Dastur doirasidagi mashg‘ulotlarda universitet rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, xalqaro hamkor tashkilotlar vakillari hamda ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanayotgan yosh olimlar ishtirok etdi.

Tadbir davomida “Scopus Camp” tashabbusining maqsad va vazifalari, ilmiy faoliyatni rivojlantirishdagi o‘rni hamda istiqbollari haqida batafsil ma’lumot berildi.

Ta’kidlanganidek, ushbu dastur TDYU olimlarini xalqaro ilmiy maydonga olib chiqish, ularning tadqiqotlarini yuqori reytingli jurnallarda e’lon qilish uchun zarur ko‘nikmalarni shakllantirishga qaratilgan.

Shuningdek, loyiha orqali universitet professor-o‘qituvchilari va tadqiqotchilarining ilmiy maqola yozish va nashr ettirish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish, Scopus, Web of Science kabi nufuzli ma’lumotlar bazalarida maqola chop etish jarayonlarini o‘rganish va qo‘llash, ilmiy ishlar sifati va akademik halollik tamoyillariga asoslangan plagiatning oldini olish, nashr etikasi, tahririy talablar bo‘yicha bilimlarni chuqurlashtirish, xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma tadqiqotlarni yo‘lga qo‘yish va xorijiy nashrlar bilan bevosita aloqalarni mustahkamlash hamda universitetning xalqaro reytinglardagi mavqeini oshirish va ilmiy jurnallar tarmog‘ida TDYU brendini targ‘ib etish rejalashtirilgan.

“Scopus Camp II”da 20 nafarga yaqin professor-o‘qituvchi ishtirok etdi. Dastur davomida ular ilmiy maqolalarni tayyorlash, tahrirlash, xalqaro nashrlarda e’lon qilish, akademik ingliz tili, plagiatning oldini olish, nashr etikasi va tahririy talablar bo‘yicha chuqurlashtirilgan treninglarda qatnashdi.

Mazkur tashabbus TDYUning xalqaro ilmiy hamjamiyatdagi o‘rnini yanada mustahkamlash, O‘zbekistonning huquqshunoslik sohasida global miqyosdagi ilmiy salohiyatini namoyon etish yo‘lida muhim ahamiyat kasb etdi.

Dastur orqali universitet olimlari xorijiy hamkorlar bilan qo‘shma tadqiqotlar olib bordi, zamonaviy ilmiy yondashuvlarni o‘rgandi va tajriba almashdi.

Ma’lumot uchun, 2025-yil fevral oyida TDYUda “Scopus Camp” dasturining birinchi bosqichi muvaffaqiyatli o‘tkazilgan edi. Dastur yakunida ishtirokchilar tomonidan 12 ta ilmiy maqola xalqaro hamkorlar bilan birgalikda tayyorlanib, Q1 toifasidagi nufuzli jurnallarda chop etilgan.

Xususan, “Legality” jurnalida 2 ta, “Journal of Human Rights, Culture and Legal System”da 5 ta, “Journal of Sustainable Development and Regulatory Issues”da 3 ta va “Ahwal” jurnalida 2 ta maqola nashr etilgan.

Mazkur yutuqlar Universitas Sebelas Maret (Surakarta, Indoneziya), State Islamic University (UIN) Salatiga, Universitas Muhammadiyah Malang hamda Contrarius Institute for International Academic Cooperation kabi xalqaro hamkorlar bilan yo‘lga qo‘yilgan samarali ilmiy hamkorlik natijasidir.

Bir so‘z bilan aytganda, “Scopus Camp II” dasturi Toshkent davlat yuridik universitetining ilmiy salohiyatini yangi bosqichga olib chiqish, o‘zbek huquqshunosligini xalqaro ilmiy muhitda munosib targ‘ib etish va TDYU olimlarini global akademik hamjamiyatning faol ishtirokchisiga aylantirish yo‘lida muhim platforma bo‘ldi.