Amaldagi tamoyilga koʻra, kiritilayotgan taklifda koʻrsatilgan muammo umumiy xarakterga ega boʻlishi va oʻzida shaxsiy ehtiyoj bilan bogʻliq talablarni aks ettirmasligi lozim.
— Shunin uchun bu jarayonda ichki yoʻllarni taʼmirlash, ichimlik suvi taʼminotini, yoritish tizimini yaxshilash, hududlarni obodonlashtirish, oqova suv tizimini tartibga keltirish, bolalar yoki sport maydonchalarini barpo etish, ijtimoiy soha obyektlarini taʼmirlash yoki moddiy texnik bazasini shakllantirish kabi takliflar inobatga olinadi, — deydi Moliya vazirligi departament boshligʻi Sherzod Muhammedov. — Idoraviy, yaʼni mahalliy davlat hokimiyati va davlat organlarining binolari va inshootlarini qurish, taʼmirlash va jihozlash ishlariga, shu jumladan, ularning boshqa ehtiyojlarini qoplashga qaratilgan yoki shaxsiy xususiyatga ega — turar joy xarid qilish, tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlashni ifoda etgan takliflar esa inobatga olinmaydi.
Bundan tashqari, har bir fuqaro bevosita oʻzi istagan manzil (oʻzi istiqomat qilmaydigan yoki yashash manzili umuman boshqa hudud) boʻyicha ishtirok etib, tashabbuskor boʻlishi mumkin. Bu esa maʼlum bir taklif gʻolib deb topilishi uchun aynan oʻsha manzilda istiqomat qiladigan yoki roʻyxatdan oʻtgan fuqarolar ishtirok etishi lozim degan cheklovni rad etadi. Ammo bir fuqaro faqatgina bitta loyihani qoʻllab-quvvatlay oladi. Xususan, Xorazmda yashovchi inson Fargʻonaning biror hududida bogʻcha qurilishini yoqlab ovoz bergan boʻlsa, u boshqa loyihalar uchun ovoz bera olmaydi.
“Tashabbusli byudjet” jarayonlari har yili ikki marta, 3 bosqichda amalga oshiriladi. Har bir mavsumning dastlabki bosqichida fuqarolar loyihalar boʻyicha oʻz takliflarini ilgari surishadi, ikkinchisida bildirilgan takliflar moderatsiya jarayonidan oʻtkaziladi. Uchinchisida saralangan takliflar ovoz berish jarayoniga qoʻyiladi.
Uning yakunlariga koʻra, “Ochiq byudjet” axborot portali avtomatik ravishda har bir hudud boʻyicha eng koʻp ovoz toʻplagan takliflar asosida gʻolib loyihalarni aniqlaydi.
2022-yilda “Tashabbusli byudjet” loyihalarini moliyalashtirish maqsadlari uchun yoʻnaltiriladigan mablagʻlar miqdori 4 barobarga oshirildi. Tuman, shaharlarda tasdiqlangan byudjetlardan ajratilgan 5 foizining oʻzi 1,5 trillion soʻmdan ortiqroqni tashkil etdi. Bundan tashqari, qoʻshimcha manbalarning 30 foizi ham tashabbusli byudjet uchun yoʻnaltiriladi.
— Fuqarolarimizning mazkur jarayodagi ishtiroki tobora faollashib boryapti, — deydi Moliya vazirligi boʻlim boshligʻi Azimjon Hasanov. — Agar oʻtgan yili ijtimoiy loyihalarga 1 millionlan ortiq ovoz berilgan boʻlsa, joriy yilda oʻtkazilgan dastlabki bosqichda ushbu koʻrsatkich besh barobarga ortdi, yaʼni ovozlar soni 6 million 700 mingdan ziyod boʻldi.
Yana bir muhim jihati, oʻtgan yili 41 mingta taklif bildirilgan boʻlsa, bu yil ular soni 69 700 dan ortib ketdi. Ular hududiy ichki komissiyalar tomonidan saralab olish natijasida 40 mingdan ortigʻi ovoz berish bosqichiga oʻtkazildi. Eng koʻp ovoz olgan 2215 taklif gʻolib deb topildi.
Prezidentimizning joriy yil 7-apreldagi “Tuman va shahar byudjetlari mablagʻlarini jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarga yoʻnaltirish jarayonlarida fuqarolarning ishtirokini yanada qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, shu yilning fevral-mart oylari davomida oʻtkazilgan “Tashabbusli byudjet” jarayonlarida fuqarolarning faol ishtiroki qayd etilgan holda, gʻolib deb topilgan 2 215 ta loyihaga qoʻshimcha har biri 2 mingdan ortiq ovoz toʻplagan, lekin gʻolib deb topilmagan 139 ta loyihani amalga oshirish uchun respublika byudjetidan 85,4 milliard soʻm mablagʻ ajratildi.
Qarorda nainki qoʻshimcha ravishda kiritilgan, balki har yili gʻolib deb topilgan loyihalarni amalga oshirish boʻyicha qatʼiy vazifalar belgilangan. Yaʼni, tuman va shahar xalq deputatlari Kengashlari – har chorak yakuni boʻyicha jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni oʻz vaqtida moliyalashtirilishi va bajarilishini baholab boradi, mazkur tadbirlarning bajarilishi yuzasidan hokimlarning hisobotlari Oliy Majlis Senatida har chorak yakunida eshitilishi yoʻlga qoʻyiladi. Gʻolib deb topilgan loyihalarning bajarilishini Moliya vazirligi huzuridagi Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi har yilgi yakunlarga koʻra, nazoratdan oʻtkazadi.
— “Tashabbusli byudjet”ning joriy yildagi ikkinchi mavsumi kecha start oldi, — deydi Azimjon Hasanov. — Unda ham mamlakatimizda yashovchi har bir fuqaro tashabbuskor va ovoz beruvchi boʻlib ishtirok etishi mumkin. Birinchi mavsumda ishtirok etgan va yetarli ovoz toʻplay olmagan loyihalar dolzarbligini yoʻqotmagan boʻlsa, ikkinchi mavsumda takroran ilgari surish imkoniyati bor.
Fuqarolar tomonidan berilgan taklif va mulohazalar asosida “Tashabbusli byudjet” jarayonini oʻtkazishning amaldagi tartibiga ayrim tuzatish va qoʻshimchalar kiritildi. Xususan, endilikda har bir bosqich 20 kundan – jami 60 kun davom etadi. Shunga koʻra, “Tashabbusli byudjet” jarayonining 2-mavsumi:
1-bosqich – takliflarni ilgari surish – 15-iyuldan – 3-avgustgacha (Qoraqalpogʻiston Respublikasida – 15-avgustdan – 4-sentyabrgacha);
2-bosqich – loyihalarni saralab olish – 4-avgustdan – 23-avgustgacha (Qoraqalpogʻiston Respublikasida – 4-sentyabrdan – 24-sentyabrgacha);
3-bosqich loyihalarga ovoz berish – 24-avgustdan – 12-sentyabrgacha (Qoraqalpogʻiston Respublikasida – 24-sentyabrdan – 14-oktyabrgacha) davom etadi.
Maʼlumki, davlatimiz rahbari tomonidan 2018-yilda imzolangan “Byudjet maʼlumotlarining ochiqligini va byudjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan, “Ochiq byudjet” axborot portali ishga tushirilgan edi.
Portal orqali fuqarolar nafaqat byudjet maʼlumotlari bilan tanishib borishlari, balki bu jarayonda bevosita ishtirok etgan holda, oʻzlarini qiynab kelayotgan masalalarni hal qilish uchun tegishli mablagʻlarni talab qilish imkoniyati yaratildi. Har bir tuman yoki shaharga hudud aholisi taklif qilgan muammolarni 2019-2020-yillar davomida oʻtkazilgan tashabbusli byudjet jarayonlarida fuqarolar tomonidan jami 230 mingga yaqin taklif va ovozlar bildirilib, buning natijasida jami 245,1 milliard soʻm mablagʻlar joylardagi muammolarni bevosita hal qilish uchun yoʻnaltirildi.
Prezidentimizning 2021-yil 13-apreldagi “Byudjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori bilan esa, bu boradagi mexanizm yanada takomillashtirildi. Xususan, aholini keng jalb qilish, mavjud muammolarni aynan oʻzlarining tashabbuslari asosida yechimini topish imkoniyatini yaratish maqsadida oʻtgan yildan boshlab tuman va shahar byudjetlari xarajatlarining 5 foizi bevosita fuqarolar tomonidan bildirilgan tadbirlarga yoʻnaltirilishi belgilab qoʻyildi.
Bundan tashqari, joylarda fuqarorlarni qiynab kelayotgan muammolarni aynan oʻzlarining tashabbuslari asosida yechimini topish imkoniyatini yaratish maqsadlariga ajratilayotgan qoʻshimcha daromadlarning 10 foizlik miqdori 30 foizga koʻtarildi.
Yana bir muhim jihat. 2022-yildan boshlab tuman va shaharlar byudjetlari parametrlarida hududiy ichki yoʻllarni taʼmirlash uchun ajratiladigan mablagʻlarning 50 foizi “Ochiq byudjet” axborot portali orqali jamoatchilik fikri asosida aniqlangan ichki yoʻllarni taʼmirlashga yoʻnaltiriladigan boʻldi. Bu jarayon har yili bir marotaba oʻtkaziladi.
“Mening yoʻlim”, deb ataluvchi mazkur loyiha uchun 2022-yilda 271 milliard 71 million soʻm mablagʻ ajratilib, takliflar 4-apreldan 20-aprelgacha qabul qilindi. Uning dastlabki bosqichi yakunlariga koʻra, mamlakatimiz boʻyicha jami 9212 ta loyiha ilgari surildi. Ushbu loyihalarda koʻzda tutilgan yoʻllarning umumiy uzunligi 26,7 ming kilometrni tashkil etdi.
Moliya vazirligi joriy yil 15-iyuldan “Tashabbusli byudjet”ning ikkinchi mavsum boshlanishi munosabati bilan fuqarolarga murojaat etar ekan, ushbu jarayonda faol ishtirok etgan holda, oʻz hududlaridagi mavjud muammolarni bartaraf etilishiga hissa qoʻshishga, tashabbus koʻrsatishga daʼvat etadi.
Abdurauf QORJOVOV,
iqtisodiy sharhlovchi









