TDTUda insult va miya kasalliklariga bagʻishlangan xalqaro anjuman oʻtdi

    Fan 7 Noyabr 2025 856

    Toshkent davlat tibbiyot universiteti tashabbusi bilan “Hilton” mehmonxonasida insult va miya qon tomir kasalliklariga bagʻishlangan xalqaro konferensiya oʻtkazildi. Anjumanda soha olimlari va shifokorlar bu kasalliklarning oldini olish hamda zamonaviy davolash usullarini muhokama qildi.

    2025-yil 7-noyabr kuni, Toshkent shahridagi “Hilton” mehmonxonasida Toshkent davlat tibbiyot universiteti tashabbusi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi koʻmagida “Oʻtkir va surunkali serebrovaskulyar kasalliklarga zamonaviy yangicha yondashuv va dolzarb tadqiqotlar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtdi.

    Konferensiyaning maqsadi — insult va bosh miya qon tomir kasalliklarini erta aniqlash, oldini olish va samarali davolash boʻyicha zamonaviy ilmiy yutuqlarni muhokama qilish, shuningdek, tibbiy amaliyotga innovatsion yechimlarni joriy etishdan iboratdir dedi, – Toshkent davlat tibbiyot universiteti professori, Gulnora Rahimboyeva.

    Tadbir doirasida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining “Multifokal ateroskleroz va qon aylanish tizimi kasalliklari” mavzusidagi ilmiy granti doirasida amalga oshirilayotgan tadqiqotlar ham muhokama etildi.

    Anjumanda yetakchi mahalliy va xorijiy olimlar, soha mutaxassislari, amaliyotchi shifokorlar, respublikaning tibbiyot universitetlari va ilmiy markazlaridan kelgan vakillar, shuningdek nevrologlar, neyroxirurglar, klinik ordinatorlar va yosh tadqiqotchilar ishtirok etdilar.

    Maʼruzalar davomida serebrovaskulyar kasalliklarning etiologiyasi va patogenezi, yalligʻlanish jarayonlarining roli, sunʼiy intellekt yordamida erta diagnostika qilish usullari, innovatsion terapiya va neyroreabilitatsiya masalalari muhokama qilindi.

    Shuningdek, gemorragik va ishemik insultni davolashdagi yangi trombolitik usullar, ateroskleroz va uning urologik hamda osteoartikulyar asoratlari, shuningdek neyroximoya va regenerativ terapiya imkoniyatlari haqida soʻnggi ilmiy maʼlumotlar taqdim etildi.

    Toshkent davlat tibbiyot universiteti Nervrologiya va tibbiy psixologiya kafedrasi professori, tibbiyot fanlari doktori Maqsud Asadullayev oʻz nutqida shunday taʼkidladi:

    “Bugungi konferensiya tibbiyot fanidagi ilmiy hamkorlikni mustahkamlash, yangi bilim va tajribalar almashish uchun muhim minbardir. Insult va miya qon tomir kasalliklariga qarshi kurash nafaqat tibbiyot sohasining, balki butun jamiyatning vazifasidir. Shu bois, ilmiy tadqiqotlarni amaliy tibbiyotga joriy etish – har bir shifokor va olimning masʼuliyatidir.”

    Rektorning taʼkidlashicha, TDTU ilmiy faoliyatni rivojlantirish va yosh mutaxassislarning ilmiy salohiyatini oshirishga doimiy ravishda alohida eʼtibor qaratmoqda.

    Shu bilan birga, konferensiya yakunlari boʻyicha ilmiy hamkorlikni kengaytirish, qoʻshma tadqiqot loyihalarini yoʻlga qoʻyish, ilgʻor ilmiy yutuqlarni amaliyotga integratsiya qilish boʻyicha takliflar qabul qilindi.

    Xalqaro konferensiya nafaqat ilmiy muloqot maydoni, balki Oʻzbekiston tibbiyotida nevrologiya va qon aylanish tizimi kasalliklariga qarshi kurashda innovatsion yondashuvlarni amaliyotga joriy etishning yangi bosqichi boʻldi.

    Toshkent davlat tibbiyot universiteti oʻz anʼanalariga sodiq holda, ilmiy izlanishlar va xalqaro hamkorlik orqali jamiyat sogʻligʻini muhofaza qilish va tibbiy xizmat sifatini oshirishga hissa qoʻshishda davom etmoqda.

    Zulxumor AKBAROVA

    Hamkorlik materiali