Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrugga qarashli Qarshi garnizonida yigitlik burchini ado etayotgan muddatli harbiy xizmatchilar Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutida oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishi uchun beriladigan tavsiyanomalar uchun test sinovlaridan oʻtishni boshladi.
Tavsiyanomalar Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtab boʻlgan, jangovar va maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarlik boʻyicha yuksak natijalarga erishgan, zaruriy bilim saviyasiga ega, namunali harbiy intizomini namoyon etgan eng munosib harbiy xizmatchilarga beriladi.
Muddatli harbiy xizmatchilar uchun moʻljallangan test savollarining umumiy soni 100 ta boʻlib, ularning 40 tasi — jangovar tayyorgarlik, 20 tasi — maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarlik, 10 tasi — matematika fani, 10 tasi — fizika fani boʻyicha test savollaridan, shuningdek qolgan 20 tasi — mantiqiy test savollaridan iborat boʻladi.
Har bir toʻgʻri javob uchun: jangovar tayyorgarlik boʻyicha — 1,2 ball, maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarlik boʻyicha — 1,1 ball, matematika boʻyicha — 1 ball, fizika boʻyicha — 1 ball, mantiqiy savollar boʻyicha — 1 ball beriladi.
Prezidentimiz Qarori bilan taʼsis etilgan harbiy qism qoʻmondonligi tavsiyanomasi muddatli harbiy xizmatchilar – ertamiz davomchilari boʻlgan yoshlar qalbida Qurolli Kuchlarimiz saflarida xizmat burchini sharaf bilan oʻtashga, armiya maktabida qatʼiy iroda va xarakter, faol hayotiy pozitsiyani shakllantirishga, yuksak insoniy fazilatlarga ega boʻlishga, harbiylikdek sharafli kasbga boʻlgan qiziqish va havasni yanada oshirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, Sharqiy harbiy okrug qoʻshinlari Fargʻona, Andijon va Namangan garnizonlarining muddatli harbiy xizmatchilarga ham tavsiyanoma berish boʻyicha test sinovlari boshlandi.
Taʼkidlash kerakki, muddatli harbiy xizmatchilar orasida tavsiyanoma uchun test jarayonlari barcha harbiy okruglarda boʻlib oʻtayotganini maʼlum qilmoqda Mudofaa vazirligi axborot xizmati.