TDYUU qoshidagi akademik litsey bitiruvchilari universitetga suhbat asosida qabul qilinishi mumkin

    Ta'lim 11 Iyun 2021 1916

    “Toshkent davlat yuridik universiteti qoshidagi akademik litseyning bitiruvchilari Toshkent davlat yuridik universitetiga yakka tartibda suhbat oʻtkazish orqali oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyruq Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazildi (roʻyxat raqami 3308, 09.06.2021-y.).

    Nizomga koʻra, TDYUU bakalavriatiga abituriyentlar qabul parametrlaridan tashqari TDYUU tomonidan belgilanadigan oʻrinlar soniga mos ravishda qabul qilinib, toʻlov-kontrakt asosida oʻqiydi.

    Oʻqishga qabul qilish suhbat natijalariga koʻra reyting tizimi boʻyicha toʻplangan ballar asosida amalga oshiriladi.

    Bunda har yili 10-iyundan kechikmasdan maxsus komissiya tashkil etiladi.

    Bitiruvchilar har yili 20-iyundan kechikmasdan maxsus komissiyaga tavsiyanoma berishni soʻrab ariza bilan murojaat qiladi.

    Maxsus komissiya faqat komissiya tashkil etilgan tegishli oʻquv yili bitiruvchilarining arizalarini koʻrib chiqadi (20-iyundan boshlab 5 ish kunidan oshmagan muddatda).

    Nizomga koʻra, har yili 1-iyuldan kechikmasdan suhbat komissiyasi tuzilib, yakka tartibdagi suhbat har yili 10-20-iyul kunlari oʻtkaziladi.

    Suhbat natijalari reyting tizimi boʻyicha abituriyentga qoʻyilgan (0 dan 100 gacha oraliqdagi) ballar asosida aniqlanadi.

    Suhbat jarayoni va natijalarini qayd etishda video va audioyozuvlardan foydalaniladi.

    Natijalar TDYUU rasmiy veb-saytida suhbat oʻtkazilgandan soʻng keyingi ish kunida eʼlon qilinadi.

    TDYUU bakalavriatiga abituriyentlarni qabul qilish uchun yakka tartibdagi suhbatni qayta oʻtkazishga yoʻl qoʻyilmaydi.

    Akademik litsey tomonidan berilgan tavsiyanoma ikki yil davomida amal qiladi.

    ▫️ Mazkur tartib rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.