Abiturientlar uchun hayajonli damlar boshlandi. 2020/2021 o'quv yili uchun oliy ta'lim muassasalariga kirish sinovi muddatlari belgilandi. Talabalikni orzu qilgan yoshlar so'nggi tayyorgarlikni ko'rmoqda.
Ayrim abiturientlar uchun esa sinovlar boshlanib ulgurdi. Jumladan, ham kasbiy (ijodiy) imtihon, ham test sinovlari o'tkazilishi ko'zda tutilgan CHaqiriqqacha harbiy ta'lim yo'nalishi bo'yicha Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetiga kirish uchun ro'yxatdan o'tgan abiturientlar uchun kasbiy (ijodiy) imtihonlar boshlandi.
Sinovlar 20 avgustda boshlanib, 28 avgustgacha davom etadi. Jarayon O'zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi sport inshootida o'tmoqda.
Abiturientlar uchun qator qulayliklar, jumladan, kasbiy (ijodiy) imtihon dasturi, zarur tavsiyalar va imtihon natijalari haqida ma'lumotlar olishi uchun tdpu.uz/kasbiy/chxt veb-sahifasi ishga tushirilgan.
Imtihonlar o'tkazilishidan 3 kun oldin abiturientlar ro'yxatdan o'tish vaqtida ko'rsatgan telefon raqamiga xabar yuborilib, ularga imtihon o'tkazilish sanasi, joyi va vaqti, abiturient imtihon topshiradigan guruh raqami ma'lum qilingan.
Xolislik va shaffoflikni ta'minlash maqsadida har bir imtihon o'tkazish joyi kuzatuv kameralari bilan jihozlandi. Ota-onalar uchun farzandlarining imtihon topshirish jarayonini ijodiy/tdpu.uz sahifasi orqali onlayn kuzatish imkoniyati yaratilgan.
Har bir abiturient, normativ hujjatlarda belgilanganidek, tibbiyot niqobi va qo'lqopi, ichimlik suvi bilan ta'minlanmoqda.