“Tashkent Law Spring” II Xalqaro yuridik forumi avvalgisidan farqli jihati, maqsadi va tayyorgarlik jarayonlari

    2021-yilning 22-23-aprel kunlari Toshkent shahrida Markaziy Osiyo yurisprudensiya sohasidagi yirik xalqaro tadbir “Tashkent Law Spring” II Xalqaro yuridik forumi boʻlib oʻtadi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan hamkor tashkilotlar ishtirokida ikkinchi marotaba tashkil etilmoqda. Hozirda forumga qizgʻin tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Biz xalqaro forumga oid tafsilotlar bilan Adliya vaziri oʻrinbosari Xudoyor Meliyev bilan suhbatlashdik.

    — Suhbatimizni huquq sohasidagi mazkur xalqaro forumga ehtiyoj va uning maqsadlari haqidagi maʼlumot bilan boshlasak.

    — Huquq sohasi ham boshqa sohalar kabi takomillashib bormoqda. Qolaversa, inson etiyojlari bor ekan huquqqa ehtiyoj bor. Uning xalqaro standartlardan ortda qolmasdan rivojlanishi muhim hisoblanadi Forumning maqsadi – huquqni rivojlantirish muammolari va zamonaviy tendensiyalarini muhokama qilish uchun yetakchi xalqaro va mahalliy ekspertlarni jamlagan holda ochiq muloqot maydonchasini yaratish, shuningdek, xalqaro huquq hamjamiyatini Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli huquqiy islohotlardan xabardor qilishdan iborat. “Tashkent Law Spring” — Yangi Oʻzbekistonni butun dunyoga tanitish imkoniyati boʻlib, tajribali ekspertlar ishtirokidagi jonli muhokamalar orqali muammoli masalalarga yechimlar topish sohalardagi ilgʻor yutuqlar boʻyicha tajriba almashish maydonidir. Taʼkidlash joiz, tadbir doirasida nufuzli xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlik amalga oshiriladi.

    — Forumning Bosh mavzusi: Huquq 4.0. (Huquq toʻrtinchi sanoat inqilobi davrida). Nima uchun bunday bosh mavzu tanlandi? Va Forumning avvalgisidan farqli jihati nimada?

    — Forumning avvalgisidan farqli jihati bosh mavzu aynan Huquq 4.0. deb tanlanganidadir. Shuningdek, bugungi epidemiologik vaziyatni hisobga olgan holda Forum asosan videoanjuman shaklida tashkil etiladi.

    Bugungi kunda toʻrtinchi sanoat inqilobi dunyoni oʻzgartirmoqda.

    Sunʼiy aql, blokcheyn, nanotexnologiyalar jamiyat hayotiga kirib kelmoqda. Raqamli munosabatlarni huquqiy tartibga solish jarayonida qonunlar ham oʻziga xos shaklda rivojlanadi. Shu tariqa yuzaga keladigan mutlaqo oʻziga xos ijtimoiy munosabatlarni huquqiy taʼminlash zaruriyati paydo boʻladi.

    Maʼlumot oʻrnida aytish kerakki, rekruting kompaniyalari ekspertlari fikriga koʻra, 2025-yilga qadar yuristlar boshqa bir qator taniqli kasb vakillari singari anʼanaviy shaklda faoliyat yuritishni deyarli toʻxtatadilar. Britaniyalik tadqiqotchilarning “Huquqiy kasbning kelajagi” (The Law Society, Angliya va Uelsning advokatlar assotsiatsiyasi, 2016) hisobotida yuridik sohada ham hamma duch keladigan yangi tushunchalar paydo boʻlganligi taʼkidlangan. Toʻrtinchi sanoat inqilobi davrida vujudga kelgan IT texnologiya, “big data”, “onlayn sudlov” kabi yangi tushunchalar mamlakat huquq tizimiga sezilarli taʼsir qiladi.

    Toʻrtinchi sanoat inqilobi barcha sohalar kabi huquq olamiga ham oʻz taʼsirini oʻtkazadi va Oʻzbekiston huquq tizimi yangi chaqiriqlarga tayyor boʻlishi lozim.

    — Avvalgi forumning ahamiyati qanday boʻlgan? U oʻz maqsadiga qanchalik erishgan?

    — “Tashkent Law Spring” Xalqaro yuridik forumi ilk marotaba 2019-yilning aprel oyida tashkil etilgan edi. Unda 1 200 nafardan ortiq huquqshunos va boshqa sohalar mutaxassislari ishtirok etgan. Forum doirasida 12 ta hamkorlik boʻyicha bitim va memorandumlar imzolandi. Nufuzli delegatsiyalar rahbarlari bilan Adliya vazirligi,
    Bosh prokuratura, Oliy sud, Tashqi ishlar vazirligi, Advokatlar palatasida
    30 dan ortiq uchrashuvlari tashkil etildi. Ularda oʻzaro hamkorlikni mustahkamlash boʻyicha aniq kelishuvlarga erishildi.

    — Forumda Buyuk Britaniya, Singapur, Yaponiya adliya vazirlari ham ishtirok etar ekan. Yana xorijiy spikerlardan kimlar ishtirok etadi?

    — Forumda bir qator xorijiy mamlakatlarning adliya vazirlari, sud
    va boshqa davlat organlari rahbarlari, xalqaro tashkilotlar, dunyoning yetakchi yuridik va konsalting firmalari vakillari, advokatlar, yurisprudensiya, iqtisodiyot sohalaridagi taniqli olimlar, mutaxassislar va ekspertlarning ishtirok etishi kutilmoqda.

    Forum tantanali ochilish marosimida bir qator davlat va siyosat arboblari, taniqli mutaxassislar, shu jumladan, Xaqaro intellektual mulk tashkiloti bosh direktori Daren Tang, Venetsiya komissiyasi prezidenti Djanni Bukikkio, Jahon banki guruhi vitse-prezidenti Sandi Okoro, Koreya Hukumat qonunchiligi vaziri Li Kang-Seupva yana koʻplab tajribali spikerlar ishtirok etadi.

    — Forumning munozara sessiyalari, davra suhbatlari mavzusi haqida ham toʻxtalib oʻtsangiz.

    Forum munozara sessiyalarida:

    * toʻrtinchi sanoat inqilobi sharoitida davlat huquqiy siyosati;

    * Legal Tech va Law Tech;

    * tartibga solish taʼsirini baholash va korrupsiyaga qarshi ekspertiza;

    * davlat organlari ochiqligini taʼminlashda raqamli imkoniyatlar;

    * koronavirus cheklovlari davrida mediatsiya va arbitraj;

    * umumiy (ingliz) huquqi tizimining xususiyatlari;

    * intellektual mulkni himoya qilish;

    * siyosatni amalga oshirish (Policy implementation);

    * raqamli davrda sud hokimiyatining mustaqilligi kabi masalalar muhokama markazida boʻladi.

    Shuningdek, Forum davomida “Davlat xizmatlari sohasidagi ilgʻor amaliyot”, “Raqamli muhitda huquqiy axborot tarqatish istiqbollari”, “Elektron notariat”, “Advokaturani rivojlantirish hamda fuqarolik jamiyatini takomillashtirish” mavzularida davra suhbatlari tashkil etiladi.

    “Maʼlumotlar va axborotni boshqarish” mavzusida master-klass boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan.

    Huquq sohasidagi xorij tajribaga ega boʻlmoqchi boʻlgan barcha mutaxassislarni forumga taklif qilamiz.

    — Mazmunli suhbatingiz va maʼlumotlar uchun tashakkur.

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

    Bahor Xidirova suhbatlashdi