Masalan, Bandixon tumanida keyingi yillardagi bunyodkorlik va obodlik nafaqat hudud qiyofasini, balki odamlar tafakkurini ham oʻzgartirdi. Bugun aholi islohotlar, avvalo, xalq manfaati, inson qadri va farovon hayoti uchun ekanini chuqur anglab yetmoqda. Hududlardagi oʻzgarishlar qalblarga ham koʻchib, odamlarda “shu mahalla, shu koʻcha meniki, uning obodligiga men ham masʼulman” degan daxldorlik tuygʻusini kuchaytiryapti. Ana shu hamjihatlik va xalq bilan birga ishlash tamoyili asosida bugun Bandixon tumanida asfalt qilinmagan, infratuzilmasi yaxshilanmagan koʻchalar deyarli qolmadi.
Eng
muhimi, bu jarayonda aholining fikri, tashabbusi va takliflari ham inobatga
olinyapti. “Tashabbusli byudjet” loyihasi orqali fuqarolar oʻz hududidagi
muammolarni oʻzi koʻtarib chiqib, ularning yechimiga bevosita hissa qoʻshmoqda.
Xususan, Bandixon tumanidagi Saroy mahallasi aholisi ham ushbu jarayonda faol
ishtirok etib, tashabbuslarini amaliy natijaga aylantira oldi.
Joriy
yilgi “Tashabbusli byudjet” loyihasi birinchi mavsumida mahalla aholisi ilgari
surgan taklif gʻolib deb topildi. Natijada hududdagi “Rabotak” koʻchasining
3100 metr qismiga asfalt yotqizildi.
“Tashabbusli
byudjet” loyihasining joriy yilgi birinchi mavsumida Bandixon tumanidagi
Limonzor, Bahoriston va Saroy mahallalarida ichki koʻchalar infratuzilmasini
yaxshilashga qaratilgan takliflar aholi tomonidan qoʻllab-quvvatlanib, yuqori
ovoz bilan gʻolib boʻldi. Jumladan, umumiy uzunligi 8 kilometrgacha boʻlgan
ichki koʻchalarni asfaltlash boʻyicha takliflar 5000 dan ortiq ovoz toʻplab,
bunyodkorlik ishlarini bajarish uchun tanlab olindi.
Bundan
tashqari, Paxtakor mahallasining Ashurxon koʻchasida elektr taʼminoti tizimini
tubdan yaxshilashga qaratilgan loyiha doirasida 10 ming metrdan ortiq elektr
tarmogʻi yangilanishi, 250 ta eski simyogʻoch almashtirilishi hamda quvvati
yuqori boʻlgan 4 ta transformator oʻrnatilishi rejalashtirilgan. Bu orqali 220
dan ortiq xonadon va 70 ga yaqin xoʻjalikni barqaror elektr energiyasi bilan
taʼminlash koʻzda tutilmoqda. Mazkur loyihalar aholining oʻz hududi obodligi
uchun faol ishtirok etayotgani hamda tashabbusli byudjet tizimi orqali eng
dolzarb masalalar bosqichma-bosqich hal etilayotganini yaqqol namoyon qilyapti.
Bugun Bandixon tumanida aholi
bandligini taʼminlash, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va yangi ish oʻrinlari
ochish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu borada hududda qator
istiqbolli loyihalar amalga oshirilib, tadbirkorlar uchun yanada qulay
shart-sharoit yaratilyapti. Xususan, Bektepa mahallasi hududida tashkil etilgan
kichik va yoshlar sanoat zonasida umumiy qiymati 1,3 milliard soʻmlik loyihalar
amalga oshirilishi natijasida 37 ta tadbirkorlik subyekti faoliyat boshlashi va
120 dan ortiq yangi ish oʻrni ochilishi kutilmoqda.
Najmiddin
Norov ham mazkur kichik va yoshlar sanoat zonasida oʻzining sevgan hunari —
temirchilik asosida tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻydi. U oʻzi bilan birga
besh tengqurini ham doimiy ish bilan taʼminladi. Bugun ular tayyorlayotgan
temir darvoza, panjara va oʻrindiq kabi buyumlarni tumandagi koʻplab xonadonlar
hamda markaziy koʻchalar yoqasida uchratish mumkin. Sifat va mehnatga
masʼuliyat esa ustaning ishiga ishonchini yanada oshirmoqda.
—
Bektepa mahallasi hududida maydoni 9 gektar boʻlgan kichik sanoat zonasi
tashkil etilgan. Bu yerda infratuzilma ham bosqichma-bosqich yaxshilanmoqda.
Ayni kunlarda umumiy qiymati 950 million soʻmlik loyiha asosida 1 kilometr
yoʻlga asfalt yotqizish ishlari muvaffaqiyatli bajarildi. Bu esa hududda
faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar uchun transport qatnovini yengillashtirib,
ishlab chiqarish jarayonini yanada samarali tashkil etishga xizmat qilmoqda.
Shu bilan birga, hududda elektr energiyasi, suv taʼminoti va yoʻl
infratuzilmasi yaxshilanmoqda, — deydi Bandixon tumani iqtisodiyot va moliya
boʻlimi bosh mutaxassisi Rustam Qoraqulov.
Tumanda
joriy yil boshidan buyon ijtimoiy soha infratuzilmasini yanada rivojlantirish
maqsadida maktab va maktabgacha taʼlim tashkilotlarining moddiy-texnik bazasini
mustahkamlash, ularni zamonaviy jihozlar bilan taʼminlash hamda taʼlim-tarbiya
jarayoni uchun yanada qulay muhit yaratishga alohida eʼtibor qaratilyapti. Shu
bilan birga, mahalla fuqarolar yigʻinlari uchun yangi binolar barpo etish
orqali aholi bilan ishlash tizimi yanada qulay va samarali shaklga
keltirilmoqda.
Bandixon
tumanidagi Qaldirgʻoch mahallasida joylashgan 19-maktab oʻquvchilari hozirgacha
ikki smenada taʼlim olib kelayotgan edi. Umumiy qiymati 2,7 milliard soʻmlik
loyiha asosida 180 oʻrinli yangi, zamonaviy oʻquv binosi qurilayotgani
oʻquvchilarni qamrab olish imkoniyatini kengaytirish barobarida
oʻgʻil-qizlarning bilim olishi uchun yanada qulay, yorugʻ va zamonaviy muhit
yaratadi.
Maʼlumotlarga
koʻra, Bandixon tumani 2020-yili qayta tashkil etilgan vaqtda hududda atigi 2
ta davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti mavjud boʻlgan hamda bogʻcha yoshidagi
bolalar qamrovi esa bor-yoʻgʻi 4,9 foizni tashkil etgan. Oʻtgan davrda 15 ta
davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti hamda 2 ta davlat-xususiy sheriklik
asosidagi bogʻcha qurilib, foydalanishga topshirildi. Shuningdek, 78 ta oilaviy
bogʻcha tashkil etilgan. Natijada qamrov 82,3 foizga yetkazilgan.
Ayni
kunlarda tumandagi Chinor mahallasida umumiy qiymati 4,5 milliard soʻm boʻlgan
120 oʻrinli yangi davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti qurilib, foydalanishga
topshirilish arafasida turibdi.
—
Mahallamizda zamonaviy bogʻcha qurilib, foydalanishga topshirildi. Bu
ota-onalar uchun katta qulaylik yaratib, mahallamiz aholisiga mamnuniyat
bagʻishlamoqda. Ilgari mahallamizda davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti mavjud
boʻlmagan. Endi maktablarga tayyorlov asosida taʼlim-tarbiya olgan yosh avlod
vakillari keladi, — deydi oʻqituvchi Eshboʻri Mustafoyev.
Bandixon
tumanida 22 ta mahalla fuqarolar yigʻini mavjud. Ularning 2 tasi tuman
markazida joylashgan. Shu bilan birga, 3 ta mahalla qoʻshni tumanlar bilan
chegaradosh hududda, yaʼni markazdan ancha olisda faoliyat yuritadi. Eng
muhimi, barcha mahalla fuqarolar yigʻinlari alohida binosiga ega boʻlib, bu
holat aholi bilan tizimli va samarali ishlash imkoniyatini yanada
kengaytirmoqda.
Bir
vaqtlar asosan uzumchiligi bilan mashhur boʻlgan Oltinsoy tumanida bugun yoʻlga
qoʻyilayotgan yirik loyihalar nafaqat ichki bozorni taʼminlash, balki eksport
hajmini oshirishga ham xizmat qilyapti. Eng muhimi, bu oʻzgarishlar oddiy
insonlar hayotida ham yaqqol sezilmoqda. Alouddin Roʻziyev tadbirkorlik
faoliyatini boshlagan kezlarda yangi sohaga qoʻl urish oson kechmagan edi.
Chunki tadbirkorlik ishini boshlash, mablagʻ va bozor masalalari uni bir oz
choʻchitgan edi.
—
Keyingi yillarda yurtimizda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun yaratilgan keng
imkoniyatlar, imtiyozli kredit va moliyaviy qoʻllab-quvvatlovlar ishonchimizni
yanada oshirdi. Mehnatimiz va tadbirkorlikdagi yordam tufayli nafaqat oilamiz
farovonligiga, balki hududimiz iqtisodiyoti va yangi ish oʻrinlari ochilishiga
ham xizmat qilyapmiz, — deydi tadbirkor Alouddin Roʻziyev.
Maʼlumotlarga
koʻra, 2026-yilning birinchi choragida Oltinsoy tumanida sanoat mahsulotlari
ishlab chiqarish hajmi 84,4 milliard, bozor xizmatlari hajmi 248,6 milliard,
qurilish ishlari esa 8,2 milliard soʻmni tashkil etdi. Bu raqamlar oʻtgan
yilning mos davriga nisbatan 6 foiz oʻsishga erishilganini koʻrsatadi.
Oltinsoy
hokimligi maʼlumotlariga koʻra, joriy yilda tumanda umumiy qiymati 46,3 million
dollarlik 36 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan. Bu
orqali yangi ishlab chiqarish quvvati va qoʻshimcha ish oʻrinlari ochiladi.
Shuningdek, eksport salohiyatini oshirish maqsadida tashqi bozorlar bilan yangi
kelishuvlar ustida ishlanmoqda. Bu esa valyuta tushumi va byudjet daromadining
oʻsishiga xizmat qiladi.
—
Tumanimizda aholi bandligini taʼminlash, yangi ish oʻrinlari ochish, ishsiz
aholini kasb-hunarga oʻqitish, tadbirkorlikka jalb etish borasida ham tizimli
ishlar qilinmoqda. Joriy yilning oʻtgan davrida tumanda 6691 ta yangi ish oʻrni
ochildi. Bunda asosiy eʼtibor sanoat, xizmat koʻrsatish, qurilish va qishloq
xoʻjaligi sohalarida kichik va oʻrta biznes loyihalarini qoʻllab-quvvatlashga
qaratilgan, — deydi Oltinsoy tumani kambagʻallikni qisqartirish va bandlik
boʻlimi boshligʻi Azamat Norboyev.
Bugun
Surxon vohasining chekka tumanlari — Bandixon va Oltinsoyda kuzatilayotgan
bunday oʻzgarishlar hududlarning barcha qishloq va mahallalari hayotida ham
yaqqol namoyon boʻlmoqda. Yangi ishlab chiqarish quvvatlari, infratuzilma
loyihalari, aholi bandligini taʼminlash va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlashga
qaratilgan ishlar odamlarning ertangi kunga ishonchini mustahkamlayapti. Eng
muhimi, keng koʻlamli islohotlar natijasida chekka hududlar ham iqtisodiy va
ijtimoiy taraqqiyotning faol nuqtasiga aylanadi.
Sarvar TOʻRAYEV,
“Yangi Oʻzbekiston”
muxbiri