Tasviriy sanʼat taʼlimiga eʼtibor

    Fikr 7 Avgust 2025 667

    Koʻpchilik kutgan, soha uchun muhim qaror

    Tasviriy sanʼat – rassomlik, haykaltaroshlik, grafika va boshqa yoʻnalishlar inson tafakkuri, tuygʻulari hamda hayotiy qarashlarini ifoda etuvchi badiiy vosita sifatida qadimdan insoniyat hayotida chuqur maʼnaviy va madaniy ahamiyat kasb etib keladi. Ayniqsa, milliy tasviriy sanʼat asarlari tarixiy voqealar, qadriyatlaru jamiyatdagi oʻzgarishlarni, shuningdek, xalqning oʻziga xos dunyoqarashi va madaniy merosini estetik jihatdan tarannum etadi. Amaliy sanʼat asarlari esa kundalik hayotda foydalaniladigan buyumlar boʻlish bilan birga, xalq hunarmandchiligining zargarlik, kulolchilik, kashtachilik va yogʻoch oʻymakorligi kabi tarixiy anʼanalarini davom ettirib, kelajak avlodga yetkazishga xizmat qiladi.

    Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti respublikamizda tasviriy va amaliy sanʼat, dizayn, sanʼatshunoslik, muzeyshunoslik sohalarida oliy maʼlumotli, yetuk va malakali mutaxassis kadrlar tayyorlaydigan yagona, yetakchi badiiy taʼlim muassasasidir.

    Oʻzbekiston tasviriy va amaliy sanʼatini yanada rivojlantirish va jahon miqyosida ommalashtirish, isteʼdodli yosh rassomlarni qoʻllab-quvvatlash, badiiy taʼlim tizimini ilgʻor xorijiy tajribalar asosida takomillashtirish, shuningdek, yangi zamonaviy texnologiyalarni qoʻllagan holda kreativ loyihalarni amalga oshirish maqsadida institutimizda Oʻzbekiston Badiiy akademiyasining 16 akademigi va Oʻzbekiston xalq rassomlarining ilmiy maktablari ochilgan. Ularning shogirdlari bugun oʻz ijodiy asarlari bilan yurtimiz shaharsozligini yanada boyitish va estetik koʻrk bagʻishlashga hissa qoʻshmoqda.

    Oliy taʼlim muassasasi professor-oʻqituvchilari xalqaro hamkorlik doirasida xorijiy oliy oʻquv yurtlarida, jahon muzeylari va galereyalarida malaka oshirish imkoniyatiga ega. Shuningdek, ilmiy salohiyatni yuksaltirish maqsadida institutda oliy taʼlimdan keyingi taʼlim izchil yoʻlga qoʻyilgan. Sanʼatshunoslik fanlari boʻyicha dissertatsiyalar himoyasi kengashi ham faoliyat yuritmoqda. Institut professor-oʻqituvchilari, doktorantlari, mustaqil izlanuvchilari va iqtidorli talabalarining dolzarb mavzulardagi ilmiy maqolalarini xalqaro va respublika ilmiy jurnallarida nashr etish choralari koʻrilgan.

    Prezidentimizning shu yil 1-iyuldagi “Tasviriy va amaliy sanʼat sohasini yanada rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori soha uchun uzoq kutilgan muhim huquqiy asos boʻldi. Qarordan rassom, haykaltarosh, amaliy sanʼat ustalari, sanʼatshunos, muzeyshunos va dizayner kadrlar tayyorlash boʻyicha muhim bandlar oʻrin olgani Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti jamoasi zimmasiga qator dolzarb vazifalarni yuklaydi.

    Xususan, 2026/2027 oʻquv yilidan boshlab Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida dunyoning nufuzli xorijiy oliy taʼlim muassasalari standartlariga asoslangan taʼlim dasturlari joriy etiladi. Bu yangilik orqali OTM talabalari ilgʻor bilim va amaliy koʻnikmalarni xalqaro mezonlar asosida toʻgʻridan-toʻgʻri egallash imkoniyatiga ega boʻladi. Shu bilan birga, talabalarning akademik hamda kasbiy imkoniyati kengayib, xalqaro maydonda raqobatbardosh mutaxassislarga aylanishiga zamin yaratiladi. Yangi dasturlar orqali nafaqat nazariy bilimga, balki amaliyotga asoslangan taʼlimga ham alohida eʼtibor qaratiladi. Bu esa innovatsion yondashuv, ijodiy tafakkur va global miqyosda fikr yuritish qobiliyatini shakllantiradi.

    Bundan tashqari, institutimizda tashqi oʻrindoshlik asosida faoliyat yuritayotgan, ilmiy daraja va unvonga ega ijodkor pedagog kadrlar (asosiy ish joyi boshqa oliy taʼlim tashkilotlarida boʻlgan xodimlar bundan mustasno) mazkur taʼlim tashkilotining ilmiy salohiyati koʻrsatkichida inobatga olinadi. Ushbu yondashuv oliy taʼlim muassasasining ilmiy salohiyatini oshirish, yetuk mutaxassislarni keng jalb etish va oʻqitish sifatini oshirishga xizmat qiladi. Ijod maydonida oʻz oʻrniga ega, taniqli mutaxassislarni taʼlimga kengroq jalb qila olamiz. Shuningdek, bu orqali institut oʻz tarkibida tajribali va nufuzli kadrlarni jamlab, xalqaro reytinglarda yuqori oʻrinlarni egallashi mumkin.

    Endi institutda faoliyat yuritayotgan pedagog kadrlarning yuksak badiiy asarlari institut kengashi qaroriga asosan monografiyaga tenglashtiriladi. Ushbu tartib Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida ishlayotgan pedagog kadrlarning ijodiy mehnatini qadrlashga qaratilgan boʻlib, ular yaratgan estetik, konseptual va professional darajadagi ahamiyatli ijodiy ishlar ilmiy monografiya bilan teng eʼtirof etiladi. Bu amaliy-ijodiy faoliyatni ilmiy faoliyat bilan bir xil darajada baholash imkonini beradi. Shuningdek, ijodkor pedagoglarga nisbatan adolatli yondashuvni taʼminlab, ularning ilmiy unvon va daraja olishdagi imkoniyatini kengaytiradi hamda sanʼat va dizayn sohasidagi tajribaviy faoliyatni ragʻbatlantiradi.

    Aksariyat ijodkorlar ilmiy daraja olishda muammolarga duch kelar edi. Garchi yurtimiz, hatto jahon miqyosida eʼtirofga sazovor asarlar yaratgan boʻlsa-da, vaqt va boshqa sabablarga koʻra ilmiy tadqiqotlar bilan shugʻullanishda oqsash kuzatilardi. Bu amaliyotning joriy etilishi ijodkor mehnatining yana bir muhim eʼtirofi boʻldi.

    Qqarorga asosan, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutining oʻquv dasturi doirasida psixologiya va pedagogika fanlaridan tahsil olgan rangtasvir, amaliy sanʼat va dizayn bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari hamda magistratura mutaxassisliklari bitiruvchilariga umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida tasviriy sanʼat fanidan dars berishga ruxsat etiladi.

    Ushbu bandning kiritilishi, bir tomondan, koʻplab yoshlarimizni ish bilan taʼminlash uchun katta imkoniyatlar eshigini ochadi. Shu vaqtgacha bitiruvchilarimiz faqat ixtisoslashtirilgan maktablarda dars berishi mumkin edi. Natijada ayrim bitiruvchilarimiz yaqin atrofda bunday maktab topilmagani yoki u yerda boʻsh ish oʻrni mavjud emasligi sababli ish topishda muammolarga duch kelardi. Endi bu muammoga ham samarali yechim topildi.

    Bundan tashqari, ijtimoiy soha obyektlarining qurilish smetasiga badiiy-ijodiy ishlarni xarid qilish xarajati kiritiladi. “Yangi Oʻzbekiston manzaralari”, “Buyuk allomalar” va “Zamon qahramonlari” kabi turkum ijodiy asarlarni davlat buyurtmasi asosida yaratish tizimi yoʻlga qoʻyiladi. Bu esa institutimiz professor-oʻqituvchilari tomonidan yangi ilmiy-ijodiy, amaliy, innovatsion va fundamental loyihalarning bajarilishida muhim manba boʻlib xizmat qiladi.

    Tasviriy va amaliy sanʼatni rivojlantirish faqat milliy merosni asrash emas, balki jahon hamjamiyatida mamlakatimizning kuchli madaniy imijini shakllantirish demakdir. Prezidentimiz qarorida belgilangan chora-tadbirlar mamlakatimizda badiiy taʼlim tizimini tubdan isloh qilish va umumiy madaniy muhitni yuksaltirish barobarida, xorijiy aloqalarni kengaytirish orqali madaniy muloqot rivojiga ham xizmat qiladi.

    Bugungi globallashuv sharoitida har bir davlatning madaniy nufuzi dunyoga taqdim etayotgan sanʼati, madaniyati va maʼnaviy qadriyatlari bilan belgilanar ekan, Oʻzbekiston ana shunday yuksak madaniy salohiyatga ega mamlakat sifatida oʻzining noyob sanʼat maktabini yaratish yoʻlida dadil ilgarilamoqda.

    Bu gʻamxoʻrlik va eʼtibor yuksak samara berishiga ishonchimiz komil. Oʻzbek sanʼati va madaniyati yanada rivojlanib, yuksak marralarni zabt etishda davom etadi. Shu maʼnoda, mazkur qaror Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti singari taʼlim maskanlarining ilmiy, ijodiy va madaniy yuksalishi uchun mustahkam poydevor, istiqbolli taraqqiyot dasturi boʻlib xizmat qiladi. Institut professor-oʻqituvchilari va jamoasi ushbu vazifalarni yuksak masʼuliyat bilan bajarishga tayyor.

    Omonulla SOLIHOV,

    Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik

    va dizayn instituti rektori