Taqdir taqozosi tufayli “Saxovat” va “Muruvvat” uylarida yaqinlarining mehriga mahtal bo'lib umrguzaronlik qilayotgan yurtdoshlarimiz alohida diqqat-e'tiborda. Ular to'liq davlat ta'minotiga olingan.
Aslida, bunday ezgu ishlar asrlar davomida yurtimiz ahli uchun havas qilishga arzigulik an'ana bo'lib kelgan. Ushbu qadriyat bugungi kunda yangi ko'rinish va zamonaviy mazmun-mohiyatni o'zida mujassamlashtirgan shakllarda qayta jonlandi. YAnada sayqallandi, rivojlandi, takomillashdi. Bunga esa Prezidentimizning keng qamrov sa'y-harakatlari turtki bo'lmoqda.
Xususan, davlatimiz rahbari Namangan viloyatiga tashrifi davomida Namangan shahrida joylashgan “Saxovat” internat uyida istiqomat qilayotgan fuqarolar holidan xabar oldi. Ular bilan samimiy muloqotda bo'ldi. Ushbu maskanda ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni qo'llab-quvvatlashga qaratilgan ishlar, nogironligi bo'lgan shaxslarga ko'rsatilayotgan g'amxo'rliklar, ular uchun yaratilayotgan qulayliklar, imkoniyatlar to'g'risida so'z yuritildi. Prezidentimizning muassasaga tashrifidan vasiylikka olinganlar nihoyatda mamnunlik izhor etdi. CHunki qariyb to'rt yildan buyon ularni qiynab kelayotgan muammolar ijobiy hal etiladigan bo'ldi. Jumladan, to'rt oy ichida “Saxovat” internat uyi uchun yangi bino qurib beriladi. SHu tariqa mazkur dargohda to'liq davlat ta'minotiga olingan fuqarolarni Farg'ona viloyatidagi shunday muassasaga ko'chirish xususidagi gap-so'zlarga chek qo'yildi. Nuroniylar bundan juda minnatdor bo'ldi, quvondi. Suhbat davomida azaliy qadriyatlarimizdan sanalgan, nuroniy otaxon hamda onaxonlarni e'zozlash, hurmatini yanada yuqori darajaga ko'tarishdek mas'uliyatli va sharafli vazifalarni bajarish kun tartibiga qo'yildi.
SHuningdek, Prezidentimiz poytaxtimizdagi Urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionatiga ham bordi. YOtoqxona va davolash xonalarida yaratilgan sharoitlarni ko'zdan kechirdi. Bu erdagi nuroniylar bilan uchrashdi, dildan suhbatlashdi. Pansionat yonida bog' barpo etish, bunday maskanlarda faoliyat yurituvchi tibbiy xodimlar maoshini oshirish masalasini ham alohida ko'rib chiqish zarurligini ta'kidladi. Madaniyat xodimlari, xonandalar muntazam ko'ngilochar tadbirlar o'tkazishi, YOzuvchilar uyushmasi yangi kitoblar taqdim etishi, turli ma'naviy-ma'rifiy uchrashuvlar tashkil etishi lozimligi qayd etildi. Bunday e'tibordan vasiylikka olinganlar behad mamnun bo'ldi.
Tarixiy voqeaga aylangan mazkur tashrif doirasida videokonferentsiya tarzida uchrashuv bo'lib o'tdi. Unda Qoraqalpog'iston Respublikasi va viloyatlardagi ijtimoiy muassasalar, hududlarda faoliyat ko'rsatayotgan 34 ta “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylari rahbarlari ishtirok etdi. Mamlakatimizdagi “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylaridagi sharoitlar, tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni yaxshilash masalalari muhokama qilindi. Vazirlar, hokimlarning hisoboti tinglandi. “Saxovat” internat uylaridagi tibbiy uskuna va jihozlarni yangilash, zamonaviy fizioterapiya bo'limlari tashkil qilish bo'yicha topshiriq berildi. Vasiylikka olinganlarning turmush darajasini oshirishga qaratilgan samarali ishlarni bajarish, mavjud muammolarni tezkor hal etish kerakligi qayd etildi. Tibbiy-ijtimoiy yordamni tashkil etish masalasida qator muhim vazifalar belgilandi. Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligini O'zbekiston Vazirlar Mahkamasi tuzilmasiga o'tkazish zarurligi ta'kidlandi. Bu borada mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.
SHu bois, agentlik hamda uning hududiy tibbiy-ijtimoiy xizmatlar bo'linmalari, tuman (shahar) sho''balari zimmasiga yuklatilgan shunday sharafli va o'ta mas'uliyatli vazifani bajarishga kirishgan. O'z oldiga aniq maqsadlarni belgilab olgan. Jumladan, Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligini O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida qayta tashkil etish borasida jadal sa'y-harakatlar olib boriladi. Agentlikni keksa va nogironligi bo'lgan shaxslarga tibbiy-ijtimoiy xizmat ko'rsatishdagi vakolatli davlat organi etib belgilash vazifasini bajarishga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqiladi va ijrosi o'z vaqtida ta'minlanadi.
“Saxovat” va “Muruvvat” internat uylarida mehnat qilayotgan ishchi-xodimlarning oylik maoshiga yuz foiz ustama to'lash tartibi joriy etiladi. Mazkur muassasalardagi keksalar va nogironligi bo'lgan fuqarolar shaxsiy gigiena vositalari bilan to'liq ta'minlanadi. Buning uchun esa ushbu shaxslarning oziq-ovqat va dori-darmon ta'minoti uchun ajratiladigan mablag' miqdorini oshirish hamda byudjetdan qo'shimcha mablag' ajratish masalasida qator samarali takliflar tayyorlanadi va o'z vaqtida amaliyotga joriy etiladi.
Mamlakatimizdagi har bir “Saxovat” va “Muruvvat” internat uyidagi shart-sharoit o'rganiladi. Qo'shimcha bino qurish, ta'mirlash va jihozlash, moddiy-texnik bazasini yaxshilash bo'yicha aniq chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqiladi. Urush va mehnat faxriylari pansionatida madaniy-ma'rifiy tadbirlarni o'tkazish uchun yangi bino qurish va ushbu muassasaga tutash uch gektar tashlandiq erda “Nuroniylar” bog'i bunyod etiladi. “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylarida qo'shimcha va yordamchi vazifalar, ya'ni taom tayyorlash, kir yuvish, tozalash, texnik xizmat ko'rsatish, axborot-komunikatsiya ta'minotini tashkillashtirishda autsorsing xizmatidan foydalanish qamrovi kengaytiriladi.
2021-2022 yillarda Qoraqalpog'iston Respublikasidagi “Taxiatosh” sanatoriysi, Jizzax viloyatidagi nogironligi bo'lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash markazi, Navoiy viloyatidagi Nurota “Muruvvat” internat uyi, Namangan viloyatidagi “Kosonsoy” sanatoriysi, Toshkent shahridagi Nogironligi bo'lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markazida qurilish-rekonstruktsiya ishlari amalga oshiriladi.
Aslida, mazkur tibbiy-ijtimoiy muassasalar qurilish-rekonstruktsiya ishlarini amalga oshirish bo'yicha manzilli dasturlarga kiritilgan edi. Ammo muayyan sabablar tufayli ishlar belgilangan muddatlarda bajarilmadi. Jizzax viloyatidagi “Marjonsuvi” sanatoriysi, Samarqand viloyatidagi Urgut “Muruvvat” internat uyi, Toshkent viloyatidagi “Tovoqsoy” sanatoriysi hamda Toshkent shahridagi “Muruvvat” internat uyida ahvol og'ir. Garchi manzilli dasturlarda nazarda tutilmagan bo'lsa-da, ularda 2022-2023 yillarda qurilish-rekonstruktsiya ishlarini bajarish belgilab olindi. Andijon, Navoiy, Sirdaryo va Surxondaryo viloyatlarida 2022-2023 yillarda urush va mehnat faxriylari, pensioner va nogironligi bo'lgan shaxslar uchun mahalliy sanatoriyalar tashkil etiladi. “Saxovat” uylarining har biri avtobuslar bilan ta'minlanadi. Avtobus xizmatlari yo'lga qo'yiladi va keksalar rejali tartibda yurtimizning diqqatga sazovor joylari va ziyoratgohlarga olib boriladi. Bu esa, nuroniy otaxon va munis onaxonlarning maroqli hordiq chiqarib, salomatligini mustahkamlab olishi, hayotini mazmunli o'tkazishida muhimdir.
Qolaversa, tibbiy reabilitatsiya tizimini tubdan yaxshilash, “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylarida muntazam chuqurlashtirilgan tibbiy ko'rik o'tkazish hamda sog'lomlashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, tasdiqlanadi. Bu muassasalar tuman (shahar) birlamchi tibbiy-sanitariya xizmati muassasalari, hududiy tibbiyot birlashmalari, Toshkent shahridagi ilmiy-amaliy markazlariga nomma-nom biriktirildi. Mazkur muassasalarda davlat ta'minotiga olingan keksalar va nogironligi bo'lgan shaxslarning salomatlik ko'rsatkichi alohida dastur asosida muntazam baholab boriladi. Ularni ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlariga biriktirish va shu orqali davlat byudjeti hisobidan bepul sog'lomlashtirishni yo'lga qo'yish, har yili bir marta respublikadagi eng yaxshi sanatoriylarga bepul yo'llanma berish nazarda tutilgan.
Agentlik tasarrufidagi barcha tibbiy-ijtimoiy muassasalar, ya'ni sanatoriylar va reabilitatsiya qilish va protezlash markazlari faoliyati chuqur tahlil qilinadi. Ularga e'tibor kuchaytiriladi. Ulardagi muammolarga tezkor va samarali echim topish choralari ko'riladi. SHuningdek, tizimli tarzda madaniy-ma'rifiy tadbirlar, kontsert dasturlari, turli to'garaklar tashkil qilinadi. SHoir-yozuvchilar, aktyorlar bilan ijodiy uchrashuvlar o'tkaziladi. Xalq ta'limi, oliy va o'rta maxsus ta'lim muassasalari xodimlari bilan hamkorlikda “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylarida davlat ta'minotiga olinganlarning hayot kechirish sifatini yaxshilashga erishiladi.
Ayni paytda hukumat tomonidan keksalar va nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlarini hamda to'laqonli hayot kechirishlarini ta'minlashga qaratilgan qaror loyihasini ishlab chiqish masalasida amaliy harakatlar boshlangan.
YUrtimizda aholi manfaatlarini ta'minlash, ayniqsa, yolg'iz keksalar, pensioner va nogironligi bo'lgan fuqarolarni ijtimoiy qo'llab-quvvatlash, ular holidan xabar olish, g'amxo'rlik ko'rsatish uchun barcha zarur shart-sharoit yaratilgan. Mamlakatimizda aholini ijtimoiy himoya qilishning mavjud barqaror mexanizmi jamiyatning himoyaga muhtoj qatlamlari, ayniqsa, kam ta'minlangan oilalar, yolg'iz qariyalar, nogironligi bo'lgan shaxslar, vaqtincha ishsizlar va boshqa yordamga ehtiyojmand aholi vakillariga manzilli ijtimoiy xizmat va yordam ko'rsatishga qaratiladi.
Alisher INOQOV,
Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi direktori