Ayni kunlarda shaharda bir nechta kitob doʻkonlari tarmogʻi ishga tushirilib, faoliyat koʻrsatmoqda. Yosh tadbirkor ijtimoiy tarmoqlarda oʻz sahifasini ochib, onlayn kitob savdolarini yoʻlga qoʻygan.

Sardor doimo izlanishda, yangiliklar yaratish yoʻlida tinim bilmaydi. Kitob savdosi bilan shugʻullanish oson ish emas. Targʻibot, reklama bunda katta ahamiyatga ega. U anchadan buyon koʻchma kitob doʻkoni tashkil etishni oʻylab yurardi. Bu maqsadda internet orqali rivojlangan davlatlarning tajribasini oʻrgandi va yangi loyihani ishlab chiqdi. Mahalliy ustalar yordamida sayyor kitob doʻkoni velosipedga moslashtirildi. Uning aytishicha, barcha harajatlari bilan ixcham, har tomonlama qulay boʻlgan doʻkon oʻn million soʻmga tushgan. Ayni kunlarda velosipedda harakatlanayotgan sayyor kitob tarmogʻi Fargʻona shahrining aholi gavjum joylarida yurib, aholiga xizmat koʻrsatmoqda, deb yozadi Fargʻona viloyat hokimligi matbuot xizmati.

— Bunday velosipedga moslashgan doʻkonlarimizni yana ham koʻpaytirmoqchimiz, samarasi yaxshi boʻlyapti, – deydi tadbirkor. – Chunki aholida kitobxonlikka boʻlgan qiziqish ortmoqda. Xaridorlarga maʼqul xizmatni yoʻlga qoʻyish borasida yana yangi loyihalarimiz bor.