Ayni kunlarda tarvuz savdosi avjiga chiqqan. Aksariyatimiz tarvuzning kattasi va chertib koʻrganimizda jaranglagan tovush chiqarganini sotib olishni istaymiz. Toʻgʻri, tarvuzning kattaligi yaxshi, ammo ogʻir boʻlmasligi kerak.
Chertib koʻrganimizda esa aksincha, boʻgʻiq va jarangsiz ovoz chiqargan tarvuz yaxshi pishgan boʻladi. Aksariyatimiz oʻylagandek, tarvuzning bandi quruq boʻlsa, maqsadga muvofiq.
Shuningdek, biz oftob urgan deb oʻylaydiganimiz — yonboshida oʻrtacha kattalikdagi sariq dogʻ boʻlgan tarvuzlar ham shirin boʻlar ekan, ammo dogʻ oq boʻlmasligi kerak. Tarvuzning ustki qavatidagi yoʻl-yoʻl chiziq aniq-tiniq koʻrinib tursa, u eskirmagan boʻladi.
Eng muhimi, tarvuz qanday joyda sotilayotganini ham eʼtiborga olishimiz zarur. Chunonchi, savdo nuqtasi ayvonli boʻlishi, tarvuzlar soyabon bilan quyoshdan toʻsilgan boʻlishi lozim.
Tarvuzlar yerdan kamida 20 santimetr balandlikdagi maxsus taglik ustiga joylangan boʻlishi kerak. Zero, shundoqqina yerga tizib qoʻyilgan, usti soyabonsiz tarvuzlar oftob tigʻida uzoq qolgani bois diareyaga sabab boʻlishi mumkin.