Davra suhbatini tashkil etishdan asosiy maqsad — Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2020-yil 29-dekabrda Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasi hamda “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida belgilangan chora-tadbirlar, xususan, Oʻzbekiston Respublikasi tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishlarini tahlil qilish va ularning ijrosi yuzasidan amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalarni aniqlab olishdan iborat.

Taʼkidlanganidek, Davlat dasturi 273 banddan iborat boʻlib, rejalashtirilayotgan tadbirlarni moliyalashtirishga umumiy qiymati 29 492,7 mlrd. soʻm hamda 2 600,4 mln. AQSH dollari va 57,5 mln. yevro miqdoridagi mablagʻlar ajratilishi koʻzda tutilgan.

Tadbir ishtirokchilari Davlat dasturining beshinchi, yaʼni tashqi siyosat va xavfsizlik yoʻnalishi 30 ta oʻta muhim vazifalarni qamrab olganligi bilan ahamiyatli ekanligini eʼtirof etdilar. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi tashqi siyosiy faoliyati konsepsiyasini yangilash va har tomonlama takomillashtirish haqida qoʻyilgan vazifa nihoyatda dolzarb va oʻrinlidir.

Amaldagi Oʻzbekiston Respublikasi tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasi 2012-yilda qabul qilingan boʻlib, konseptual hujjat sifatida oʻtgan davr (2012-2020-yillar) mobaynida Oʻzbekiston Respublikasi progressiv tashqi siyosatining asosiy maqsad-vazifalarini va ustuvor yoʻnalishlarini oʻzida qaysidir maʼnoda mujassam etib keldi.

Oʻzbekiston Respublikasining tashqi siyosiy faoliyati konsepsiyasining takomillashtirish taklifi mamlakatimiz tashqi siyosatining progressiv mohiyatini, kuchayib borayotgan iqtisodiy-diplomatik saʼy-harakatlarini, ochiqlik xarakterini dunyoga namoyish etish bilan bevosita bogʻliqdir.

Davlat dasturida Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatilishi va mazkur mamlakatning barqaror rivojlanishini taʼminlash yoʻlidagi global saʼy-harakatlarni faol qoʻllab-quvvatlash, Markaziy Osiyoni Hind okeani bilan bogʻlaydigan Trans-afgʻon transport yoʻlagini barpo etish borasida aniq manzilli tadbirlarni amalga oshirish vazifasi ham alohida koʻrsatib oʻtilgan.

Trans-afgʻon koridorining barpo etilishidan Markaziy va Janubiy Osiyodagi barcha mamlakatlar kelgusida birdek manfaat topadi. Bugungi kunda mamlakatimizning Pokiston va Hindiston bilan tovar ayirboshlash hajmi 500 mln. dollardan oshmaydi. Buning sababi – bizni ushbu mamlakatlar bilan toʻgʻridan toʻgʻri bogʻlaydigan transport koridorining mavjud emasligidir. Vaholanki, salkam 2 milliard aholi yashaydigan Janubiy Osiyo mamlakatlari sanoati tobora yuksalib borayotgan Oʻzbekiston uchun ulkan bozor vazifasini oʻtashi mumkin.