxtakor” matchida mehmonlar futbolchisi Odiljon Hamrobekov tartibni buzgani uchun maydondan chetlatilgan edi.
Yig'ilishda Tartib-intizom qo'mitasining qaroriga ko'ra, OKMK o'yinchisi S. Rahmonovga, “Bunyodkor” futbolchisi D. Ergashevga va “Paxtakor” vakili O. Hamrobekovga nisbatan 2 ta o'yinga diskvalifikatsiya qilish va jarima, “Neftchi” futbolchisi A. G'ulomovga nisbatan esa, 4 ta o'yinga diskvalifikatsiya qilish va jarima intizom chorasi qo'llanildi.
Tartib-intizom qo'mitasi o'z yig'ilishida qoidani buzgan murabbiylarni ham jazoladi.
Superliganing qoldirilgan 5-turi doirasidagi “Nasaf” – “Surxon” bahsida mehmonlarning yordamchi murabbiyi Migel Alvarez texnik zonada uchrashuv translyatsiyasini planshet orqali kuzatib, bosh hakam qarorlariga ketma ket e'tiroz bildirgan va qizil kartochka bilan jazolangan.
Shuningdek, Superliganing qoldirilgan 11-turidagi “Dinamo” – “Nasaf” bahsida mezbonlarning jismoniy tayyorgarlik bo'yicha murabbiyi Anatoliy Kurlaevga bosh hakam sha'niga haqoratli so'zlar ishlatgani uchun qizil kartochka ko'rsatilgan edi.
Tartib-intizom qo'mitasi o'z yig'ilishida M. Alvarezga nisbatan 2 ta o'yinga diskvalifikatsiya qilish va jarima, A. Kurlaevga nisbatan 3 ta o'yinga diskvalifikatsiya qilish va jarima intizom chorasi qo'llash haqida qaror qabul qildi.