Tavakkal Qodirov tavalludining 100-yilligini nishonlash YUNESKOning xalqaro yubileylar roʻyxatiga rasman kiritildi

    YUNESKO tomonidan 2026–2027-yillarda nishonlanadigan xalqaro yubileylar roʻyxatiga Tavakkal Qodirov tavalludining 100-yilligi rasman kiritildi.

    Bu haqda "Dunyo" AA xabar berdi.

    Yozilishicha, Tavakkal Qodirov tavalludining 100-yilligini 2026–2027-yillarda YUNESKO doirasida nishonlanadigan xalqaro yubileylarga roʻyxatiga qoʻshish boʻyicha Oʻzbekistonning (Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkiya va Turkmaniston qoʻllab-quvvatlovi bilan) taklifi Samarqand shahrida oʻtkazilgan YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasida maʼqullangan edi.

    YUNESKOning mazkur qarori atoqli oʻzbek qoʻshiqchisi Tavakkal Qodirovning musiqa, qoʻshiqchilik sanʼati va madaniyat sohalarining rivoji hamda shu orqali YUNESKO maqsad-vazifalarini ilgari surishga qoʻshgan beqiyos hissasiga xalqaro hamjamiyat tomonidan berilgan yuqori bahoning yorqin namunasi boʻldi.

    Oʻzbek xalqining ardoqli farzandi, betakror isteʼdod sohibi Tavakkal Qodirov qoʻshiqchilik sanʼati rivojiga salmoqli hissa qoʻshgan hofiz edi. U 1926-yilning 10-iyunida Quva tumanidagi Sultonobod qishlogʻida Qodir ota va Toʻti buvi oilasida tavallud topgan.

    1989-yilda oʻzbek qoʻshiqchilik sanʼatini rivojlantirishga qoʻshgan katta xizmatlari uchun unga “Oʻzbekiston xalq artisti” unvoni berilgan. Tavakkal Qodirov faoliyati davomida Fargʻona davlat filarmoniyasiga koʻp yillar rahbarlik qilib, xalqimiz mehr-muhabbatini qozondi. U oʻz qoʻshiqlari bilan Markaziy Osiyogagina emas, balki butun dunyoga xalqimiz dovrugʻini yoydi. Yuzdan ziyod koʻshiqlari oʻzbek sanʼatining oltin fondidan joy oldi.

    Hofiz eron, hind, arman, ozarbayjon, uygʻur, arab kabi jahon xalqlarining koʻp tillarida qoʻshiqlar yaratib, yurtimiz va jahonda minglab sanʼat ixlosmandlarining tahsiniga sazovor boʻlgan.

    2026–2027-yillarda Tavakkal Qodirov tavalludining 100-yilligini nishonlash – turli xalqaro va mahalliy tadbirlarni tashkillashtirish, oʻzbek musiqa va qoʻshiqchilik sanʼatining buyuk namoyondasining ijodiy merosi va xalqimizning betakror madaniyatini xalqaro maydonda keng targʻib qilish imkonini beradi.