Yoshlarni kasb-hunarga oʻrgatish, toʻgʻri tarbiyalash, boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazishga qaratilgan mazkur loyiha yozgi taʼtildan unumli foydalanishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Bugun yangi Oʻzbekistonda ilmga eʼtibor katta. Taʼlim dasturlari eng ilgʻor mamlakatlar tajribasi asosida ishlab chiqilib, darsliklar yangilanyapti, zamonaviy maktabgacha taʼlim muassasalari, maktablar, kasb-hunar markazlari, oliy taʼlim muassasalari yoshlar ixtiyorida.

“Dolzarb 90 kun” tashabbusi mohiyati keng. Ammo men shu sohada faoliyat yuritayotgan mutaxassis sifatida uni yoshlar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, kasalliklarning oldini olish va ularga qarshi kurashishda yangicha yondashuvlarni joriy etish maqsadida ilgari surilgan strategik dasturga oʻxshataman. Tashabbusning asl maqsadi uning nomidayoq aks etgan, yaʼni aniq bir vaqt — 90 kun ichida maksimal darajada samaradorlikka erishish.

Global iqlim oʻzgarishi, atrof-muhitning salbiy taʼsiri va shiddatli hayot tarzi yoshlar orasida turli kasalliklar koʻpayish xavfini oshirmoqda. Ana shunday sharoitda ushbu tashabbus nafaqat kasalliklarni davolashga, balki ularning oldini olish, profilaktika qilishga, aholining tibbiy savodxonligini oshirish va oʻz salomatligi uchun masʼuliyatni chuqurroq his etishga undaydi.

“Dolzarb 90 kun” ahamiyati yana bir necha omillarda yaqqol namoyon boʻladi.

Profilaktikaga ustuvorlik — loyiha doirasida ommaviy tibbiy koʻriklar, skrininglar, emlashlar va sogʻlom turmush tarzini targʻib qiluvchi tadbirlarga alohida eʼtibor berilyapti. Bu esa kasalliklarni erta aniqlash va rivojlanishining oldini olish imkoniyatini yaratyapti.

Tibbiy xizmat sifatini oshirish — “Dolzarb 90 kun” davomida tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasi yanada mustahkamlanyapti, xodimlar malakasi oshirilyapti. Bu bemorlarga koʻrsatilayotgan xizmatlar sifati yaxshilanishiga xizmat qiladi.

Aholining tibbiy madaniyatini yuksaltirish — ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar va turli uchrashuvlar orqali aholiga sogʻlom ovqatlanish, jismoniy faollik, zararli odatlardan voz kechishning ahamiyati keng tushuntirilyapti. Bu esa har bir insonni oʻz salomatligiga ongli ravishda yondashishga undamoqda.

Yoshlar salomatligini mustahkamlash — tashabbusning asosiy yoʻnalishlaridan biri yoshlar salomatligiga qaratilgan boʻlib, ular orasida giyohvandlik, chekish, ichkilikbozlik kabi zararli odatlarning oldini olish, sport va jismoniy tarbiyaga keng jalb etish orqali sogʻlom avlodni voyaga yetkazishga xizmat qiladi.

Uygʻunlik — Buxoro davlat tibbiyot institutining xalqaro tibbiyot fakulteti dekani sifatida men rahbarlik qilayotgan “Ustoz-shogird” maktabida nazariya va amaliyot uygʻunligiga alohida eʼtibor qaratilyapti. “Dolzarb 90 kun” tadbirlari ayni shu tamoyillarni amaliyotda qoʻllash uchun ajoyib imkoniyat yaratdi. Talabalarimiz yurtimizning barcha hududlarida boʻlib, tibbiy koʻriklar oʻtkazishda, aholi bilan muloqot qilishda, kasalliklarning oldini olish boʻyicha tavsiyalar berishda faol ishtirok etmoqda. Bunday amaliy faoliyat yosh shifokorlarning nazariy bilimini mustahkamlabgina qolmay, ularning insoniylik fazilatlarini, jamiyatga boʻlgan masʼuliyatini oshiradi.

Yoz mavsumida bu tadbirlarning qizgʻin pallaga kirishi bejiz emas. Aynan shu davrda aholi, ayniqsa, bolalar va qariyalar salomatligiga alohida eʼtibor qaratish zarur. Suv-tuz muvozanati buzilishi, oshqozon-ichak kasalliklari, yuqumli xastaliklar avj olishi mumkin boʻlgan bu davrda tibbiy profilaktika va tezkor yordam juda muhim. Shogirdlarimiz ana shunday sharoitlarda oʻz bilim va mahoratlarini amalda qoʻllash imkoniyatiga ega boʻlmoqda.

Bu uch oylik faoliyat nafaqat muayyan muammolarni hal qiladi, balki butun jamiyatda sogʻlom turmush tarzi madaniyatini shakllantirishga xizmat qiladi. Salomatlik — eng bebaho boylik. Yoshlarimizni sogʻlom, bilimli va gʻayratli qilib tarbiyalasak, ular, shubhasiz, mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshadi.

Dilnoza HASANOVA,

tibbiyot fanlari doktori,

professor