“Tata Steel Chess-2025”: 10-tur ostonasida Nodirbek Abdusattorov 2-oʻrinni band etgan

    Sport 29 Yanvar 2025 1266

    Niderlandiyaning Veyk-an-Zeye shahrida davom etayotgan “Tata Steel Chess-2025” turnirining 9-turida Nodirbek Abdusattorov qora donalarda AQSH vakili Fabiano Karuana bilan durangga erishdi.

    Chempionlikka asosiy nomzodlardan biri hindistonlik Dommaraju Gukesh oq donalarda hamyurti Leon Lyuk Mendonkadan ustun keldi. 3-oʻrinda borayotgan Rameshbabu Praggnanandxa niderlandiyalik Anish Giriga imkoniyatni boy berib qoʻydi. 5 ochko bilan keyingi pogʻonada joylashgan asli rossiyalik hozirda Sloveniya sharafini himoya qilayotgan Vladimir Fedoseyev hind vakili Pentala Xarikrishnani yengdi.

    Aynan ushbu natijalardan keyin Dommaraju Gukesh 6,5 ochko bilan yakka peshqadamga aylanib oldi. 6 ochkoga ega Nodirbek Abdusattorov va Vladimir Fedoseyev 2- va 3-oʻrinni band etib turibdi.

    “Chellenjer” guruhidagi “jang”lar ham murosasiz tarzda davom etmoqda. Hamyurtimiz Nodirbek Yoqubboyev kecha oʻtgan 9-tur bahsida niderlandiyalik Ervin Lʻami bilan durang oʻynadi.

    Bugun, 29-yanvar kuni xalqaro turnirning 10-tur oʻyinlari tashkil etiladi. Unda Nodirbek Abdusattorov oq donalarda 5 ochkoga ega serbiyalik Aleksey Sarana bilan kuch sinashadi.