Aynan oʻsha paytda sobiq jahon chempioni ringga qaytishini eʼlon qilib, “har qanday bokschi bilan jang qilishga tayyor”ligini eʼlon qilgandi.

Shundan beri uning aynan kim bilan va qayerda mushtlashishi masalasi shov-shuvli tarzda muhokama etilayotgandi. 21-iyul kuni Boxingscene sayti temir Mayk kichik Roy Jons bilan jang olib borishi haqidagi xabarni tarqatdi. Faqat uchrashuv sanasi hamda joyi savol ostida qolayotgan edi.

Lenta.ru saytining yozishiga koʻra, Tayson va Jons oʻrtasidagi jang 12-sentyabr kuni AQSHning Kaliforniyasida oʻtkaziladi. Jang Triller ijtimoiy tarmogʻi orqali keng jamoatchilikka namoyish etiladi. Uchrashuv 8 raunddan iborat boʻlib, musobaqa koʻrgazmali tarzda tashkillashtiriladi.

Bugun Mayk Tayson TMZ nashriga bergan intervyusida “jangga jiddiy hozirlik koʻrayotganligini taʼkidlab, 6.5 km masofaga chopayotganligini, mashgʻulotlarni bir maromda olib borayotganligini va doimiy odatiga koʻra shiddatkor jang olib borishga tayyorligini bildirgan. Shu bilan birga u «men professional ringga pul yoki boshqa maqsadlarni koʻzlab qaytayotganim yoʻq. Birdan bir niyatim xayriya maqsadlarni amalga oshirish. Shuning uchun meni boy boʻlib ketadi, Tayson katta mablagʻlarni qoʻlga kiritadi, deb xavotirlanmang», deya iqtibos keltirgan.

Oʻz navbatida Jons 54 yoshli “keksa bokschi” bilan mushtlashish unga zavq bagʻishlashini aytgan.

Maʼlumot uchun: Tayson soʻnggi bor 2005-yili professional boks musobaqasida qatnashgan edi. Profi boksda 66 bor gʻalabaga erishgan jahon chempioni Jons esa 2018-yili katta ring bilan xayrlashgandi.

Toʻlqin ROʻZIYEV.