Mazkur aksiya davlatimiz rahbari tomonidan aholini, xususan kam taʼminlangan oilalar, xotin-qizlar va yoshlarni ijtimoiy himoya qilish va ularga zarur shart-sharoitlar yaratishga oid ilgari surilgan tashabbuslar ijrosi doirasida amalga oshirildi.
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlar va yoshlar bandligini taʼminlash borasida qator loyihalar hayotga tadbir etilayapti. Mavjud kamchiliklarni aniqlash va manzilli koʻmak dasturini amalga oshirish boʻyicha “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” kabi institutlar joriy etildi. Maqsad jamiyatda kambagʻallikni qisqartirish, xotin-qizlar va yoshlar bandligi hamda tadbirkorligini rivojlantirishdan iborat.
Mamlakatimizning xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari yaqinda Xorazm viloyatida boʻlib, mintaqaning ijtimoiy-iqtisodiy imkoniyatlarini oʻrgandi. Viloyatga xorijiy investitsiyalar jalb qilish boʻyicha mahalliy mutasaddilar bilan uchrashuvlar oʻtkazildi, hudud mahallalarida mavjud kamchilik va aholi xohish-istagi tinglandi.
Mamlakatimizning Qozogʻistondagi elchisi Saidikrom Niyozxoʻjayev Hazorasp tumanida ham boʻlib, investitsiya va begʻaraz yordam loyihalarini amalga oshirish boʻyicha dolzarb masalalarni oʻrgangan edi.
Yaqinda elchixona tomonidan tashkil etilgan begʻaraz yordam joʻnatmasi viloyatga yetkazildi. 10 ta tikuv mashinasi tumanning “Oq maydon” mahallasi ayollariga taqdim etildi. Mashinalar “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarga topshirildi.
Tuman hokimligi va “Oq maydon” mahallasi vakillari koʻrsatilgan ushbu yordam uchun Tashqi ishlar vazirligi va mamlakatimiz elchixonasiga minnatdorlik bildirdi.