Hozirgi kunda nafaqat yoshlar balki yoshi katta insonlar ham zamon bilan hamnafas yashashga intilmoqda. Turli xil ijtimoiy tarmoqlardan foydalanib o'zi uchun kerakli va qiziqqan ma'lumotlarni matn shaklida o'qib, video shaklida ko'rib, audio shaklida tinglab bilib olmoqda. Ana shunday platformalarning eng ommaboplaridan biri YouTube hisoblanadi.
Inglizchadan tarjima qilganda “oynai jahon” ma'nosini anglatuvchi YouTube platformasi videoxosting xizmati bo'lib, unda foydalanuvchilar videolarni yuklashlari, ko'rishlari, baholashlari, fikr bildirishlari, sevimlilarga qo'shishlari va videolarni baham ko'rishlari mumkin. Saytda filmlar, kliplar, yangiliklar, ta'lim dasturlari, shuningdek, havaskor videolar, video bloglar, kulgili va boshqa videolardan bahramand bo'lishingiz mumkin.
YouTube 2005-yil 14-fevralda “Paypal” kospaniyasining sobiq uch ishchisi — Steve Chen, Chad Hurley va Javed Karim tomonidan “Python” dasturlash tili orqali yaratilgan. 2006-yil noyabr oyida “Google” tomonidan 1,65 milliard dollarga sotib olindi.
YouTube yangilanishlari: 2013-yil avgust oyida sahifaning yuqori qismiga video yuklash belgisi o'rnatildi. Bu foydalanuvchilarga kerakli video(lar)ni mobil qurilmalariga yuklash va istalgan vaqt ko'rish imkonini beradi. 2015-yil iyul oyida YouTube ning Android 10.28 versiyasi yaratildi. Undagi eng muhim o'zgarish — vertikal ravishda, to'liq ekran rejimida suratga olingan videolarni avtomatik ravishda 90 gradusga o'girilib, butun ekranni egallashida edi.
2020-yil yanvar oyida YouTube SOPPAga rioya qilish uchun "kattalar va bolalar uchun tarkib" bo'yicha cheklovlar joriy qildi. Yangi qoidalarga ko'ra, muhim o'zgarishlar bolalar auditoriyasi uchun xizmat qiladi.
O'zbekistonda ham YouTube foydalanuvchilari etarlicha. “Youtube”ning Markaziy Osiyodagi rasmiy hamkori Samson Bezmyatejniyning aytishicha, “O'zbekistonlik foydalanuvchi kuniga o'rtacha beshta video tomosha qiladi. YouTube har oy O'zbekistonda 100 milliondan ortiq tomosha qilinmoqda.”
Yurtimizda platformaning asosiy auditoriyasi erkaklar bo'lib, o'zbeklar asosan saytga mobil qurilmalari orqali kirishadi (72%). O'zbekistonda video xizmatning asosini 25-34 yoshdagi odamlar tashkil etib, ular umumiy auditoriyaning 38%ini tashkil qiladi.
YouTubega birinchi video — Javed Karimning San-Diego hayvonot bog'idagi 18 soniyalik havaskor kadrlari 2005-yil 23-aprelda mahalliy vaqt bilan soat 20:27da joylashtirilgan. 2011-yilning 14-dekabr kuni Moldytoaster Media nikli foydalanuvchi tomonidan YouTubega eng davomiy video (596 soat, 31 daqiqa va 21 sekund) yuklangan. YouTubedagi eng birinchi fikr esa Sobaltgruv nikli foydalanuvchi tomonidan aynan eng birinchi yuklangan videoda qoldirilgan. Fikr matni quyidagicha bo'lgan: “Interesting…” (Qiziqarli...).
YouTubening barcha trafiklarining 15,2 foizi AQSHga to'g'ri keladi — bu mamlakatlar bo'yicha eng katta segment. AQSHda 15-25 yoshdagi foydalanuvchilarning 81 foizi YouTubedan foydalanmoqda. Sayt yoshlarga murojaat qilish uchun juda mos keladi. YouTube turli yosh guruhlari orasida mashhurdir.
YouTube bizga foyda keltiradimi, degan savolga quyidagicha javob beramiz — “Ha, albatta”. Siz YouTube orqali istalgan vaqt va joyda, YouTube dasturi mavjud bo'lgan istalgan qurilmangizda o'zingizni qiziqtirgan videolarni ko'rishingiz mumkin. Undan foydalanish mutlaqo bepul (video yuklash, o'rnatish, o'rganish va h.k.).
YouTube — tasvir va ovozga ega katta raqamli kutubxona. Musiqa, film, klip, kulgili videolar, o'yin-shoular va boshqa ko'plab ma'lumotlar olishimiz mumkin bo'lgan joy. Bizga kerakli bo'lgan barcha turdagi videokliplar (baxtsiz hodisalar, munosabatlar, aldovlar va boshqa bizga namuna bo'luvchi videolar) mavjud.
YouTubedagi ba'zi videolar umidsiz bo'lganlarga umidvor bo'lishga yordam beradi. Ta'lim jarayonida YouTube dunyoning boshqa qismida joylashgan professor-o'qituvchilardan bilim olish, o'qish-o'qitish videolarini taqdim etishda yordam beradi va talabalar istalgan vaqtda, istalgan joyda hech qanday to'lovsiz bilim olishlari mumkin. Barcha auditoriyaga, ayniqsa, universitetga kirish imkoniyati bo'lmaganlar uchun yuqori malakali o'qituvchi bilan o'qish imkoniyatini beradi. Bu orqali esa biz vaqtimiz va byudjetimizni tejashimiz mumkin. Bu yerda har kim o'z mahorat va iste'dodini targ'ib qilib, YouTubega joylashtirish orqali mashhur bo'lishi mumkin va shu tarzda mashhur bo'lganlar ko'p.
Har bir platformada bo'lgani kabi YouTubening ham o'z qonun-qoydalari bo'lib, unga rioya qilish talab etiladi. Masalan, YouTube platformasiga joylash taqiqlangan video yuklansa, avtomatik ravishda YouTube uni o'chirib, foydalanuvchini bloklab qo'yadi. YouTubega joylangan videoni boshqa bir inson mobil qurilmasiga yuklab o'z manfaatlari orqali nopok ishlarga qo'l urishi ham mumkin va bu bevosita mualliflik huquqlari buzilishiga olib keladi.
Aziza Sharofiddinova tayyorladi.








