“Technoways” marafoni iqtidorli yoshlarni birlashtirdi

    Innovatsion texnologiyalarga qiziquvchi yoshlarga startap g'oyalarni innovatsion ishlanma holatiga keltirib, ularni tijoratlashtirishgacha bo'lgan jarayon to'g'risida zarur ma'lumotlar berildi.

    Qoʻqon universitetida ilk bor Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Innovatsiyalarni joriy qilish va texnologiyalar transferi milliy ofisi bilan hamkorlikda tashkil etilgan “TechnoWays” texnologik rivojlanish marafonining hududiy bosqichiga start berildi.

    10-iyunga qadar davom etgan marafonda Andijon, Fargʻona va Namangan viloyatlaridagi 16 ta oliy taʼlim muassasasining professor-oʻqituvchilari, iqtidorli talabalar, koʻngilli yoshlar, OAV va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

    Texnologik rivojlanish marafonida vodiydagi barcha oliy taʼlim muassasasidan bittadan jamoa tugallangan loyihalari bilan qatnashdi. Ishtirokchilar “3D prototiplashtirish”, “Mexatronika va Robototexnika”, “Dasturlash”, “Biotexnologiya”, “Oziq-ovqat sanoati”, “ VR va AR”, “Muqobil energiya” va “Mashinasozlik” yoʻnalishlari boʻyicha guruhlarga boʻlinib, interaktiv seminar-treninglar, taqdimot mashgʻulotlarida qatnashdi.

    Marafon doirasida hududiy loyihalar koʻrgazmasi tashkil etildi. Unda professor-oʻqituvchilar, talabalar va oʻquvchilar ham innovatsion, texnologik, ilmiy, startap loyiha va ishlanmalari bilan ishtirok etdi. Hududiy innovatsiyalar koʻrgazmasida saralab olingan ishlanma mualliflari Innovatsiyalarni joriy qilish va texnologiyalar transferi milliy ofisi tomonidan har yili kuz faslida oʻtkaziladigan “InnoWeek” innovatsion gʻoyalar haftaligida ishtirok etish imkoniyatini qoʻlga kiritdi.

    Texnologik rivojlanish marafoni doirasida tajribali spikerlar tomonidan maʼruza va treninglar tashkil etildi. Jumladan, OTMlarning ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektorlari uchun seminarlar, tajribali spikerlar tomonidan gʻoyani startapgacha shakllantirish boʻyicha mahorat darslari oʻtkazildi.

    — Yurtimizda startap sohasi endi rivojlanayotgani sababli yoʻl-yoʻriqlari, tartib-qoidalari va talablari borasida yoshlarimiz hali mukammal bilimga emas, — dedi Innovatsion rivojlanish vazirligi boshqarma boshligʻi Azizbek Ilhomov. — Natijada moliyalashtirishga topshirilgan startap loyihalar chuqur oʻrganilmaydi. Bozorda bu mahsulotga talab bor-yoʻqligi haqida yetarlicha maʼlumot va tahlillar keltirilmaydi. Keyin esa olingan mablagʻ ishlab chiqarishga sarflanadi. Mahsulot tayyor boʻlgandan soʻng esa bozorda unga kutilgan darajada ehtiyoj boʻlmaydi. Biror mahsulot ishlab chiqarishdan oldin unga nisbatan bozor tayyorligini bilish uchun uni MVP tarzda tayyorlab olish lozim.

    Innovatsion texnologiyalarga qiziquvchi yoshlarga startap gʻoyalarni innovatsion ishlanma holatiga keltirib, ularni tijoratlashtirishgacha boʻlgan jarayon toʻgʻrisida zarur maʼlumotlar berildi.

    Shuningdek, marafon doirasida qiziqarli sayohatlar ham tashkil etildi. Xususan, talaba-yoshlar uchun Qoʻqon shahridagi tarixiy obidalardan biri — Xudoyorxon oʻrdasi bilan tanishish imkoniyati yaratildi. Tashqi qalʼa, oʻrta saroy, bogʻ va ichki saroylardan iborat boʻlgan yirik saroy inshootining bunyod etilish tarixi haqida maʼlumotlar berildi. “Indorama Kokand Textile” Oʻzbekiston-Hindiston qoʻshma korxonasiga sayohat davomida yoshlar amaliy bilim va koʻnikmalarga ega boʻldi.

    Toʻrt kun davom etgan mazkur marafonda talabalar katta ishtiyoq bilan qatnashdi va oʻzlari yaratgan ilmiy gʻoya, startap loyihalar taqdimotini oʻtkazdi.

    Shuningdek, besh muhim tashabbusdan biri – yoshlarni jismoniy chiniqtirish, ular orasida sport tadbirlarini yana-da kengroq ommalashtirish va sogʻlom turmush tarzini targʻib qilishga qaratilgan tadbirlar oʻtkazildi. Jumladan, kibersport bellashuvlari, futbol, voleybol, basketbol, badminton, stol tennisi boʻyicha musobaqalar yoshlar faolligi ostida oʻtdi.

    Marafonning oxirgi kuni ishtirokchilar topshirilgan loyihalar saralanib, mutaxassislar tomonidan oʻrganib chiqildi. Gʻoliblarga innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov mukofotlarni topshirdi.