Taʼkidlash joiz, TIV Ohangaron shahriga biriktirilgan.
Vazirlik rahbariyati va masʼul xodimlarining Ohangaron shahar hokimligi hamda mahalla fuqarolar yigʻinlari raislari bilan muzokaralar oʻtkazish maqsadida uyushtirgan qator tashriflari natijasida 21 mahalladagi ijtimoiy muammolar atroflicha oʻrganilib, ularni hal etish boʻyicha tegishli ishlar izchil tarzda amalga oshirilmoqda.
Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga zarur texnika va jihozlar yetkazish maqsadida 4 ta xayriya tadbiri tashkil etildi. Natijada Ohangaron shahrining 8 mingga yaqin aholisiga begʻaraz koʻmak berildi.
Jumladan, Tashqi ishlar vazirligi tomonidan 213 nafar imkoniyati cheklangan kishiga xayriya yordami koʻrsatildi. Xususan, “Yangiobod” mahallasida joylashgan 7-sonli nogiron bolalar oʻrta maxsus maktabiga 3 dona nogironlar aravachasi va 7 dona yurishga yordam beruvchi moslama, 10 dona maxsus parta, 6 dona kompyuter toʻplami, 3 dona proyektor, 2 dona elektron doska, printer va kitoblar taqdim etildi. “Yangilik” mahallasida joylashgan 4-son ixtisoslashtirilgan bolalar bogʻchasiga 2 dona nogironlik aravachasi berildi.
Shuningdek, “Birlik”, “Yangilik”, “Xonobod”, “Navbahor”, “Yoshlik”, “Vatan”, “Mustaqillik”, “Adolat”, “Orzu”, “Shodlik”, “Doʻstlik” mahallalariga 15 dona nogironlar aravachasi va 12 dona yurishga yordam beruvchi moslama topshirildi.
Oʻz navbatida, umumtaʼlim maktab oʻquvchilariga oʻzbek, rus, ingliz va boshqa tillarda nashr qilingan 1000 ga yaqin kitob, kompyuter toʻplamlari, shuningdek, Ohangaron xalq taʼlimi boshqarmasiga COVID-19ni aniqlaydigan ekspress testlar yetkazildi.
Aksiya doirasida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti oʻqituvchilari tomonidan 4-sonli maktab oʻquvchilariga “Oʻzbekistonning xorijiy davlatlar bilan xalqaro aloqalari” mavzusida oʻquv-seminar tashkil etildi.
Shu bilan birga, universitet professor-oʻqituvchilari tomonidan 4-sonli maktab oʻqituvchilari uchun zamonaviy pedagogika boʻyicha trening oʻtkazildi. Bundan tashqari, Singapurning “SixClouds Pte Ltd” kompaniyasi tomonidan ingliz tilini oʻrganish boʻyicha 1-6 sinf oʻquvchilariga moʻljallangan zamonaviy multimedia dasturlarni Ohangaron maktablariga berish va joriy yil may oyining ikkinchi yarmidan ushbu tizim boʻyicha oʻqituvchilarni oʻqitish masalasi ishlab chiqildi.
“Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarga yordam koʻrsatish doirasida Tashqi ishlar vazirligi tomonidan 4 dona tikuv mashinasi taqdim qilindi. Shuningdek, Oʻzbekistonning Erondagi elchixonasi va Shanxaydagi Bosh konsulxonasi orqali 10 dona tikuv mashinasi joʻnatilishi kutilmoqda.
Vazirlik tomonidan axborot texnologiyalari sohasiga qiziquvchi yoshlar faoliyatini yana-da ragʻbatlantirish maqsadida “Baxt” mahallasida istiqomat qiluvchi Saida Abdugʻafurova va Mukarram Nurmatova, “Qoʻrgʻon” mahallasida yashovchi Nargiza Abdulhalimovaga noutbuklar topshirildi.
Ohangaron mahalla qoʻmitalarini obodonlashtirish doirasida “Yangilik”, “Oxunboboyev”, “Mustaqillik”, “Birlik”, “Namuna” va “Navbahor” mahallalarini kompyuter texnikasi va zarur mebel bilan jihozlash ishlari amalga oshirildi.
Tashqi ishlar vazirligi va Oʻzbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari vakillarining Ohangaron shahri mahalla va tumanlari kesimidagi ishlari davom etmoqda.