Yuridik taʼlimda kutilayotgan shu va boshqa oʻzgarishlar haqida yoshlarni universitet rektori Rahimjon Hakimov xabardor qildi.

Onlayn muloqot chogʻida rektorat vakillari bilan bir qatorda, fakultet dekanlari ham ishtirok etib, talabalarning savollariga atroflicha javob berdi.

Taʼkidlanganidek, TDYUUda Yevropa kredit tizimiga oʻtilayotgani taʼlim sifatini oshirishga xizmat qiladi. Mazkur tajriba koʻpgina mamlakatlarda oʻzini oqlagan. Unga koʻra talabalarga mutaxassislik fanlari chuqur oʻqitiladi va mustaqil taʼlimga keng (60 foizgacha) oʻrin beriladi. Oʻquv predmetlari va professor-oʻqituvchilarni esa oʻzingiz tanlashingiz mumkin. Rahimjon Hakimovning soʻzlariga qaraganda, universitetda amaliyot tizimi ham isloh etildi. Endilikda 1-kursdan Yuridik klinikada amaliyot oʻtash hamma uchun majburiy etib belgilangan.

Yana bir muhim yangilik. Sentyabr oyidan TDYUUda talabalar bilimini baholash jarayoni deyarli toʻliq avtomatlashtiriladi. Shu maqsadda “Elektron universitet” platformasi ishga tushirilmoqda. Mazkur tizimda har bir talabaning shaxsiy kabineti ochilib, qaysi fandan qancha ball toʻplaganidan tortib, nazorat ishlari va kontrakt toʻlovidagi qarzdorligigacha aks ettiriladi. Bu, oʻz navbatida, talabalarning fanlardan oʻzlashtirish koʻrsatkichlarini shaffoflashtirish hamda taʼlim jarayonida korrupsiyaning oldini olishga yordam beradi.

Yangi tartibga muvofiq, TDYUUda 4-kurslarning hammasi ham diplom ishini yozmaydi. Bunday huquq umumiy oʻzlashtirish koʻrsatkichi 71 balldan yuqori boʻlgan talabalargagina beriladi. Qolganlar, davlat imtihonlarini topshirish bilan cheklanadi, xolos.

Toshkent davlat yuridik universiteti yurtimiz oliy oʻquv yurtlari orasida birinchilardan boʻlib Talabalarga xizmat koʻrsatish markazi faoliyatini yoʻlga qoʻymoqda. Natijada talabalar turli xat-hujjatlarni olish, rasmiylashtirish va taqdim etish uchun ortiqcha vaqt sarflamaydi. Barcha xizmatlarni maksimal ravishda elektron tizimga oʻtkazish koʻzda tutilgan.

Rahimjon Hakimov shu kunlarda internet tarmogʻida qizgʻin munozaralarga sabab boʻlgan kontrakt summasini kamaytirish masalasiga ham oydinlik kiritdi. “Hozirda bazaviy toʻlov-shartnoma pulining 10 foizi miqdorida chegirma taqdim etish imkoniyatini koʻrib chiqyapmiz, — dedi rektor. — Bundan tashqari, universitet kontrakt toʻlashga qiynalayotgan nogironligi bor, kam taʼminlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalarga 4 million soʻmgacha bir martalik moddiy yordam koʻrsatishga tayyor. Yana bir gap. Bilasiz, koronavirus pandemiyasi tufayli sentyabr oyida universitetda oʻqish toʻliq masofaviy shaklda tashkil qilinadi. Kompyuteri yoʻq talabalar fakultetlarga chiqsin. Ularga texnikani oʻzimiz yetkazamiz. Internet muammosini ham har bir tuman kesimida imkon qadar hal qilib beryapmiz. Buning uchun Davlat xizmatlari agentligining hududiy boʻlimlari resurslaridan foydalaniladi”.

Muloqot davomida talabalar rektorga koʻplab savol va takliflar bilan murojaat qildi.

Toshkent davlat yuridik universiteti

Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boʻlimi