Davlat byudjetining shakllanishi va hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish loyihalarini ishlab chiqish jarayoniga aholini hamda joylardagi dolzarb muammolarni hal etishga jamoatchilikni keng jalb etishga qaratilgan yangicha yondashuvlar oʻz samarasini koʻrsata boshladi. Bunda “Ochiq byujdet” axborot portali, ”Tashabbusli byudjet” loyihasining hayotga tadbiq etilishi adolat va shaffoflik sari tashlangan muhim qadam sifatida namoyon boʻlyapti.
Maʼlumki, 2021-yilda mazkur jarayonda 41 mingdan ortiq takliflar kelib tushgan boʻlsa, ularni yoqlab 1,1 million aholi ovoz berishda ishtirok etdi. Ovoz berish jarayoni yakunlariga koʻra, umumiy qiymati 407,1 milliard soʻm boʻlgan 1 594 ta taklif gʻolib deb topilib, davlat xaridlari tamoyillari asosida aniqlangan pudratchilar tomonidan tegishli ishlar amalga oshirilyapti.
Kuni kecha Moliya vazirligi “Tashabbusli byudjet” loyihasining 2022-yil birinchi yarim yillik mavsumi uchun gʻoliblar tasdiqlanganini eʼlon qildi. 69 700 ta tashabbusga jami 6 718 133 ta ovoz yigʻilgan. Ular orasidan 2215 ta tashabbus gʻolib deb topildi.
MOLIYAVIY MABLAGʻ SALMOGʻI ORMOQDA
Prezidentimizning 2021-yil 13-apreldagi “Byudjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori bilan amaldagi mexanizm yanada takomillashtirilib, oʻtgan yildan boshlab tuman va shahar byudjetlari xarajatlarining 5 foizi bevosita fuqarolar tomonidan bildirilgan tadbirlarga yoʻnaltirilishi belgilab qoʻyildi. Bundan tashqari, joylarda fuqarorlarni qiynab kelayotgan muammolarni aynan oʻzlarining tashabbuslari asosida yechimini topish imkoniyatini yaratish maqsadlariga ajratilayotgan qoʻshimcha daromadlarning 10 foizlik miqdori 30 foizga koʻtarildi.
Mazkur jarayonlarda fuqarolarning faol ishtirok etishi oʻz hududlaridagi mavjud dolzarb muammolarni bartaraf etilishida hamda byudjet mablagʻlarini toʻgʻri taqsimlanishida oʻz hissalarinini qoʻshishlariga keng imkoniyatlar yaratadi.
Chunki, birinchi navbatda, kiritilayotgan taklifda koʻrsatilgan muammo umumiy xarakterga ega boʻlishi va oʻzida shaxsiy ehtiyoj bilan bogʻliq talablarni aks ettirmasligi lozim, — deydi Moliya vazirligi departament boshligʻi Sherzod Muhammedov. — Misol uchun, ichki yoʻllarni taʼmirlash, ichimlik suvi taʼminotini, yoritish tizimini yaxshilash, hududlarni obodonlashtirish, oqova suv tizimini tartibga keltirish, bolalar yoki sport maydonchalarini barpo etish, ijtimoiy soha obyektlarini taʼmirlash yoki moddiy texnik bazasini shakllantirish kabi takliflar inobatga olinadi.
Idoraviy (mahalliy davlat hokimiyati va davlat organlarining binolari va inshootlarini qurish, taʼmirlash va jihozlash ishlariga, shu jumladan, ularning boshqa ehtiyojlarini qoplashga qaratilgan) yoki shaxsiy xususiyatga (turar joy xarid qilish, tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash) ega takliflar esa inobatga olinmaydi.
2022-yilda ushbu maqsadlar uchun yoʻnaltiriladigan mablagʻlar miqdori 4 barobarga oshirildi. Yaʼni tuman, shaharlarda tasdiqlangan byudjetlarning 5 foizining oʻzi 1,5 trillion soʻmdan ortiqroqni tashkil etdi. Bundan tashqari, qoʻshimcha manbalarining 30 foizi ham tashabbusli byudjet uchun yoʻnaltiriladi.
OVOZ BERISH JARAYONI QANDAY TASHKIL ETILYAPTI?
Amaldagi tamoyilga koʻra, tashabbusli byudjet jarayonlari har yili ikki marta, 3 bosqichda amalga oshiriladi. Xususan, birinchi yarim yilligini 1-fevraldan - 1-aprelgacha, uning ikkinchi mavsumini esa 15-iyuldan - 5-sentyabrgacha oʻtkazish rejalashtirilgan.
Har bir mavsumning birinchi bosqichida fuqarolar oʻz takliflarini ilgari surishadi, ikkinchisida bildirilgan takliflar moderatsiya jarayonidan oʻtkaziladi. Uchinchisida saralangan takliflar ovoz berishga qoʻyiladi.
— Qayd etish joiz, saralash bosqichidan oʻtgan barcha takliflarga ovoz berish imkoniyati beriladi, — deydi Moliya vazirligi masʼul xodimi Azim Hasanov. — Bunda, har bir taklifning oʻz sahifasida “ovoz berish” tugmasi boʻlib, uni qoʻllab-quvvatlamoqchi boʻlgan fuqarolar ushbu tugmani bosish orqali faqat bir marotaba ovoz berishlari mumkin. Bu jarayon 2 xil usul bilan: “Ochiq byudjet” portalida roʻyxatdan oʻtgan holda hamda SMS xizmati orqali amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, har bir fuqaro bevosita oʻzi istagan manzil, shu bilan birga, umuman boshqa hudud boʻyicha ishtirok etib ham tashabbuskor boʻlishi imkoniyati ham bor. Bu esa maʼlum bir taklif gʻolib deb topilishi uchun aynan oʻsha manzilda istiqomat qiladigan yoki roʻyxatdan oʻtgan fuqarolar ishtirok etishi lozim degan cheklovni rad etadi. Ammo bir fuqaro faqatgina bitta loyihani qoʻllab-quvvatlay oladi.
Ushbu jarayon dastlab One ID tizimi orqali yoʻlga qoʻyilgan edi. Soddalashtirish maqsadida fuqarolarimizdan faqat telefon raqamlariga bogʻlangan holda roʻyxatdan oʻtish tizimini joriy qildik. Bu anonim takliflar yoki sunʼiy tarzda ovozlarning koʻpayib ketishning oldini oladi. Natijada fuqaroda bitta jarayonda bitta taklif kiritish imkoniyati mavjud boʻladi. Agar biz telefon raqami orqali nazoratni olib tashlaydigan boʻlsak, bir fuqaro yuzlab takliflarni kiritishi yoki ovoz berishi mumkin boʻladi. Shu bois adolat prinsipidan kelib chiqib, har bir fuqaroning bir marta taklif kiritishi va ovoz berishi jarayoni yoʻlga qoʻyildi.
Har bir tuman yoki shaharning oʻzida eng koʻp ovoz toʻplagan takliflar miqdoridan kelib chiqqan holda “gʻolib” aniqlanadi. Oddiy qilib aytganda, takliflarga qanchalik koʻp ovoz toʻplansa, yutish imkoniyati ortadi va eng koʻp ovoz olganlari yuqoridan pastga qarab saralab olinadi.
Ovoz berish jarayoni yakunlariga koʻra, “Ochiq byudjet” axborot portali avtomatik ravishda har bir hudud boʻyicha eng koʻp ovoz toʻplagan takliflar asosida “gʻolib”larni aniqlaydi va muallifining shaxsiy kabineti orqali hamda mobil telefon raqamiga bu xaqda xabar yuboriladi.
BIRINCHI MAVSUM QANDAY KECHDI?
Joriy yilning birinchi mavsumi uchun fuqarolar tomonidan takliflar 1-fevraldan 22-fevralgacha qabul qilingan. Ilgari surilgan tashabbuslar moderatorlar tomonidan koʻrib chiqilgach, ovoz berish jarayoni 5-martdan 1-aprelgacha davom etdi.
Moliya vazirligi axborot xizmatining maʼlum qilishicha, jarayon juda qizgʻin kechdi va fuqarolarning davlat pullari qanday ishlatilishiga befarq emasligi, byudjetdan qanday foydalanilishi boʻyicha jamoatchilik nazorati oʻrnatishni oʻrgana boshlaganini koʻrsatdi.
Har bir mahalla va ovulda “Ochiq byudjet” axborot portalida taklif qoldirish va ovoz berish jarayoniga koʻmaklashuvchi “mobil” guruhlar hamda “tashabbuskorlar burchagi” tashkil etildi.
Faol va oʻz hududiga befarq boʻlmagan fidoyi insonlar taklif etgan tashabbuslari boʻyicha alohida rejalar ishlab chiqdi. Joylarda targʻibotning turlicha usullari qoʻllanib, mahalla raislari va faollari gʻolib boʻlish uchun uyma-uy yurib muayyan loyihaga ovoz berishga undalgan hollar ham boʻldi. Ijtimoiy tarmoqlarda ayrim hududlarda takliflar koʻproq ovoz olishi va gʻolib boʻlishi uchun har bitta ovozga pul mukofoti taklif qilinayotgani haqidagi xabarlar tarqaldi...
Bularning hammasi kishilarimizning byudjet mablagʻlarining sarflanishiga befarq boʻlmay, har bir tiyinning maqsadli ishlatilishiga daxldorligi shakllanib borayotganidan dalolat beradi.
Joriy yil dastlabki mavasumi yakunlariga koʻra, 69 700 ta tashabbusga jami 6 718 133 ta ovoz yigʻilib, ular orasidan 2215 tasi gʻolib deb topildi. Ularning barchasiga doir maʼlumotlar bilan “Ochiq byudjet” portali orqali tanishish mumkin. Mazkur tashabbuslarni amalga oshirish uchun byudjetdan 1,1 trillion soʻm mablagʻ ajratilgan.
Yana bir eʼtiborli tomoni, gʻolib boʻlgan loyihalar ishtirokchilari oʻz gʻalabalarini katta xursandchilik bilan kutib oldi. Ayrim mahallarda karnay-surnay, boshqalarida salyut otib nishonlanayotgani ham buni koʻrsatib turibdi.
“Tashabbusli byudjet”ning ikkinchi mavsumi iyul oyida start oladi. Unda ham mamlakatimizda yashovchi har bir fuqaro tashabbuskor va ovoz beruvchi boʻlishi mumkin. Birinchi mavsumda ishtirok etgan va yetarli ovoz toʻplay olmagan loyihalar dolzarbligini yoʻqotmagan boʻlsa, ikkinchi mavsumda takroran ilgari surilishi mumkin.
Abdurauf QORJOVOV,
iqtisodiy sharhlovchi