TDYUUning 30 yilligi keng nishonlanadi

    Ta'lim 22 Fevral 2021 4588

    Vazirlar Mahkamasining 1991-yil 15-avgustdagi qaroriga muvofiq Toshkent davlat yuridik instituti tashkil etilgan va u 2013-yilda Toshkent davlat yuridik universitetiga aylantirilgan. Joriy yilda oliy taʼlim muassasasi tashkil topganiga 30 yil boʻladi.

    Shu munosabat bilan Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining “Toshkent davlat yuridik universitetining 30 yilligini nishonlash toʻgʻrisida”gi buyrugʻi imzolandi.

    Prezidentimizning 2020-yil 29-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasida yuridik taʼlim va fanni tubdan takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Farmonida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida joriy yilda “Universitetim — faxrim, iftixorim!” shiori ostida Toshkent davlat yuridik universitetining 30 yillik yubileyi keng nishonlanadi.

    TDYUUning yuridik taʼlim tarixi va taraqqiyotidagi oʻrni, uning nafaqat respublikamiz, balki mintaqamizda ham zamonaviy yuridik oliy taʼlim muasssasasi sifatidagi beqiyos ahamiyatini xalqimiz, jamoatchilikka kengroq targʻib qilish hamda universitetning 30 yilligini munosib nishonlash, huquqshunoslik kasbini tanlagan yoshlarga milliy yuridik taʼlimga boʻlgan muhabbat va qiziqishni, faxr va iftixor tuygʻusini yana-da oshirishga qaratilgan ushbu buyruqda yubileyga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha qator chora-tadbirlar belgilangan.

    Xususan, endilikda universitet talabalarining Vatan taraqqiyotiga daxldorlik hissi va zamonaviy yuridik taʼlimning istiqbollarini oʻzida qamrab olgan TDYUU madhiyasi yaratiladi.

    Shuningdek, “Toshkent davlat yuridik universitetiga 30 yil” koʻkrak nishoni taʼsis etilib, ushbu nishon bilan universitet faoliyati samaradorligini oshirishda oʻzining munosib hissasini qoʻshayotgan xodim va talabalar, hamkor tashkilotlar va jamoatchilik vakillari taqdirlanadi.

    Shu bilan birga yuridik fan va taʼlim rivojini, universitet tarixi va istiqbollarini oʻzida qamrab olgan hujjatli film va universitet albomi yaratiladi.

    Bundan tashqari, yuridik taʼlim sohasidagi tarixiy merov, asosiy qadriyatlar va yutuqlarni saqlash, targʻib qilish va namoyish etishga qaratilgan universitet muzeyi tashkil etiladi.

    Hujjatga koʻra, TDYUU faoliyati bilan bogʻliq turli tanlov va loyihalarni oʻtkazish, tadbirlar va uchrashuvlarga taniqli olimlar, maʼdaniyat va sanʼat arboblarinini jalb etish, xalqaro hamkor tashkilotlar vakillarini jalb etgan holda “Oʻzbekistonda yuridik taʼlim va fanning rivojlanish istiqbollari: milliy va xorijiy tajriba” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjumanni tashkil etish hamda universitetda yuridik taʼlimning 30 yilligi munosabati bilan “Yuridik fanlar axborotnomasi — Vestnik yuridicheskix nauk — Review of law sciences” ilmiy-amaliy huquqiy jurnalining maxsus soni chop etish rejalashtirilgan.

    Toshkent davlat yuridik universiteti
    Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boʻlimi