Mamlakatimiz rahbarining 2020-yil 29-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasida yuridik taʼlim va fanni tubdan takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmonida TDYUU rahbariyati byudjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan iqtidorli talaba hamda oʻquvchilarni ragʻbatlantirishi mumkinligi qayd etilgan.
Shunga koʻra endilikda talaba va oʻquvchilar yillik stipendiya yoki toʻlov-shartnoma pulining 50 foizini qoplash imkonini beradigan grant sohibiga aylanishi mumkin. Xoʻsh, buning sharti qanday?
Avvalo, nomzodlar aʼlo baholarga oʻqishi va chet tilini puxta bilishi, shuningdek, Yoshlar ittifoqining universitetdagi boshlangʻich tashkiloti tavsiyanomasiga ega boʻlishi kerak. Tanlov jarayonida ularning ijodiy, ijtimoiy va intellektual tanlovlar, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, jamoat ishlaridagi faolligi ham inobatga olinadi.
Stipendiya va grantlar uchun tanlov ikki bosqichda oʻtkaziladi. Talabgorlarning hujjatlari maxsus komissiya tomonidan koʻrib chiqiladi.
Tanlov haqidagi maʼlumotlar universitetning rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali berib boriladi.
Gʻoliblar roʻyxatini respublika ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilish koʻzda tutilgan.
Toshkent davlat yuridik universiteti
Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boʻlimi