Oʻquvchiligimizda qizlar oʻrtasida boʻladigan tanlovlarning shartlari doimo bir xil, ayniqsa, oxirgi shartning erkin mavzu boʻlishini hamma bilardi. Qarangki, bugungi shiddat bilan yangilanib borayotgan davrda shunday tanlovlarga yondashuv ham yangicha tus olyapti.
Yunusobod tuman Xalq taʼlimi boʻlimi tomonidan “5 tashabbus — 5 imkoniyat“ shiori ostida” oʻtkazilgan “Qizlarjon" koʻrik-tanlovi shartlari ham noanʼanaviy ekani bilan eʼtiborni tortdi. Tumandagi 42 ta umumtaʼlim maktablaridagi 500 dan ziyod turli yoʻnalishlarda yetakchi boʻlgan qizlar orasidan 18 nafari 4 ta shart asosida kuch sinashishdi. Tanlov shartlarining noanʼanaviy ekani diqqatga sazovor. Zero, “Men isteʼdodman”, “”Sport malikasi”, “Texno tashabbus”, “Kitobning doʻstiman”, “Daromadli oshxona” kabi yangicha shartlar ostidagi bellashuvlar koʻpchilikda qiziqish uygʻotdi. Ayniqsa, qizlarning kitoblar bilan qanchalik doʻstligini yaqqol koʻrsatib bergan 4-shart bugunning dolzarb masalasi ekani bilan ahamiyatli boʻldi.
4 ta seksiyaga boʻlingan holda bellashgan qizlar orasidan 1-chi oʻrin 12- maktab oʻquvchisi Fotima Ismoilovaga, 2-oʻrin 70-maktab oʻquvchisi Nikita Yuldasheva hamda 9-maktab oʻquvchisi Ruxshona Ravshanovaga, 3 -oʻrin esa 17- maktab oʻquvchisi Diyora Abduraxmonova hamda 58-maktab oʻquvchisi Muslima Yormatovaga nasib etdi.
Tanlovda ishtirok etgan Yunusobod tumani Xalk taʼlimi boʻlimining maʼnaviy axlokiy tarbiya va bolalarni ijtimoiy ximoya kilish shoʻba mudiri Dilobar Moʻminova, oʻquvchilarni kasbga yunaltirish va pedagogika psixologiya tashxis faoliyatini tashkil etish shoʻba psixolog metodisti Shaxodat Raximjonova, Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi Yunusobod tumani maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻlimi bosh mutaxasssisi Jasurbek Qobilovlar ishtirokchi qizlarning barchasini alohida eʼtirof etib, kelajakda ularga ulkan muvaffaqiyatlar tiladilar.
Bir-biridan orasta bu qizlarning “men ham lider boʻla olaman,” deya maktabi shaʼnini himoya qilish uchun shu sahnada turganining oʻzi bir jasorat, — dedi Dilobar Moʻminova. — Bizning maqsadimiz tanlovni tashkil etishgina emas, shu orqali oʻquvchi qizlarimizni turli salbiy holatlardan yiroq tutish, ularni oilaviy hayotga tayyorlab borish yoʻlida maʼnan, jismonan yuksaltirish.
Ha, darhaqiqat, mana shunday tadbirlar orqali yoshlarni har tomonlama tarbiyalash eng samarali yoʻl ekaniga tadbirning barcha ishtirokchilari yana bir karra amin boʻlgani aniq.
Munosib taqdirlangan gʻolib oʻquvchilar esa yanada yuksak marralar sari ruhlanganiga shubha yoʻq.
Munojat MOʻMINOVA