Tashqi ishlar vazirligi va Yaponiya Tashqi ishlar vazirligi oʻrtasidagi Strategik dialog boʻyicha Qoʻshma kommyunike imzolandi

    Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bugun Yaponiya tashqi ishlar vaziri Ivaya Takeshi bilan uchrashdi.

    «Bugun Yaponiya tashqi ishlar vaziri Ivaya Takeshi janoblari bilan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida uchrashganimizdan mamnunmiz, – deb yozdi Oʻzbekiston TIV rahbari oʻzining telegram kanalida. – Hamkasbim bilan birgalikda tashqi ishlar vazirlari darajasidagi birinchi strategik uchrashuvni oʻtkazdik.

    Hozirgi kunda kimyo sanoati va energetika kabi bir qator muhim sohalarda yirik loyihalarni amalga oshirmoqdamiz. IT, transport, konchilik, «yashil« energetika va boshqa yoʻnalishlar kelgusi hamkorligimiz uchun jozibador yoʻnalishlar boʻlib qolmoqda.

    Bugun biz imzolagan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Yaponiya Tashqi ishlar vazirligi oʻrtasidagi Strategik dialog boʻyicha Qoʻshma kommyunike, shubhasiz, Oʻzbekiston-Yaponiya munosabatlarini mustahkamlashga xizmat qiladi – siyosiydan tortib iqtisodiyotgacha, taʼlimdan xalqaro aloqalargacha«.

    Yaponiya TIV rahbari bir kun avval Oʻzbekistonning yetakchi elektron va bosma nashrlarida eʼlon qilingan maqolasida uning mamlakati Oʻzbekistonning iqtisodiy va ijtimoiy sohalardagi islohotlarni ilgari surish boʻyicha saʼy-harakatlarini toʻliq qoʻllab-quvvatlashi, uning rivojlanishiga, jumladan, infratuzilmani yaratish va kadrlar tayyorlash kabi sohalarda har tomonlama yordam koʻrsatishini alohida taʼkidlagan.