Tadbirda asosiy eʼtibor tashqi mehnat migratsiyasi sohasi faoliyatining ochiqligi, jamoatchilik va fuqarolar oldida hisobdorligini taʼminlash, ular faoliyatida korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari boʻyicha amalga oshirilgan ishlarga qaratildi.

Prezidentimizning joriy yil 29-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni korrupsiyaning ildiz otishiga yoʻl qoʻymaslik uchun muhim huquqiy asos boʻlib, hujjatga koʻra, mamlakatimizda tashkil etilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mazkur yoʻnalishdagi vazifalar ijrosini tizimli tashkil etishga xizmat qilmoqda.

– BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2003-yilda eʼlon qilingan rezolyutsiyaga asosan 2004-yildan eʼtiboran har yili 9-dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni sifatida nishonlanib kelinadi. Ushbu kun munosabati bilan yurtimizda ilk bor keng koʻlamli “Antikorrupsiya haftaligi” oʻtkazilmoqda, – deydi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshqarma boshligʻi oʻrinbosari, korrupsiyaga qarshi kurashish “Komplayens nazorat” tizimi boʻyicha masʼul D.Berdiqulov. – “Ochiq eshiklar kuni” doirasida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi, Agentlikning viloyat filiallarida tashrif buyurgan 208 nafar, “Call-markaz” orqali 203 nafar fuqarolarga tegishli maslahatlar berildi.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi rahbar va xodimlari ishtirok etgan tadbirda yuqoridagi illatlar sohalar taraqqiyotiga toʻsiq boʻluvchi eng katta gʻov ekani qayd etilib, uning oldini olishning samarali usullaridan biri korrupsiyaga nisbatan toqatsiz munosabatni shakllantirish, zamonaviy kompyuter texnologiyalari, raqamli iqtisodiyotni joriy etish orqali inson omilini kamaytirib, adolatli, shaffof tizimni yaratish ekani taʼkidlandi.

Shuningdek, bu borada tashqi mehnat migratsiyasi tizimida amalga oshirilayotgan ishlarga toʻxtalib oʻtildi.

Tadbir davomida Agentlikning boshqarma va boʻlimlari, mintaqaviy filiallar rahbar – xodimlari ishtirokida videokonferensaloqa shaklida uchrashuv tashkil etilib, vazirlik tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish dasturi, siyosati, asosiy atama va tushunchalar, tizimda “manfaatlar toʻqnashuvi”ni boshqarish, salbiy holatlar yuzaga kelishini oldini olish, korrupsion xatarlarni baholash, unga qarshi kurashishni yana-da jadallashtirish, istiqbolda sohani yangi bosqichga koʻtarish kabi islohotlar ishtirokchilarga taqdimot shaklida namoyish etildi.

Taqdimotda mehnat migratsiyasi tizimida korrupsiyaning kelib chiqishi sabablari, unga imkoniyat yaratib beruvchi omillarni barataraf qilish boʻyicha amalga oshiriladigan ishlar aks ettirildi.