Tehron shahrida Oʻzbekiston va Eron oʻrtasida Hukumatlararo komissiya yigʻilishi oʻtkaziladi

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Eron Islom Respublikasi Prezidenti Masʼud Pezeshkiyon 1-aprel kuni telefon orqali muloqot qildi.

    Muloqotda ikki davlat rahbarlari bir-birlarini va mamlakatlarimizning doʻst xalqlarini bahor ayyomi Navroʻz va muborak Ramazon hayiti — Iyd al-Fitr bilan samimiy qutlab, tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladi.

    Qabul qilingan «yoʻl xaritasi« asosida koʻp qirrali Oʻzbekiston-Eron munosabatlarini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari atroflicha koʻrib chiqildi.

    Turli darajalarda faol muloqotlar va tashriflar davom etayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

    Oʻzaro savdo va yuk tashish koʻrsatkichlari, qoʻshma korxonalar soni oshmoqda, poytaxtlar oʻrtasida muntazam toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlar amalga oshirilmoqda, ishbilarmonlik va madaniy-gumanitar almashinuv kengaymoqda.

    Kimyo va neft-kimyo tarmoqlari, toʻqimachilik va oziq-ovqat sanoati, qishloq xoʻjaligi, qurilish materiallari tarmogʻi va boshqa yoʻnalishlardagi kooperatsiya loyihalarini qoʻllab-quvvatlash va jadal amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.

    Tehron shahrida oʻtkazilishi rejalashtirilgan Hukumatlararo komissiya yigʻilishi, biznes forumi va sanoat koʻrgazmasini samarali tashkil etish muhimligi taʼkidlandi.

    Oʻzbekiston va Eron yetakchilari xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.