Qaror Raqobat qoʻmitasi takliflari asosida qabul qilingan.

Peshlavhalar uchun reklama pasporti talab etilmaydi

Qarorga muvofiq, tadbirkorlik subyekti oʻzi egallab turgan bino yoki inshootning kirish qismida joylashtirgan nomi va faoliyat turi haqidagi axborot, jumladan, firma nomi, tovar belgisi yoki xizmat koʻrsatish belgisi tashqi reklama obyekti hisoblanmaydi. Bunday axborot uchun reklama joyi pasportini rasmiylashtirish talab etilmaydi.

Avtotransport vositalariga reklama joylashtirish soddalashtiriladi

Yuridik shaxslar oʻzlariga mulk yoki boshqa ashyoviy huquq asosida tegishli avtotransport vositalariga tovar belgisi, faoliyat turi, ishlab chiqaradigan mahsulotlari yoki koʻrsatadigan xizmatlari haqidagi reklama maʼlumotlarini soddalashtirilgan tartibda joylashtirishi mumkin.

Buning uchun yuridik shaxs Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali elektron shaklda xabarnoma yuboradi. Xabarnoma qabul qilingach, tegishli hududiy organ xabardor qilingan hisoblanadi va reklama joyining pasporti tizim tomonidan avtomatik ravishda shakllantiriladi.

Xabarnomada notoʻgʻri maʼlumotlar yoki boshqa shaxslarga tegishli tovar belgilari taqdim etilgani aniqlansa, reklama joyining pasporti avtomatik ravishda bekor qilinadi. Bu haqda yuridik shaxsga asoslantirilgan xat yuboriladi.

Mazkur tartibda reklama joyi pasportini rasmiylashtirish uchun yigʻim undirilmaydi.

Reklama joyi pasportini onlayn bekor qilish mumkin

Tadbirkorlar reklama joyi pasportidan ixtiyoriy voz kechish uchun Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ariza yuborishi mumkin. Bunda tegishli maʼlumotlar soliq organlariga avtomatik ravishda yetkaziladi.

Qarorda qisqa muddatli reklamalar uchun ham aniq muddatlar belgilangan. Jumladan, qurilish obyektlarida reklama qurilish ishlari tugallanguniga qadar, bayramlar va tadbirlar munosabati bilan joylashtirilgan reklama esa 30 kungacha turishi mumkin.

«Dizayn-kod»ni oʻzgartirishda jamoatchilik fikri inobatga olinadi

Qarorga koʻra, «dizayn-kod»ga oid oʻzgartishlar jamoatchilik muhokamasidan, jumladan, maxsus elektron portal orqali muhokamadan oʻtkazilganidan keyin qabul qilinadi. Qabul qilingan oʻzgartishlar eʼlon qilinganidan uch oy oʻtgach kuchga kiradi.

Shuningdek, roʻyxatdan oʻtkazilgan tovar belgisidan foydalanish imkoniyati saqlanishi shart. Toshkent shahrining «dizayn-kodi»ni 10-dekabrga qadar tadbirkorlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida muhokama qilish belgilangan.

Reklama konstruksiyalarini demontaj qilish tartibi belgilandi

Qarorda tashqi reklama konstruksiyalarini majburiy demontaj qilish boʻyicha quyidagi talablar belgilangan:

  • Demontaj sanasi va vaqti haqida kamida ikki kun oldin veb-saytda eʼlon beriladi, konstruksiya egasiga esa yozma xabar yuboriladi.
  • Demontaj faqat ish kunlari soat 09:00 dan 18:00 gacha amalga oshiriladi.
  • Demontaj jarayonida egasi ishtirokida dalolatnoma tuziladi. Unda sana, vaqt, demontaj sababi, fotosuratlar va konstruksiya saqlash uchun yuborilgan manzil koʻrsatiladi.
  • Tadbirkorga taalluqli qarorlar va xabarnomalar uning yuridik manziliga ham yozma ravishda yuboriladi.

Bundan tashqari, tashqi reklama obyektlarining joylashtirilishi ustidan jamoatchilik nazorati «Xalq nazorati» elektron portali orqali amalga oshiriladi.