Tadbirda qator vazirlik va idoralar, iqtisod va moliya, investitsiyalar va tashqi savdo, energetika, qishloq xoʻjaligi, transport vazirliklari, “Oʻzkimyosanoat” va “Oʻzsuvtaʼminot” aksiyadorlik jamiyatlari, tashkilotlar tarkibiy boʻlinmalarining yuzdan ortiq vakillari, mamlakat parlamentining quyi palatasi deputatlari, nodavlat notijorat tashkilotlar hamda nodavlat teleradiokanallar xodimlari ishtirok etdi.
Kun tartibidagi asosiy masala Oʻzbekiston Respublikasining tashqi davlat qarzini shakllantirish jarayoni, uning dinamikasi va tuzilishi, loyihalarni tanlash va moliyalashtirish, qarz mablagʻlari hisobidan amalga oshirilayotgan loyihalarning samaradorligini taʼminlashdan iborat boʻldi.
Brifingda “Oʻzkimyosanoat” AJ boshqaruvi raisi J.Mirzamahmudov kimyo sanoatini rivojlantirish uchun davlatning tashqi qarzi hisobidan ajratilgan mablagʻlardan samarali foydalanish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida maʼlumot berdi. Jumladan, “Oʻzkimyosanoat” AJ tizimi korxonalarida tashqi qarz mablagʻlarni jalb qilish hisobiga umumiy qiymati 2,4 mlrd dollarga teng boʻlgan 7 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilgan.
Jalb qilingan mablagʻlarning 69 foizi “Navoiyazot” AJda Ammiak va karbamid majmuasini barpo etish, azot kislotasi ishlab chiqarish majmuasi hamda polivinilxlorid kaustik soda va metanol ishlab chiqarish majmuasini barpo etish uchun sarflandi. Mablagʻlarning 10 foizi “Dehqonobod kaliyli oʻgʻitlar zavodi” AJning qurilishiga, 15 foizi “Birinchi rezinatexnika zavodi” MCHJ qurilishiga, 6 foizi esa “Qoʻngʻirot soda zavodi” MCHJ ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish loyihalari uchun yoʻnaltirilgan.
Loyihalarni amalga oshirish hisobiga 5743 ta yangi ish oʻrni yaratildi, 636 mln dollarlik mahsulot ishlab chiqarildi. 384,5 mln dollarlik mahsulot eksportga yoʻnaltirildi hamda 104 mln dollarlik soliq toʻlovlari toʻlandi.
“Navoiyazot” AJda investitsiya loyihalarini amalga oshirish hisobiga mahsulotlar tannarxida energiya resurslar ulushi 65–70 foizdan 25–30 foizgacha pasaytirildi. Elektr energiyasi isteʼmoli 25 foiz qisqartirilib, kunlik mahsulot ishlab chiqarish hajmi 8 mlrd soʻmlikdan 16 mlrd soʻmlikkacha oshirildi.
Polivinilxlorid mahsuloti ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish natijasida 55 ming tonna mahsulot ishlab chiqarilib, import hajmi 50 mln dollarga qisqartirildi. 2021-yilda 75 ming tonna mahsulot ishlab chiqarilib, importni 70 mln dollarga qisqartirish kutilmoqda.
Ammiak, karbamid va azot kislotasi ishlab chiqarish majmuasi ishga tushirilishi hisobiga 15 mln dollarga teng boʻlgan 31 ming tonna karbamid va 40 ming tonna qoʻshimcha ammiakli selitra ishlab chiqarildi. Har kuni 4 ming tonna azotli oʻgʻitlar ishlab chiqarilmoqda.
Bugungi kunda “Oʻzkimyosanoat” AJ tomonidan mazkur loyihalardan tashqari 2021–2030-yillar mobaynida umumiy qiymati 11,8 mlrd dollarga teng boʻlgan 48 ta investitsiya loyihasi amalga oshirish rejalashtirilgan.
“Oʻzkimyosanoat” AJ matbuot xizmati