“Tashabbusli byudjet” loyihasiga Face ID orqali ovoz berish tizimi yo'lga qo'yiladi

    FACE ID yordamida identifikatsiya qilish mexanizmini joriy etilib, tasdiqlangan foydalanuvchilar tomonidan berilgan ovozlar SMS orqali berilgan 5 yoki 10 ovozga tenglashtiriladi.

    Bugungi kunda “Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida ovoz berish jarayoni davom etmoqda. Hozirda jami 33 ming 600 loyiha uchun 10 milliondan ortiq ovoz berildi.

    Shu bilan birgalikda, ijtimoiy tarmoqlarda byudjet tashkiloti xodimlarini maktabgacha va maktab taʼlimi sohasidagi loyihalarga ovoz berishga majburlash holatlari yuzasidan xabarlar tarqalmoqda

    Shuningdek, Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan oʻrganishlar natijalari shuni koʻrsatmoqdaki, yirik mahallalar aholi soni yuqori boʻlganligi sababli ovoz berishda ustunlikka ega boʻlish holatlari mavjud.

    Iqtisodiyot va moliya vazirligining maʼlum qilishicha, ovoz berishda tengsizlikka yoʻl qoʻymaslik, shuningdek, barcha mahallalar aholisi uchun loyihalarni amalga oshirishda teng imkoniyatlar yaratish maqsadida bir qancha texnik va uslubiy yechimlar ishlab chiqilmoqda.

    Jumladan:

    — FACE ID yordamida identifikatsiya qilish mexanizmini joriy etish. Bunda, tasdiqlangan foydalanuvchilar tomonidan berilgan ovozlar SMS orqali berilgan 5 yoki 10 ovozga tenglashtirilish;

    — kam sonli aholi yashaydigan mahallalar aholisi tomonidan ilgari surilgan loyihalar uchun koʻpaytirish koeffitsiyenti joriy etish amaliyoti koʻrib chiqiladi.

    Bunda, kichik mahallalar loyihalariga katta mahallalar aholisi tashabbusi bilan teng sharoitlarda raqobatlashish imkoniyati yaratilishi koʻzda tutilgan.

    Bundan tashqari, tashabbuslar uchun ovoz berishning shaffofligi va adolatliligini taʼminlashga qaratilgan boshqa takliflar ishlab chiqilmoqda.