“Tashabbusli byudjet”ning yangi mavsumi 1-fevraldan boshlanadi

    “Tashabbusli byudjet” jarayonining 2024-yilgi ilk mavsumiga 1-fevraldan start beriladi.

    Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabar qildi.

    Bunda loyihalar kiritish 20 kun — 1−20-fevral sanalarida amalga oshiriladi. Loyihalarni saralash esa 21-fevraldan 11-martgacha davom etadi. Ovoz berish esa 12−31-mart davomida oʻtkaziladi.

    Ushbu mavsum uchun tuman va shahar byudjetlari hisobidan 3 trln soʻmdan ortiq mablagʻ yoʻnaltiriladi. 2024-yilda loyihalarning eng yuqori qiymati 1 mlrd 360 mln soʻmni tashkil etadi.

    Tashabbusli yoki partisipator byudjetlashtirish — aholining tashabbuslarini hisobga olgan holda byudjet mablagʻlarining muayyan bir qismini sarflash boʻyicha ularning bevosita ishtirokida qarorlar qabul qilish hamda qabul qilingan qarorlarning amalga oshirilishini kuzatish amaliyoti.