Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 15-sentyabrdagi “Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Xalq banki oʻrtasida “Tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi yoʻli bilan vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga chiqib ketayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga mikroqarzlar berilishini taʼminlash boʻyicha hamkorlik toʻgʻrisida” imzolangan memorandumga muvofiq Bosh kelishuv tuzildi.
Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri N.Husanov, Xalq banki boshqaruvi raisi F.Salamov hamda masʼul xodimlar, OAV vakillari ishtirok etgan tadbirda soʻnggi yillarda xorijda ishlayotgan fuqarolarga nisbatan munosabat tubdan oʻzgarib, mehnat migrantlari bilan muloqot oʻrnatilgani, ularning muammo va ehtiyojlarini oʻrganish hamda hal qilish, mehnat migrantlarining hayoti va sogʻligʻini sugʻurtalash, xorijga ishlash uchun ketayotgan fuqarolar qoʻllab-quvvatlanayotgani taʼkidlandi.
Bosh kelishuvdan koʻzlangan asosiy maqsad “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali kam taʼminlangan oila aʼzosi sifatida eʼtirof etilgan va tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi yoʻli bilan vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga chiqib ketayotgan jismoniy shaxslarga mikroqarzlar berishni tashkillashtirishdan iboratdir.
Mikroqarz bir yil muddatga, 10 million soʻm miqdorida, talab etilgan hujjatlarning minimal talablari asosida (pasport, mehnat migrantining arizasi va doimiy ish joyiga ega boʻlgan sherik qarzdorning pasporti) uch bank ish kunida “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida kam taʼminlangan oila sifatida roʻyxatga olingan, shuningdek, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining “Labormigration.uz” dasturiy majmuasida roʻyxatga olingan va tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi yoʻli bilan xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun chiqib ketayotgan fuqarolarga beriladi.
Mikroqarzning foiz stavkasi tijorat banklari tomonidan mustaqil ravishda bozor tamoyillari asosida belgilanadi hamda mikroqarz foiz stavkasining Markaziy bank asosiy stavkasidan oshadigan, lekin asosiy stavkaning 1,5 baravaridan koʻp boʻlmagan qismi Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan kompensatsiya qilinadi. Bunda mikroqarz hamda unga hisoblangan foizlar qarz oluvchining (oila aʼzolarining) topshirigʻiga muvofiq, ularning hisobvaraqalariga xalqaro pul oʻtkazmalari tizimlari orqali kelib tushgan mablagʻlardan ushlab qolish yoʻli bilan hamda qonun hujjatlarida koʻrsatilgan boshqa usullarda toʻlanishi mumkin.