“Tashabbusli byudjet” gʻoliblarni moliyalashtirish uchun 2 trillion soʻmdan ortiq mablagʻ yoʻnaltiriladi

    “Tashabbusli byudjet”ning bu yilgi mavsumi 4 bosqichda oʻtkazilishi va gʻolib loyihalarni moliyalashtirish uchun 2 trillion soʻmdan ortiq mablagʻ yoʻnaltirilishi kutilmoqda.

    Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi Davlat byudjeti siyosati departamenti direktori oʻrinbosari Shohruh Ishonqulov AOKAda boʻlib oʻtgan anjumanda maʼlum qildi.

    Jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan loyihalar bilan ishlash boʻlimi boshligʻi Azimjon Hasanov va mazkur boʻlim bosh mutaxassisi Habibulla Hamidov “Tashabbusli byudjet” loyihasining 2024-yilgi II mavsumi uchun ajratilgan mablagʻlar, ilgari surilgan loyihalar va ovoz berish jarayoni haqida atroflicha maʼlumot berdi.

    Iqtisodiyot va moliya vazirligi Davlat byudjeti siyosati departamenti direktori oʻrinbosari Shohrux Ishonqulov qayd etganidek, “Tashabbusli byudjet” jarayonini tashkil etishda fuqarolarning faolligi ushbu loyihaning yanada ahamiyatli ekanini koʻrsatmoqda.

    –Ushbu mavsumda fuqarolar tomonidan 27 mingdan ortiq loyiha ilgari surilgan. Shundan 23 mingdan ortiq qismi ishchi guruhlar tomonidan belgilangan mezonlarga muvofiq tanlab olindi va ovoz berish jarayoniga oʻtkazildi. Gʻolib loyihalarni moliyalashtirish uchun 2 trillion soʻmdan ortiq mablagʻ yoʻnaltirilishi kutilmoqda. Joriy mavsumning avvalgi mavsumlardan farqli tarafi shundaki, endilikda “Tashabbusli byudjet” jarayonlari 4 bosqichda oʻtkaziladi. Yaʼni, 6-26-iyul kunlari taklif kiritish bosqichi, 26-iyuldan 15-avgustga qadar moderatsiya bosqichi, 15–22-avgust kunlari saralashdan oʻtgan loyihalar boʻyicha targʻibot bosqichi va 22-avgustdan 1-sentyabrga qadar saralashdan oʻtgan loyihalarga ovoz berish bosqichi oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Hammamizga maʼlumki, 2024-yil “Tashabbusli byudjet” jarayonlarining 1-mavsumidan boshlab “Bir fuqaro – bir ovoz” tamoyili joriy etilgan. Bu esa har bir fuqaroning ovoz berishda bir marotaba ishtirokini ifoda etadi, – dedi Sh.Ishonqulov.

    Taʼkidlash kerakki, “Tashabbusli byudjet” jarayoni yildan yilga takomillashib bormoqda. Bunda bevosita keng jamoatchilik vakillari tomonidan bildirilgan takliflar muhim ahamiyat kasb etyapti. Tadbirda Iqtisodiyot va moliya vazirligining Jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan loyihalar bilan ishlash boʻlimi boshligʻi Azimjon Hasanov bu boradagi oʻzgarishlarga toʻxtalib oʻtdi.

    Shuningdek, tadbirda har bir gʻolib loyihalar ijrosi ishchi komissiya tomonidan har oy joyiga chiqqan holda oʻrganilishi va uning natijalari yuzasidan fotomateriallar “Ochiq byudjet” portalidagi “Sayyor-monitoring” boʻlimida aks ettirilishi kabi qator tartib-tamoyillar haqida ham soʻz yuritildi.