Bu yerda yiliga 5 ming tonna tayyor mahsulot ishlab chiqarilib, bu koʻrsatkich boʻyicha Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida peshqadamga aylangan. Ishlab chiqarish quvvatlarining dastlabki bosqichini amalga oshirish uchun 6 million dollar miqdorida sarmoya sarflangan. Shuningdek, korxona 2022-yilda texnik mahsulot ishlab chiqarish quvvatlarini ikki hissa oshirish va kelajakda KMS va PAS mahsulotlarining neft va gaz, qurilish, oziq-ovqat va farmatsevtika sohalarida juda xaridorgir boʻlgan sof markalarini ishlab chiqarishni rejalashtirgan. Bu orqali kelgusida MDH mamlakatlari orasida sohada yaqqol peshqadamga aylanish korxona jamoasining asosiy maqsadidir.
Hozirgi kunda korxonada ishlab chiqarilayotgan reagentlar mamlakatimizga shu kungacha import qilingan mahsulotlarning oʻrnini samarali ravishda bosadi. 2021-yil boshidan esa Rossiya va Qozogʻistonga oʻz mahsulotini eksport qilishni boshladi. Aytish joizki, korxona mahsulotlari oʻzining sifati va narxi raqobatbardosh ekani bilan qoʻshni mamlakatlar bozorida xaridorgir.
Mutaxassislarning taʼkidlashicha, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar KMS bu – Karboksimetilsellyuloza va PAS – polianionik sellyulozadir. Bu mahsulotlar suvda eruvchan sellyuloza efirlari guruhiga mansub boʻlib, paxta sellyulozasi asosida chuqur kimyoviy sintez qilish yoʻli bilan olinadi. Paxta sellyulozasi oʻz navbatida bizning mamlakatimizda paxta yetishtirish qoldiqlari – paxta lintidan olinadi, deb xabar beradi Toshkent viloyat hokimligi matbuot xizmati.
Bugungi kunda korxona KMS va PASning 7 turdagi texnik markalarini ishlab chiqarmoqda. Bu esa shu soha isteʼmolchilarining aksariyat talabini qondirishga qodir. Jumladan, shu turdagi mahsulotlar neft va gaz konlarini burgʻulashda, suv filtratsiyasini kamaytiruvchi hamda burgʻulash qorishmasining reologik xususiyatlarining modifikatori sifatida ishlatiladi. Shu bilan birga, sintetik kir yuvish kukunlari va suvda eruvchan buyoqlar ishlab chiqarishda, qurilish sohasida yelimlovchi asos sifatida hamda gulqogʻoz yopishtirish uchun keng foydalaniladi.
Korxona laboratoriyasida soha mutaxassislari ilm-fan yutuqlarining soʻnggi texnologiyalaridan foydalanish, zamonaviy talablar asosida puxta tahlillar oʻtkazish imkoniyatiga ega. Laboratoriyada eng zamonaviy API (Amerika neft instituti) hamda ISO 13500-2008 standartlari asosida tahlillar oʻtkazilmoqda.