Dushanba kuni ertalab Rossiyaning Marseldagi bosh konsulligi hududiga uchta noma'lum qurilma tashlandi, ulardan ikkitasi portlagan. Bu haqda TASS agentligiga Rossiya bosh konsulligi xabar berdi.
“Uchta qurilma uloqtirildi, ikkitasi portladi, hozirda ulardan biri bilan sapyorlar ishlamoqda, qurbonlar va vayronagarchiliklar yo'q”, dedi agentlik manbasi.
Bosh konsullikning aniqlik kiritishicha, portlashlar diplomatik missiya binosiga zarar yetkazmagan. Hozirda bosh konsullik hududida sapyorlar ishlamoqda, yong'in-qutqaruv xizmati hamda politsiya xodimlari yetib kelgan. Bosh konsullik atrofi o'rab olingan, ba'zi konsullik xodimlari tashqarida kutishmoqda, sapyorlar portlamay qolgan qurilmani tekshirmoqda.
19-fevral kuni Rossiya Tashqi razvedka xizmati (SVR) Kiyev rasmiylari Rossiyaning Yevropadagi, xususan, Germaniya, Boltiqbo'yi mamlakatlari va Skandinaviyadagi diplomatik vakolatxonalariga qarshi teraktlar uyushtirish imkoniyatini ko'rib chiqayotgani haqida xabar berdi. Agentlik ma'lumotlariga ko'ra, ukrainaliklar bunday harakatlar uchun Slovakiya va Vengriyani afzal ko'rishlari istisno etilmayapti. SVRning fikricha, bu Kiyevga “qo'shimcha imtiyozlar” beradi, chunki Ukrainadagi mojaro bo'yicha alohida pozitsiyani egallagan Yevropa Ittifoqi davlatlari obro'sizlanadi, deb xabar beradi tass.ru.