Konferensiya xalqaro Elektronika va elektrotexnika muhandislari instituti (IEEE) bilan hamkorlikda TATU va uning Samarqand filialida oʻtkazilyapti. Unda AQSH, Kanada, Saudiya Arabistoni, Koreya Respublikasi, Hindiston, Malayziya, Xitoy Xalq Respublikasi kabi dunyoning 10 dan ortiq mamlakatlaridan ilgʻor oliy taʼlim muassasalari va ilmiy-tadqiqot markazlarining yetakchi olimlari, tadqiqotchilari va izlanuvchilari ishtirok etyapti.
Ushbu tadbirni oʻtkazishdan koʻzlangan asosiy maqsad – axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida ilmiy-tadqiqotlarini amalga oshirayotgan olimlar va izlanuvchilarning ilmiy-tadqiqot natijalarini muhokama qilish, kelgusi tadqiqotlar yoʻnalishlarini belgilash boʻyicha oʻzaro fikr hisoblanadi, deb xabar beradi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati.