“Tata Steel Chess-2025”ning ilk turida Abdusattorov durangga, Yoqubboyev gʻalabaga erishdi

    Sport 20 Yanvar 2025 1211

    Niderlandiyaning Veyk-an-Zeye shahrida shaxmat boʻyicha anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinayotgan “Tata Steel Chess-2025” turnirining bu yilgi musobaqalarida Abdusattorov durangga, Yoqubboyev gʻalabaga erishdi.

    UzA'ning yozishicha, “Masters“ guruhida gʻoliblik uchun kurash olib borayotgan hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov 1-turda qora donalarda hindistonlik Rameshbabu Pragnanandxa bilan kuch sinashgan.

    Oʻziga xos kechgan kurashning 42-yurish holatidagi tenglik tomonlarning murosa yoʻlini tanlashiga olib keldi.

    Xalqaro turnirning 2-turida Abdusattorov yana bir hindistonlik Leon Lyuk Mendonka bilan oq donalarda kuch sinashadi.

    Musobaqaning “Chellenjer” guruhida dona surayotgan Nodirbek Yoqubboyev dastlabki turda hindistonlik Divya Deshmux bilan roʻbaroʻ keldi. Uchrashuvning 48-yurish vaziyatida qora donalarda harakatlangan hamyurtimiz gʻalabani tantana qildi.

    Endi turnirning 2-turida Yoqubboyev oq donalarda qozogʻistonlik Kazebek Nogerbek bilan bahs olib boradi.

    1-tur yakunlariga koʻra, Abdusattorov 8 nafar shaxmatchi singari 0,5 ochko bilan qoʻshimcha koʻrsatkichlarga koʻra, 4-oʻrinni egallab turibdi.

    13 ta turdan iborat “Tata Steel Chess-2025” musobaqalari 2-fevralga qadar davom etadi.