8-11-iyun kunlari Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vaziri oʻrinbosari Qurbon Tursunov, Toshkent shahar hokimi oʻrinbosari Sharof Rahmonov va Toshkent viloyati hokimi oʻrinbosari Najmiddinxoʻja Sharipovlardan iborat Oʻzbekiston delegatsiyasining Tataristonga xizmat safari amalga oshirilmoqda.

Tashrif davomida ikki tomon oʻrtasida investitsiya, savdo-eksport, uy-joy kommunal xizmat sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish maqsadida shartnoma va kelishuvlarga erishish koʻzda tutilgan.

Tashrif chogʻida Toshkent shahar hokimi oʻrinbosari Sharof Rahmonov Tataristondagi quvurlar va qurilish uchun metall konstruksiyalarni ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Tempo” xolding kompaniyasi rahbarlari bilan uchrashdi. Oʻzaro muloqot davomida tomonlar Toshkentda quvurlar uchun polipropilen uritan qoplamalarini ishlab chiqaruvchi zavodni tashkil etish loyihasini amalga oshirish masalasini muhokama etdilar.

Shuningdek, Sharof Rahmonov “Kukmara” kompaniyasining rahbariyati bilan ham uchrashib, tomonlar poytaxtimizda maishiy buyumlarni ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxona faoliyatini yoʻlga qoʻyish istiqbollari borasida fikr almashdilar.

Taʼkidlash joiz, tashrif davomida oʻzbek delegatsiyasining Qozon shahri meriyasi mutasaddilari bilan uchrashuvi oʻtkazilishi hamda Toshkent va Qozon oʻrtasida oʻzaro anglashuv memorandumini imzolash masalasi muhokama etilishi rejalashtirilgan.