Forum doirasida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari vaziri Sh. Sodiqov hamda Belarus davlat informatika va radioelektronika universiteti rektori Vadim Bogushning uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

Uchrashuv avvalida, Oʻzbekiston Respublikasi AKT vaziri Sh.Sodiqov tomonidan bugungi kunda Oʻzbekiston va Belarus oʻrtasidagi oʻzaro sheriklik munosabatlari samarali rivojlanib borayotganligini taʼkidladi. AKT sohasi hozirgi kunda ustuvor yoʻnalishlar qatoriga kiradi, shu munosabat bilan ikki mamlakat hamkorligida bir qator loyihalar amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, Belarus Respublikasi Prezidentining 2018-yil sentyabr oyida Oʻzbekiston Respublikasiga davlat tashrifi doirasida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va Belarus davlat informatika va radioelektronika universiteti bilan hamkorlikda yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashga yoʻnaltirilgan hamkorlik asosidagi fakultet (TATU-BDIRU) tashkil etilgan.

Bugungi kunda hamkorlik asosidagi fakultetning birinchi kursida 361 nafar talaba, ikkinchi kursda 484 talaba uchta yoʻnalish yaʼni “Axborot texnologiyalari dasturiy taʼminoti”, “Dasturlashtiriladigan mobil tizimlar” va sunʼiy intellekt boʻyicha taʼlim olyaptilar. Fakultetda oʻqitish “2 + 2” modeli asosida amalga oshiriladi: dastlabki 2 yillik oʻqish TATU va uning mintaqaviy filiallarida, keyingi 2 yil esa BDIRUda boʻlib oʻtadi. Talabalar oʻqishni bitirgandan soʻng, ikkala universitetning diplomiga ega boʻladilar.

Uchrashuv davomida ikki universitet oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikni yana-da rivojlantirish shu jumladan, bakalavr va magistr darajalari boʻyicha yangi mutaxassisliklarni ochish, hamda BDIRU oʻqituvchilari bilan onlayn formatda sifatli darslar va kunduzgi maʼruzalar oʻqitilishini yoʻlga qoʻyish, Belarus universitetida hamkorlik asosidagi fakultet oʻqituvchilarining amaliyotini tashkil etish, birgalikda tadqiqotlar olib borish masalalari muhokama qilindi, deb xabar beradi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati.