Bu – “tayyor shablonlar tuzog‘i”. Zamonaviy ta’limning asosiy baholash mezoniga aylangan test tizimi, afsuski, ko‘pincha chuqur fikrlaydigan mutaxassisni emas, balki to‘g‘ri javobni “ovlaydigan” reflektor kadrlarni yetishtirib bermoqda.

Xo‘sh, faqat ma’lum bir test qoliplari ichida fikrlashga o‘rgatilgan, muammoga ijodiy va tizimli yondasha olmaydigan mutaxassisdan kelajakda nima kutish mumkin? Ushbu maqolada biz yuzaki ta’limning jamiyat, iqtisodiyot va ilm-fan rivojiga ko‘rsatayotgan yashirin, salbiy ta’sirlari hamda mazkur tuzoqdan chiqish yo‘llarini tahlil qilamiz.

Afsuski, oliy ta’lim muassasalarida hali ham eskicha qoliplardan voz kecholmayotgan omillar ko‘zga tashlanyapti. Shulardan eng xavflisi – ma’ruza matnlarida ayrim gaplarni tayyor test savoli sifatida ajratib ko‘rsatish va talabalarni faqat o‘sha jumlalarni yodlashga majburlash tizimidir. Zamonaviy pedagogika va kognitiv psixologiya sohasi ekspertlari ham bu metodni bugungi kunda eng ko‘p tanqid qilinadigan, samarasiz yondashuv deb hisoblashmoqda. Shu bois oliy ta’lim muassasalarida ma’ruza o‘qish va talabalar bilimini baholash tizimi tubdan o‘zgarishni talab qilmoqda.

Talim psixologiyasida F. Marton va R. Sälö tomonidan kiritilgan “chuqur o‘rganish” va “yuzaki o‘rganish” tushunchalari mavjud. Unga ko‘ra, tayyor gaplarni belgilab berish talabani matn ichidan faqat o‘sha kalit so‘zlarni mexanik qidirishga (ko‘chirishga) o‘rgatadi. Natijada talaba darslikni yaxlit tizim sifatida o‘qimaydi.

Manbalarga ko‘ra, yuzaki o‘rganishda olingan bilimlar qisqa muddatli xotirada saqlanadi va imtihon o‘tishi bilan unutiladi. Bu esa professional dunyoqarash poydevorini yo‘qqa chiqaradi. Bu borada Amerikalik psixolog Benjamin Bloom ta’lim maqsadlarining iyerarxik modelini ishlab chiqqan. Unga ko‘ra, haqiqiy mutaxassis bo‘lish uchun fikrlash bir necha bosqichdan o‘tishi kerak.

To‘rt bosqichli ushbu model natijasiga ko‘ra, agar talaba oldindan tayyorlangan sinov usulidan foydalansa, talaba avtomatik ravishda bu gapni eslab qoladi (jarayon shu yerda to‘xtaydi), gapning mohiyati va uning sabab-oqibatini tahlil qilolmaydi, u o‘z bilimlarini yangi vaziyatda qo‘llay olmaydi, hech qachon yuqori natijalar sodir bo‘lmaydi.

Agar talaba haqiqiy professional fikrlash tarziga ega bo‘lsa, u barcha shartlar va qoidalarni eslaydi, matnni o‘z so‘zlari bilan tushuntirish qobiliyatiga ega bo‘ladi, nazariyani amaliy muammolarga qo‘llay biladi, tizim muammolarini aniqlaydi va hal qiladi.

Xulosa qilish mumkinki, matndan tayyor gaplarni yod olgan talaba taksonomiyaning eng past darajasiga, ya’ni “yodlab o‘rganish”ga odatlanadi. Unda tahlil qilish va amaliy qo‘llash kabi professional ko‘nikmalar rivojlanmaydi.

Agar ta’lim jarayoni oldindan tayyorlangan bayonotni yodlashga va imtihonda unga to‘g‘ri javob berishga (tashqi motivatsiya – baholar) qaratilsa, talabaning ichki motivatsiyasi pasayadi. Natijada talabalarda “Agar men bu bayonotni yodlasam, o‘taman” kabi ma’nosiz, majburiy yondashuv rivojlanadi. Faqat belgilangan gaplarni alohida ajratib yodlash oqibatida talabalar so‘zlarning oldingi va keyingi fikrlarga qanday bog‘langanini tushunmaydi. Bu kelajakda vaziyatlarni kengroq tahlil qila olmaydigan, faqat standart modellar doirasida fikrlaydigan shablon mutaxassisini yaratadi. Bu, o‘z navbatida, darsliklarda tayyor javob variantlarini qidirish funktsional savodsizlikka olib keladi (matnni tushunmasdan o‘qish).

Tahlillardan ma’lum bo‘lyaptiki, bugungi kunda oliy ta’lim tizimining baholash mezonlari va o‘qitish usullarini tubdan o‘zgartirish kerak. Ma’ruzalar test soyasidan tashqariga chiqishi zarur. Talabalar tayyor ta’riflarni yodlash o‘rniga, ma’ruzalar davomida noma’lum yechimlarga ega muammoli vaziyatlarni aniqlab, ularni hamkorlikda muhokama qilishlari lozim. Shuningdek, imtihonlarni quruq testlardan amaliy tadqiqotlarga (real hayotdagi vaziyatlarni tahlil qilish) va amaliy loyihalarga aylantirish vaqti keldi.

Xulosa o‘rnida aytganda, talabaga faqat test uchun kerakli jumlalarnigina ko‘rsatish –unga qilingan yaxshilik emas, balki uning kelajakdagi professional salohiyatini cheklashdir. Zamonaviy ta’limning maqsadi – tayyor qoliplarni xotirada saqlaydigan fleshka-odamlar”ni emas, balki har qanday vaziyatda yangi yechimlar topa oladigan ijodkor aql egalarini tarbiyalashdan iborat bo‘lishi shart. Professional dunyoqarash shakllanishi uchun talaba matn ustida mustaqil ishlashi, muammoni tahlil qilishi va xulosani o‘zi shakllantirishi kerak.

Imtihondagi og‘zaki javob, bu – shunchaki yod olingan dalillarni tekshirish emas, balki bir vaqtning o‘zida fikrlashning bir necha darajasini ishga soladigan dinamik baholash vositasidir. Talaba bitta qolipdagi javob bilan cheklanib qoladigan yozma testlardan farqli o‘laroq, og‘zaki javob berishi fanni qay darajada chuqur tushunilganini namoyon etish imkonini beradi.

Og‘zaki javob “yodlab olish”ni emas, haqiqiy tushunishni tekshiradi. Og‘zaki imtihonda javob variantini tasodifan topib bo‘lmaydi. Imtihon oluvchi talabaning mavzu mohiyatini tushunganini yoki shunchaki darslik matnini mexanik tarzda takrorlayotganini darhol payqaydi. Agar boshqa mavzuga o‘tib ketsangiz yoki fikringizni noaniq bayon qilsangiz, o‘qituvchining yo‘naltiruvchi savollari to‘g‘ri yo‘lga qaytish va xatoni o‘sha zahoti tuzatishga yordam beradi. Yozma ishda esa bunday xato darhol balldan ayrilishga sabab bo‘ladi.

Bir so‘z bilan aytganda, og‘zaki javob, bu – omma oldida so‘zlash, o‘z fikrini isbotlash va tushkunlikka chidamlilik bo‘yicha kuchli amaliy mashg‘ulotdir

Ra’no ISMOILOVA,
falsafa doktori,  dotsent.