Unda Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov ishtirok etdi.
Uchrashuvlarda Turkiy Davlatlar Tashkiloti Bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev, Qirgʻiziston Respublikasi iqtisodiyot va savdo vaziri Daniyar Amangeldiyev, Turkiya Savdo vaziri Omer Bolat, Vengriya Tashqi ishlar va savdo vazirligi xavfsizlik siyosati boʻyicha davlat vaziri Peter Shtaray, Ozarbayjon iqtisodiyot vaziri oʻrinbosari Rovnag Abdullayev, Qozogʻiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari – milliy iqtisodiyot vaziri Nurlan Baybazarov ishtirok etdi.
Ishtirokchilarga murojaat qilar ekan, Laziz Kudratov TDT xalqaro munosabatlar tizimidagi muhim oʻrinni, BMT, JST, IHT, IHT va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan yaqin aloqalar oʻrnatganligini taʼkidladi.
Hududlararo tovar ayirboshlash, investitsiyalar, yuk tashish va turizm koʻrsatkichlarining oʻsishi qayd etildi. “Yashil” energiya va transport kommunikatsiyalarini rivojlantirish yoʻnalishlarida yirik mintaqaviy loyihalar amalga oshirib kelinyapti.
Soʻnggi 5-yilda Oʻzbekistonning TDTga aʼzo davlatlar bilan tashqi savdo aylanmasi 25 foizga oshdi va oʻtgan yil oxirida 10 milliard dollarni tashkil etdi. Respublikamizda TDTga aʼzo mamlakatlar kapitali bilan birgina joriy yil boshidan buyon 500 yangi korxonalar tashkil etildi va ularning umumiy soni 4 mingtaga yetdi. Oxirgi uch yilda TDT ishtirokchi-davlatlaridan Oʻzbekiston iqtisodiyotiga kiritilgan investitsiyalar hajmi 5 milliard dollardan oshdi.
TDT doirasida koʻp tomonlama iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan bir qator takliflar taqdim etildi. Xususan, savdo va yuk tashish tartib-taomillarini toʻliq raqamlashtirish, “Yagona darcha” tizimini yoʻlga qoʻyish, “yashil” yoʻlaklarni yaratish va bojxona punktlarining samarali ishlashini taʼminlash, shuningdek, oʻzaro investitsiyalarni ragʻbatlantirish va moliyaviy qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari joriy etish masalalari ilgari surildi.
Shuningdek, global logistika zanjirlari va transport yoʻlaklarini rivojlantirish va diversifikatsiya qilish, yagona tranzit tarmogʻini shakllantirish, Temir yoʻl maʼmuriyatlari kengashini tashkil etish va uning direksiyasini Oʻzbekistonda joylashtirish, shuningdek Tashkilot hududida ekologik toza elektr energiyasi ishlab chiqarishni koʻpaytirish maqsadida “Yashil energiya sari turkiy harakat” konsepsiyasini qabul qilish taklif etildi.
Yigʻilish doirasida Laziz Kudratovning boshqa mamlakatlardagi hamkasblari bilan bir qator uchrashuv va muzokaralari boʻlib oʻtdi hamda TDT doirasida va ikki tomonlama asosda hamkorlikning hozirgi holati va rivojlanish istiqbollari atroflicha muhokama etildi. Oʻzaro munosabatlarni yanada rivojlantirish bilan bir qatorda Oʻzbekiston tomoni ilgari surgan tashabbuslarni joriy qilish boʻyicha aniq qadamlar ishlab chiqildi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.