Tashqi iqtisodiy faoliyat samaradorligini oshirishda mahalliy Kengashlarning ustuvor vazifalari muhokama qilindi

    Mamlakatimizda 29 Sentabr 2022 1694

    Joriy yil 29-sentyabrda Oliy Majlis Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasi tomonidan Investitsiyalar va tashqi savdo hamda Tashqi ishlar vazirliklari hamkorligida Xalq deputatlari mahalliy kengashlarning kotibiyat mudirlari va mutasaddi doimiy komissiyalari raislari va aʼzolari uchun oʻquv-seminar tashkil etildi.

    Unda mutasaddi vazirliklar, mahalliy kengash deputatlari tomonidan hududlarda tashqi iqtisodiy aloqalar samaradorligini oshirish va tadbirkorlikni rivojlantirish faoliyatiga aloqador, keng muhokamalarga sabab boʻlayotgan masalalar yuzasidan tanqidlarga tezkorlik bilan munosabat berish amaliyoti hamda oʻzaro hamkorlikni kuchaytirish masalalari boʻyicha zarur boʻlgan nazariy asoslar va amaliy koʻnikmalar haqida batafsil maʼlumotlar berildi.

    Bundan tashqari, seminarda mamlakatimizning ayrim hududlarida xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi loyihalar kamligi, ishlab chiqarish jarayonlariga ilgʻor eksportbob texnologiyalar yetarlicha joriy etilmayotganligi, ularga toʻsqinlik qiluvchi omillarni bartaraf etish boʻyicha qilinayotgan ishlar haqida soʻz bordi.

    Jumladan, deputatlar va tadbirkorlar oʻrtasida yaqindan doimiy muloqot qilish platformasi muntazam ishlamayotgani, bunda doimiy komissiyalar majlislari va kengashlar sessiyalarida loyihalar hamda tegishli dolzarb muammolar faol muhokama qilinmayotganligi tanqid qilindi.

    Ochiq va qizgʻin muhokama davomida mahalliy Kengash deputatlari tomonidan dolzarb va amaliy fikr-mulohazalar bildirildi.

    Xususan, eksport jarayonlari natijadorligini oshirish va pirovardida yangi ish joylarini yaratish, aholi daromadlarini oshirishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlarni koʻrish, xorijiy hamkorlar bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish zarurligiga alohida urgʻu berildi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.